Oliy Majlis Senatida elchilar hisobotlari eshitildi

20:01 12 Mart 2020 Siyosat
427 0

Xabar berganimizdek, bugun, 12-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan majlisida Yevropa mamlakatlaridagi Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning parlamentga joriy yil 24-yanvar kuni yoʻllagan Murojaatnomasidan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 20-yanvarda oʻtkazilgan birinchi majlisidagi nutqidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarga muvofiq oʻtkazildi.

Majlis ishida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev, Senat aʼzolari, respublikaning aloqador vazirliklari va idoralari rahbarlari hamda vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yevropa mamlakatlaridagi Oʻzbekiston diplomatik missiyalari rahbarlari tomonidan xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ijro etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, shu jumladan eksportni kengaytirishga, investitsiyalarni jalb qilishga va respublika hududlariga turistlar oqimini oshirishga qaratilgan aniq loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi hisobotlari taqdim etildi.

Oʻtkazilgan ochiq va maqsadli muhokamada diplomatik missiyalarning barcha masalalari va ustuvor vazifalari koʻrib chiqildi, ularning faoliyatiga tanqidiy baho berildi hamda xorijda respublikaning iqtisodiy manfaatlarini targʻib qilishdagi tizimli kamchiliklar koʻrsatib berildi.

Mamlakat hududlarida ayrim investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi kamchiliklarga alohida eʼtibor qaratildi.

Majlisda Oʻzbekistonning qator elchixonalari faoliyati kuchaytirilganligi qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim diplomatik missiyalari rahbarlarining faoliyatida jiddiy kamchiliklar va amaliy natijalar yoʻqligi qayd etildi.

Diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga batafsil tavsiyalar berildi va ular oldiga oʻz faoliyati natijadorligini oshirish boʻyicha aniq vazifalar qoʻyildi.

Majlis yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?