Oliy taʼlim muassasalarida 13 mingdan ziyod talabalik oʻrni boʻsh qoldi

11:49 31 Avgust 2018 Jamiyat
498 0
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Milliy matbuot markazida “Jamiyat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlari va xalqaro standartlar talablariga mos oliy taʼlim tizimini yaratish” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tadbirda taʼlim tizimiga joriy etilayotgan yangiliklar va sohaga oid qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Bu haqda “Maʼrifat” gazetasi saytida maʼlum qilindi.

Tadbirda oliy taʼlim muassasalariga qabul boʻyicha bu yilgi test sinovlari natijalari sarhisob qilindi. Maʼlumot berilishicha, joriy yilda qishloq xoʻjaligi texnikasi, irrigatsiya va melioratsiya, ishlab chiqarishlar texnologiyasi taʼlim sohalari boʻyicha hujjat topshirgan abituriyentlar soni kamaygan.

Jurnalistika va axborot texnologiyalari, veterinariya taʼlim sohalari boʻyicha esa oʻsish kuzatilgan. Hujjat topshirgan 679 979 nafar abituriyentning 622 030 nafari zamonaviy axborot texnologiyalari asosidagi shaffof test sinovlari jarayonida ishtirok etgan. Sinov natijalariga koʻra, respublika boʻyicha oʻrtacha oʻtish koʻrsatkichi davlat granti asosida 123 balni, toʻlov-kontrakt asosida 101,9 balni tashkil etgan.

Sogʻliqni saqlash, pedagogika, qishloq xoʻjaligi va veterinariya taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha hududlar kesimida tasdiqlangan maqsadli qabul kvotalari doirasida 2 214 nafar abituriyent oʻqishga tavsiya etildi. Navoiy viloyatining olis Tomdi, Konimex va Uchquduq tumanlaridan 74 nafar abituriyent qoʻshimcha grant asosida oʻqishga qabul qilindi.

Joriy oʻquv yili uchun ajratilgan 13 mingdan ziyod kvota boʻsh qoldi. Sababi, davlat grantiga kirish uchun abituriyent 68 ball, toʻlov-kontrakt boʻyicha 56,7 dan yuqori ball yigʻishi kerak. Qaysidir oʻrinlarda mana shu oʻtish balini toʻplagan abituriyentlar soni kam boʻldi. Shu bois, belgilangan 82 900 nafar oʻringa 69 516 nafar abituriyent oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga tavsiya qilindi. Alohida iqtidor talab qilinadigan taʼlim yoʻnalishlarida 8 909 ta oʻrin uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkazildi.

Tadbirda oliy taʼlim muassasalariga xorijiy fuqarolarni qabul qilish haqida ham maʼlumot berildi. Xorijiy fuqarolarni kvotalardan tashqari, suhbat asosida test sinovlarisiz oʻqishga qabul qilish tartibi joriy etilishi natijasida joriy oʻquv yilida 1924 nafar xorijiy fuqaro oʻqishga qabul qilindi.

Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlim tizimida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, ularning akademik ilm-fan, ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda.

— Yangi oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlimda talabalar oʻzlashtirishini baholash tizimi takomillashtiriladi, — dedi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Odil Abdurahmonov. — Talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli usullari, jumladan, pedagogning yakuniy nazorat jarayonidagi ishtirokini istisno etadigan tizim joriy etiladi. Yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari optimallashtiriladi va asosiy eʼtibor bitiruv-malakaviy ishlari yoki mutaxassislik fanlaridan davlat imtihoniga qaratiladi.

Vazirlik tomonidan xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 8 ta filial, 22 ta qoʻshma fakultet, 46 ta ikki tomonlama qoʻshma dasturlarni amalga oshirish orqali kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Matbuot anjumanida oliy taʼlim muassasalari rahbar xodimlari va professor-oʻqituvchilarining ish haqi oshirilgani, ilm-fan va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan ishlar haqida ham soʻz yuritildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?