Oliy taʼlim taraqqiyot lokomotiviga aylana oladimi?

19:27 27 Fevral 2019 Jamiyat
651 0

Illyustrativ foto

Taʼlim bir vaqtning oʻzida inson kapitalini rivojlantirishning ham ustqurmasi, ham omili, ham vositasi rolini bajaradiki, u ezgulikning yovuzlik ustidan gʻolib chiqishiga imkon beruvchi manbadir. Taʼlim sifatining joriy holati esa mamlakat gullab-yashnashining hamda xalq farovonligining indikatori hisoblanadi.

Oʻzbekistonda milliy taʼlim sohasi rivoji yangi bosqichga koʻtarildi. Mamlakatimizda milliy taʼlimni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish muammolarini tizimli-innovatsion yondashuv bilan hal etishga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yoʻnalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy taʼlim tizimini yaratishga qaratilgan keng koʻlamli ishlarni alohida eʼtirof etmoq joiz.

Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga mos holda, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishga xizmat qilyapti.

Qarorga koʻra, oliy taʼlim tizimini 2017 — 2021 yillarga moʻljallangan kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladigan moliyaviy mablagʻlar 1,7 trillion soʻmlikdan ziyod boʻlib, uning 500 milliard soʻmlikdan ortigʻini taʼlim dargohlarini oʻquv-laboratoriya uskunalari, mebel va inventar bilan taʼminlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga sarflanishi koʻzda tutilgan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan jamiyatni axborotlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini hayot faoliyatining barcha sohasiga keng koʻlamda tatbiq etish, jumladan, taʼlim sifatini taʼminlashda zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan hamda xorijiy tajribaning ilgʻor yutuqlaridan samarali foydalanish masalalariga katta eʼtibor bilan qaralmoqda.

Bugungi kunda zamonaviy axborot texnologiyalari taqdim etayotgan qulayliklar taʼlim islohotlarini olib borishda aholi turli qatlami vakillarining ishtirokini ham taʼminlayotir. Bu esa taʼlim tizimi isteʼmolchilarining talab va takliflarini toʻlaqonli inobatga olishga, koʻzlangan maqsad uchun toʻgʻri yoʻl tanlashga va strategik qarorlar qabul qilishga koʻmaklashyapti.

Shu oʻrinda aytish joizki, mamlakatimizdagi milliy taʼlim tizimi islohotlari, jumladan, taʼlim sifatini taʼminlash ustuvor yoʻnalish deb belgilanayotgan davrda oliy taʼlim tizimining samarali meʼyoriy-huquqiy asoslari yanada takomillashtirilayotganiga hammamiz guvoh boʻlib turibmiz.

Oliy taʼlim sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar yaqin kelajakda mamlakatimizni intellektual salohiyati yuqori, yalpi milliy mahsulotning jon boshiga ulushi yuqori, inson kapitali indeksi yuksak boʻlgan davlatlar qatoriga olib chiqishiga ishonchimiz komil.

Akramjon Karimov, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?