Oliy Majlis Senatida Tanzila Narbayevaning Valentina Matviyenko bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi

13:34 02 Oktyabr 2019 Jamiyat
98 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

2019-yil 2-oktyabr kuni Senatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Muzokaralarda qayd etilganidek, ikki davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat bermoqda. Xususan, oʻtgan ikki yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning siyosiy irodasi va qatʼiyligi tufayli Oʻzbekiston-Rossiya strategik va ittifoqchilik hamkorligini rivojlantirishda yangi bosqich boshlandi.

Valentina Matviyenko Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning tashriflari barcha darajalarda va yoʻnalishlarda oʻzaro teng hamkorlikni kengaytirish hamda chuqurlashtirishga kuchli turtki berganligini taʼkidladi.

Ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar munosabatlar surʼati tinimsiz oshib bormoqda. Bu ikki mamlakat manfaatlariga toʻliq javob beradi. Tomonlarning oʻzaro intilishi mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikka oʻzgacha amaliy mazmun bermoqda. Yuqori darajadagi yangi tusdagi muloqot, 2017 va 2018-yillarda davlat rahbarlari ishtirokidagi sammitlar oʻzaro ishonchli muhit yaratdi, ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yoʻnalishlariga kuch-gʻayrat baxsh etdi.

Keyingi vaqtda Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlararo muloqoti faollashgani taʼkidlandi. Faqatgina oʻtgan yilda parlament darajasida 10 dan ortiq turli oʻzaro tashrif amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi oʻrtasidagi samarali aloqalar Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligini, shu jumladan nufuzli xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi hamkorligini yanada rivojlantirishga va chuqurlashtirishga xizmat qilishiga urgʻu berildi.

Uchrashuvda Senat Raisi Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari oʻrtasidagi munosabatlar ikki tomonlama hamkorlikning yangi kun tartibi doirasida rivojlanayoganini taʼkidladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha komissiya muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda. Tomonlar Komissiyaning oʻtgan davrdagi samarali faoliyati yakunlariga ijobiy baho berdi. Hozirgi vaqtda hududlararo hamkorlikni rivojlantirishda Parlamentlararo komissiyaning rolini oshirish boʻyicha aniq maqsadga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.

Oʻzbekistonda boʻlajak saylov haqida soʻz borganda, Tanzila Narbayeva joriy yil 22-dekabrda boʻlib oʻtadigan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etish taklifini Federatsiya Kengashi va MDH Parlamentlararo assambleyasi vakillariga maʼlum qildi.

Uchrashuvda Senat va Federatsiya Kengashi oʻzaro munosabatlar doirasida hamkorlikning bir qator yoʻnalishlarini rivojlantirish taklif etildi. Davlat rahbarlari sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlament resurslaridan foydalanish, shuningdek ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan huquqiy bazani faol shakllantirish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati imkoniyatlaridan foydalanish taklif etildi. Shu bilan bir qatorda bundan buyon ham Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida uzviy parlamentlararo muloqotni taʼminlash zarurligi bildirildi. Islohotlarni huquqiy taʼminlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ikki tomonlama shartnomalar va bitimlarni ratifikatsiya qilish masalalarini jadallashtirish sohasida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish muhimligi ham taʼkidlandi.

2018-yil 18-20-oktyabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida hamkorlik boʻyicha birinchi hududlar forumi kabi hududlar anjumanlarida Senat va Federatsiya Kengashi aʼzolarining ishtirokini davom ettirish zarurligiga alohida urgʻu berildi.

Uchrashuv yakunlanganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining Tahliliy huquqiy boshqarmasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?