Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisida qanday qonunlar koʻrib chiqiladi?

11:03 19 Iyun 2019 Jamiyat
502 0

2019-yil 18-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev olib bordi.

Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisini joriy yilning 21-iyun kuni Toshkent shahrida chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimiz taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichida belgilangan maqsadlar va vazifalarni amalga oshirishga, barcha sohada olib ­borilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish ­yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilgan.

Yangi tahrirdagi ­“Turizm toʻgʻrisida”gi, “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi, “Qurol toʻgʻrisida”gi, “Xalqaro mehnat tashkilotining 1930-yildagi Majburiy mehnat toʻgʻrisidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnomani (Jeneva, 2014-yil 11-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.

Senatorlar tomonidan Sirdaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham eshitiladi.

Senat aʼzolari Istiqbolli turizm yoʻnalishida Oʻzbekiston xalqaro imidjini oshirish choralari toʻgʻrisida, Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida qonun hujjatlari ijrosi holati toʻgʻrisida hukumatga parlament soʻrovlari yuborish masalasini muhokama qiladilar, shuningdek, ilgari yuborilgan parlament soʻrovlari natijalarini koʻrib chiqadilar.

Yalpi majlisda Oʻzbekis­ton Respublikasi Oliy Majlisi Senatining va­kolatlariga taalluqli ­boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.

Oliy Majlis Senati qoʻmitalari va devonining yigirmanchi yalpi majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun ishchi guruh tuzildi.

Shuningdek, majlisda Kengash vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?