Oliy taʼlim bugungi kun talablariga javob berayaptimi?

14:59 30 May 2019 Jamiyat
375 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 24-may kuni ilm-fan namoyandalari bilan boʻlgan uchrashuvda bildirgan fikrlari yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi Fan arbobi Gʻ.I.Muhamedovning fikrlari:

Oliy taʼlim bugungi kun talablariga javob berayaptimi? Nima uchun ilm-fan va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratib berishi kerak boʻlgan oliy taʼlim muassasalari oʻz vazifalarini yetarli darajada bajara olishmayapti? Kimlar yoki nima bunga xalaqit berayapti? Sohadagi muammolarni hal qilishning yechimi qanday? Biz oliy taʼlim tub islohotini nimadan boshlashimiz kerak va undan koʻzlangan asosiy maqsad nima boʻlishi kerak? Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ilm-fan namoyandalari, Oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamda iqtidorli talabalar bilan boʻlgan muloqoti aynan ushbu prinsipial masalalarni ochiq-oshkor oʻrtaga tashlash va yechimlarning umumiy konturlarini belgilashga bagʻishlandi.

Bugungi kunda bir narsa oydinlashib qoldi: nafaqat “kosmetik”, hatto uncha-muncha jiddiy sanaladigan “joriy taʼmirlash” bilan ham oliy taʼlim, jumladan, oliy pedagogik taʼlimni isloh qilib boʻlmaydi. Oliy taʼlimning bosh gʻoyasini, aytish mumkinki, falsafasini oʻzgartirish kerak. Oliy taʼlimga yondashuvni, undan koʻzlangan maqsadlarni tubdan oʻzgartirish, yondashuvni maqsad bilan uygʻunlashtirish kerak. Buning esa, bizningcha, ikki asosiy ustuvor yoʻnalishi bor: ichki va tashqi integratsiyaga erishish.

Ichki integratsiya – ham oliy taʼlim muassasalari aro, ham sohalar kesimida, ham sohada faoliyat yurituvchi olim va mutaxassislar oʻrtasida uzviy, uzluksiz, doimiy aloqadorlikni taʼminlash, bir joyda boʻlayotgan oʻzgarish va yangiliklar bilan boshqa joyda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni tezkor xabardor qilish va erishilgan ilmiy natijaning keng miqyosdagi aprobatsiyasini amalga oshirishdir. Tashqi integratsiya esa oʻz qobigʻimizda oʻralashib qolmasdan har bir fan yoʻnalishi, sanoat sohasi boʻyicha rivojlangan mamlakatlardagi ahvolni yaqindan bilish, fikr almashish va shu yoʻl bilan qadamlarimizni rivojlangan dunyo bilan rostlashdir. Har ikki sohada ham kamchiliklarimiz talay ekanligi bugungi kunda ayon boʻlib qoldi.

Hozirgi dunyo ilm-fani va taʼlimining rivojlanishini kuzatadigan boʻlsak, uning tor ixtisoslik tomonga yoʻnalganligini koʻrishimiz mumkin, yaʼni hozirgi rivojlanish va raqobatga dosh berish uchun, yuzaki qaraganda har tomonlama bilimga egadek koʻrinadigan, aslida esa har sohadan bir shingil biladigan chalasavodlar emas, bir sohani juda chuqur biladigan, shu sohaga javob bera oladigan, sohadagi muammolar bilan besh barmoqday tanish tor soha mutaxassisi kerak.

Keyingi dolzarb va ogʻriqli masala – erishilgan ilmiy, amaliy va innovatsion natijalarni talabalar auditoriyasiga olib kirish, ilm-fan va taʼlim oʻrtasidagi aloqa tezkorligi va muntazamligini oshirishdir. Yashirishdan foyda yoʻq: bugungi kunda ilm-fan va taʼlim oʻrtasidagi uzilish juda katta. Buning yechimi esa tizimli islohotlar oʻtkazish: respublikadagi ilm-fan uchun masʼul boʻlgan tuzilmalarni taʼlim, xususan, oliy taʼlim bilan birlashtirishning taʼsirli mexanizmlarini topish kerak. Gap ularni optimallashtirish haqida ham borishi mumkin. Taʼlimning hozirgi kunda uchga: maktabgacha, oʻrta maktab va oliy taʼlimga boʻlinib qolganligi, ular oʻrtasida muvofiqlikni taʼminlash har doim ham koʻngildagidek kechmayotganligini ham tan olishimiz kerak. Fan va taʼlim jarayonining toʻrt asosiy ishtirokchisi: Fanlar akademiyasi, Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi va Oliy taʼlim vazirliklari oʻrtasidagi uzluksiz aloqadorlikni taʼminlashning yoʻlini topish kerak.

Oliy taʼlim, professor-oʻqituvchi va ilm-fan oldidagi byurokratik toʻsiqlarni olib tashlash kerak. Professor-oʻqituvchi oldiga faqat ikki talabni: ilm va sifatli dars oʻtish talabini qoʻyish kerak, vassalom.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻzlarining qator chiqishlari, nutq va maʼruzalarida ham, kechagi uchrashuvda ham hozirgi kunda biz uchun oddiy rivojlanish gʻoyalarining yetarli emasligini, aynan innovatsion, “yorib oʻta oladigan” gʻoyalargina ahvolni oʻnglashi mumkinligini qayta-qayta taʼkidlamoqdalar. Boshqacha aytganda, shunchaki yengil usullar bilan ahvolni oʻnglash mushkul, hatto imkonsiz, bizga hozir ilmiy, taʼlimiy jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotga taʼsir qiladigan darajadagi tub oʻzgarishlar zarur. Bir soʻz bilan aytganda, bizga hozirgi kunda ilm-fan va taʼlimni yaxlit qamrab oladigan birlashtiruvchi bir gʻoya kerak, fan va taʼlim ishtirokchi subyektlari oʻrtasidagi muntazam va uzviy aloqadorlikni, soʻnggi mahsulot – ilmiy, innovatsion natijalar va ilmiy-pedagogik kadrlarning nafaqat ichki bozorda, jahon miqyosida ham bozorgirligini, tijoriylashuvini taʼminlay oladigan tizim zarur. Men Prezident bilan uchrashuvdan ushbu muhim xulosalarni oldim. Eng ahamiyatli tomoni ochiq-oshkora va samimiy ruhda oʻtgan mazkur muloqotda ilm-fan, taʼlim-tarbiya hamda isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi mavjud muammolarning yechimi boʻyicha umumiy gaplar emas, balki aniq, maqsadli, foydali va manfaatli yechimlar taklif etildi, 2020-2030-yillarga moʻljallangan Konsepsiyani ishlab chiqish zarurligi haqida aniq tavsiyalar berildi.

Uchrashuv men uchun istiqbolda pedagogik taʼlimni yanada rivojlantirish boʻyicha yangi gʻoya, tashabbus va innovatsiyalarni rivojlantirishda yangi fikrlar berdi. Buning uchun esa birinchi navbatda barchamizning ­ ziyolilar, taʼlim sohasi xodimlarining dunyoqarashi va tafakkuri oʻzgarishi kerakligi zaruriy shartlardan biridir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?