Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi 23-avgust kuni Toshkent shahrida ochiladi

12:05 19 Avgust 2019 Siyosat
185 0

2019-yil 19-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisini joriy yil 23-avgust kuni Toshkent shahrida chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida belgilangan maqsadlar va vazifalarni amalga oshirish, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilgan.

“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.

Senat aʼzolari Oliy Majlis byudjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi, saylov, xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi masalalarni ham koʻrib chiqadilar.

Shuningdek, senatorlar Xalqaro mehnat tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 81-sonli, qishloq xoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 129-sonli konvensiyalarini va boshqa xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish bilan bogʻliq Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini ham muhokama qiladilar.

Yalpi majlisda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti, ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining axborotlari, shuningdek Xorazm viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.

Senat aʼzolari boʻsh turgan, qurilishi tugallanmagan obyektlardan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishga doir qonun hujjatlari ijrosi holatini oʻrganish natijalari, shuningdek bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari holati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish toʻgʻrisidagi masalalarni ham muhokama qiladilar.

Oliy Majlis Senati qoʻmitalari va devonining yigirma birinchi yalpi majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun ishchi guruh tuzildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?