Oliy sud rahbariyati sayyor qabulida 13 nafar maxbus jazoni oʻtash joyidan muddatidan oldin ozod qilindi

12:00 15 Aprel 2019 Jamiyat
224 0

Oliy sud raisi oʻrinbosari X. Yodgorov va ishchi guruh aʼzolari 13 — 14 aprel kunlari Surxondaryo viloyatida boʻlib, Sherobod va Denov tumanlari hamda Termiz shahridagi Xalq qabulxonalarida fuqarolarni qabul qildi.

Oliy sud Matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, Sherobod tumanidagi sayyor qabulda 63 ta, Denovda 153 ta, Termiz shahrida 66 ta, jami 282 ta murojaat koʻrib chiqildi. Shundan 213 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish berildi, 6 ta murojaat joyida hal etildi. 40 ta ariza nazorat tartibida, 23 tasi oʻrganish uchun qabul qilindi. Shuningdek, 13 nafar maxbus jazoni oʻtash joyidan muddatidan oldin ozod qilinib, oilasi bagʻriga qaytarildi. Ahloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash va sinov muddatini oʻtayotgan 42 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan oldin ozod etildi.

Sayyor qabulda jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudi ish yurituvidagi ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanayotgan sudlanuvchi Abdullayev Jasurbek Gʻafur oʻgʻliga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 3 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, sud zalidan qamoqdan ozod etildi.

Jinoyatishlari boʻyicha Termiz tuman sudi ish yurituvidagi ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanayotgan sudlanuvchi Radjabov Baxtiyar Xolmuradovichga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilu 6 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, qamoqdan ozod etildi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha 11 nafar shaxs javobgarlikdan ozod qilinib, maʼmuriy ish tugatildi.

— Men Qiziriq tumani “Birdamlik” mahallasida istiqomat qilaman, — deydi Gulchehra Xoʻjaqulova. — Sayyor qabulga Fuqarolik ishlari boʻyicha Surxondaryo viloyati sudi qaroridan norozi boʻlib murojaat qildim. Qabulda meni tinglashib, Oliy sudga murojaat qilish huquqim tushuntirildi.

Sayyor qabulda fuqaro Salomat Aliboyeva Oliy sud rahbariyatiga tashakkurnoma bildirdi.

Oʻtkazilgan sayyor qabullar jarayonida “Farzand — omonat” video filmi namoyish etilishi va olib borilgan suhbatlar natijasida alohida yashayotgan 2 ta er-xotin yarashtirilib, oilasi tiklandi.

Oliy sud raisi oʻrinbosari X. Yodgorov tomonidan Sherobod va Denov tumani Xalq qabulxonalariga, Termiz shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyiga huquqiy adabiyotlar toʻplami sovgʻa qildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?