Oliy Majlis Senatida Rossiya delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

19:03 18 Oktyabr 2018 Siyosat
589 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Agrar, oziq-ovqat siyosati va tabiatdan foydalanish qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari S. Lisovskiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi doirasida oʻtkazilgan mazkur uchrashuvda strategik muhim yoʻnalishlardagi hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish dolzarbligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida yangilangan Bitim imzolandi.

Tadbirda turli sohalarda hamkorlik qilishni nazarda tutuvchi ikki tomonlama hujjatlarni ratifikatsiya qilishni tezlashtirish, uning monitoringini yuritish, parlamentlararo muloqot olib borish muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda parlament faoliyati sohasida tajriba almashish, xususan, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Rossiya parlamentining tahliliy boʻlinmalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Bu davlatlar oʻrtasida tahliliy axborot almashish, ikki mamlakat parlamentlari qonun ijodkorligi va ularning ijrosi ustidan nazorat faoliyati tajribasini tatbiq etish imkonini beradi.

Tomonlar ikki davlat rahbarlari ishtirokida Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida Hududlararo hamkorlik birinchi forumini oʻtkazish muhimligiga urgʻu berdilar. Forum Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hududlararo hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergani va ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyatidan samaraliroq foydalanish istiqbollarini belgilagani taʼkidlandi.

Yakunda parlamentlararo aloqalarni tegishli qoʻmitalar va doʻstlik guruhlari darajasida yanada faollashtirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish masalalari koʻrib chiqildi.

Suratlar muallifi: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?