Oliy sud raisining sayyor qabuliga 97 yasharli oqsoqol nega borgan edi?

12:32 10 Mart 2019 Jamiyat
882 0

Foto: muallif olgan surat.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Andijon shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Kamilov ishtirokida sayyor qabul boʻlib oʻtdi. Unda murojaat qiluvchilar oʻzlarining fuqarolik, jinoyat, maʼmuriy va iqtisodiy sudlarga oid soʻrovlari bilan qatnashdilar.

Andijon shahrida yashovchi Tohirjon Abdugʻazizov farzandi Doniyorbek Abdugʻazizov masalasi yuzasidan Oliy sudga murojaat qilgandi. Uning maʼlum qilishicha, farzandi 2016-yilning mart oyidan sentabr oyigacha boʻlgan muddat ichida 24 nafar shaxsning internetdagi login parolini buzib kirgan va ularga tegishli boʻlgan 4 million 471 ming soʻmlik megabaytdan oʻz manfaati yoʻlida foydalangan. Natijada unga nisbatan qamoq jazosi tayinlangan. Sayyor qabulda mahbusga insonparvarlik tamoyili qoʻllanilib, jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudida jinoyat ishi qayta koʻrib chiqildi.

— Jazoni ijro etish muassasasida olib borilgan axloqiy-tarbiyaviy mashgʻulotlardan soʻng oʻzimga tegishli xulosa chiqardim, — deydi Doniyorbek Abdugʻazizov. — Bugungi sud majlisida esa yetkazilgan moddiy zarar toʻla qoplanganligi, hali yoshligim va boshqa jihatlar inobatga olinib, jazoning qolgan qismi bekor qilindi va sud zalida qamoqdan ozod etildim. Bundan buyon toʻgʻri yoʻldan adashmaslikka soʻz beraman.

Foto: muallif olgan surat.

 

— Yoshim 97 da, — deydi Andijon tumanining Mehnat koʻchasi, 109-uyda istiqomat qiluvchi Homidjon ota Musayev. — Shu yoshimda bunday qabullarda qatnashaman, deb sira oʻylamagandim. Hamma gap shundaki, oʻz nabiram 2008 yili uyimning 13 sotix qismini soxta hujjatlar asosida oʻzlashtirib olgan ekan. Buni ancha yillardan keyin bildim. Natijada toʻrt xoʻjalik yashash imkoni boʻlmagan eski uylarga koʻchib oʻtdik. Fuqarolik huquqimni talab qilib bormagan idoram qolmadi. Oliy sud raisi qabulida boʻlib, tegishli maslahatlarni oldim. Murojaatim tez kunlarda oʻrganib chiqilib, nohaqliklar barham topishiga ishonchim ortdi.

Murojaat qiluvchilar orasida minnatdorchilik bildirguvchilar ham koʻp boʻldi. Asaka tumanidagi Fayziobod mahallasida yashovchi Tohirjon ota Mamajonov bilan Najmiddin ota Egamberdiyev 2012-yildan buyon sud mahkamalariga murojaat qilganliklarini bayon etdilar.

— Biz istiqomat qilayotgan mahallada shaharsozlik ishlari amalga oshirilishi munosabati bilan uylarimiz buziladigan boʻldi, — deydi Najmiddin ota Egamberdiyev. — Biz rozi boʻldik va boshqa joyga koʻchib oʻtdik. Biroq uyimiz buzilganligi uchun toʻlanadigan mablagʻ oʻz vaqtida berilmadi. Oramizda kimdir ijara uyga koʻchib kirgan, kimdir shu toʻlov pulidan yangi uy barpo etishni rejalashtirgan edi. Natijada aksariyat aholi koʻchada qoldik. Va nihoyat, sud idoralariga qilgan murojaatimizdan soʻng 251 nafar fuqaroga toʻlanishi kerak boʻlgan mablagʻ undirib berildi.

Shu kuni 100 nafardan ortiq fuqarolar murojaatlari oʻrganib chiqildi. Ularning aksariyati ijobiy yechim topgan boʻlsa, ayrim yurtdoshlarimizga huquqiy koʻmak koʻrsatildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?