Oliy Majlis Senati: Yaqin va uzoq istiqboldagi faoliyatimizning bosh mezoni – xalq farovonligini yuksaltirishdir

14:57 04 Fevral 2020 Siyosat
308 0

Avvalambor, taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi mamlakatimizni nafaqat 2020-yilda, balki kelgusi besh-oʻn yilda rivojlantirishning strategik yoʻli, demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirishning dasturilamalidir. Eng muhimi, Murojaatnomada Oʻzbekiston uchun demokratik islohotlar yoʻli yakkayu-yagona va eng toʻgʻri yoʻl ekanligi dalillar bilan koʻrsatib berildi.

Shu maʼnoda, Murojaatnomani anglash, unda tilga olingan masalalarni toʻgʻri tushunish juda muhim.

Ushbu dasturilamal hujjatda, bundan avval esa Senatning birinchi majlisida, parlament palatalarining qoʻshma majlisida davlatimiz rahbari bugun jamiyatimizda olib borilayotgan yangilanish islohotlarini taʼminlashda jamoatchilik oʻrni va ahamiyatiga alohida urgʻu berdi.

Jamoatchilik deganda, birinchi navbatda, senatorlar va deputatlarning xalq vakillari sifatida yana-da tashabbuskor boʻlishlari taʼkidlandi. Chunki Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, biz yangi Oʻzbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulugʻvor maqsadni oʻz oldimizga qoʻyganmiz. Bu borada “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoya kundalik faoliyatimizga kiritilishiga alohida urgʻu berildi.

Shuning uchun senatorlardan mamlakatimizda kechayotgan islohotlarda shunchaki kuzatuvchi boʻlib chetda turish emas, aksincha, shu yangilanishlarning faol ishtirokchisi, tashabbuskori, parlament nazorati institutining muhim subyektiga aylanish talab etilmoqda. Ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan parlament va deputatlar nazoratini taʼminlash, xalq bilan muloqot jarayonlarida jamoatchilik nazorati mexanizmlari kundalik hayotda oʻz ifodasini topishi lozimligi muhimdir.

Avvalo, oʻz ish uslubimizni oʻzgartiramiz

Mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida parlament, xususan Senat oldiga ham zalvorli vazifalar yuklandi. Oliy Majlisning kelgusi besh yildagi faoliyatining pirovard maqsadi Hukumat bilan birgalikda xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat. Bunda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyilini amalda ishlashini taʼminlashga eʼtibor qaratamiz.

Binobarin, taʼkidlash joizki, Senatning asosiy vazifasi mamlakatimiz hududlari manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Shuni hisobga olgan holda islohotlarga hamqadam tarzda zarur qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni yangilab borish, mamlakatimiz hayotiga oid, jamiyatda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda fuqarolarning fikrlarini eʼtiborga olish diqqat markazimizda boʻladi.

Bundan tashqari, qulay investitsiya va biznes muhitini yaratish, islohotlar samarasi har bir hudud, tarmoq, mahalla, oila va har bir inson hayotida aks etishini taʼminlashga, shuningdek, tadbirkorlarga keng yoʻl ochish, “Har bir oila –tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlarning soʻzsiz ijrosini taʼminlashga ham eʼtibor qaratiladi.

Endilikda senatorlar faqat markazda emas, hududlarda koʻproq faoliyat olib borishadi. Bu vazifa joylardan saylangan senatorlarimizga ham, doimiy ish olib borayotgan Senat aʼzolariga ham qoʻshimcha masʼuliyat yuklaydi. Yuqori palataning har bir vakiliga hududlardagi shahar va tumanlar biriktirildi. Ular aholi bilan uchrashadi, xalq bilan muloqotda boʻladi, mahalliy Kengashlarning faoliyatini yana-da yaxshilashga harakat qiladi. Qolaversa, raqamli iqtisodiyotga oʻtish, zamonaviy va milliy iqtisodiyotning qiyofasini oʻzgartirish, uning samaradorligini oshirish borasidagi tadbirlarda ham faol ishtirok etadi.

Senatorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bittadan tuman yoki shahar Kengashi faoliyatini namunali tashkil etish choralarini koʻradi. Belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha natijalar har haftada Senat majlislarida muhokama etiladi.

Murojaatnomadan kelib chiqqan holda Senatning faoliyati ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib ijtimoiy sohani yana-da rivojlantirishga koʻmaklashish belgilandi. Parlament yuqori palatasi ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, aholini maktabgacha taʼlim va boshqa taʼlim muassasalariga jalb qilishni kengaytirish, ayniqsa, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bilan bogʻliq muammolarni oʻrganish masalalariga alohida eʼtibor qaratadi. Shu bilan birgalikda, madaniyat, sanʼat, turizm sohalarini rivojlantirish, milliy madaniy merosimizni asrash kabi masalalar senatorlar eʼtiborida boʻladi.

Shu oʻrinda, oʻtgan haftada Sirdaryo viloyatida boʻlib, mahalliy Kengashlar deputatlari bilan ochiq muloqotlar tashkil etilganini qayd etmoqchiman. Prezidentimizning Murojaatnomasida belgilangan vazifalar xususida fikr almashdik, ularni samarali ijro etish haqida ham kelishib oldik. Boshlanayotgan hafta davomida barcha senatorlarimiz mamlakat boʻylab ana shunday amaliy muloqotlar oʻtkazish uchun hududlarga yoʻl olishadi. Bunday jonli muloqotlarga asoslangan faoliyat xalq vakillarining doimiy ish uslubiga aylanadi.

Bu hali hammasi emas. Endilikda, oldimizga qoʻyilgan ustuvor vazifalar, yaʼni hududiy vakillik palatasi sifatida Davlat byudjeti loyihasini koʻrib chiqish va uning ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlash maqsadida Senat devoni tarkibida Davlat byudjeti boshqarmasi tashkil qilinadi.

Mazkur tuzilma, birinchi navbatda, ajratilayotgan Davlat byudjeti mablagʻlarining hududlar kesimidagi ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlashga qaratilgan faoliyatga koʻmaklashadi.

Senatorlar hamda deputatlar ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida hukumat, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlarini Oliy Majlis palatalarida muntazam eshitib borishi zarur, buning uchun tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Yuqori palata vakillari mamlakatimizda aholi turmush farovonligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yuzasidan olib boriladigan ishlarda ham yetakchilardan boʻlishi lozim. Ayniqsa, joriy yilda davlat dasturlari doirasida hamda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 500 mingta yangi ish oʻrni yaratishda, kasbga qayta tayyorlash orqali odamlarni munosib ish joyi bilan taʼminlashda har bir xalq vakilidan masʼuliyat bilan yondashish talab etiladi.

2020 — Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida, ayniqsa, bu boradagi ishlarimiz yangicha tus oladi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarning zamonaviy bilimlarini oshirishga eʼtibor qaratiladi. “Elektron hukumat” faoliyatini toʻliq yoʻlga qoʻyish, mahalliy ijro organlari kadrlarini Moliya, Iqtisodiyot, Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamda Statistika qoʻmitalarida malaka oshirishlarini taʼminlash, yangicha ish uslublarini joriy etib borish yuzasidan ham yillik rejalar belgilab olinadi.

Mahalliy Kengashlar faoliyati tubdan takomillashtiriladi

Soʻnggi davrda, ayniqsa, oxirgi uch yilda hududiy vakillik organlarining nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.

Mahalliy Kengashlarning vakolatlari tobora kengayib bormoqda, albatta, kelgusida ijro organi va vakillik organi faoliyatlarini takomillashtirish, davlat hokimiyati boʻlinish tamoyiliga toʻliq javob beradigan holatga olib kelish rejalashtirilgan. Hokimlarning mahalliy Kengashlarga rahbarlik qilishi amaliyotiga qonuniy chek qoʻyish shular jumlasidandir.

Ammo, bugungi kunda mahalliy Kengashlar faoliyati talabga javob bermayotgani, aholi muammolarini hal etishda ularning oʻrni sezilmayotgani Murojaatnomada alohida qayd etib oʻtildi.

Ular faoliyatidagi muammolar va kamchiliklarni tahlil qiladigan boʻlsak, birinchidan, bugungi kunda Kengashlar hududlardagi dolzarb masalalar yechimini topishda oʻz vakolatlaridan deyarli foydalanmayapti.

Sessiyalarni tashkil etish, tegishli masalalarni olib chiqish va muhokama qilishda deputatlarning hamda doimiy komissiyalarning oʻrni sezilmaydi. Aksariyat hollarda sessiyalar nomigagina oʻtkaziladi.

Shu bilan birga, deputatlik soʻroviga ijro hokimiyatining ayrim rahbarlari eʼtiborsizlik bilan qaramoqda. Oqibatda, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan masalalar hal etilmay qolyapti.

Murojaatnomada ilk marotaba Kengash soʻrovi institutini joriy etish taklifi kiritildi. Bu boʻyicha ham qonunchilikka oʻzgartirish kiritish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi.

Endi har oyda mahalliy Kengashlarda davlat organi rahbarlarining aholi murojaatlari bilan ishlash, qonun, farmon, qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan axborotlari eshitib borish va faoliyati qoniqarsiz deb topilgan rahbarlarga tegishli choralar koʻrish amaliyoti joriy etiladi.

Ishonchim komilki, mahalliy Kengashlarga vazirlik va idoralar hududiy tuzilmalari rahbarlarining oʻz lavozimiga loyiqligi yuzasidan taklif kiritish vakolatini berilishi ham ularning nazorat funksiyasini kuchaytirib, masʼuliyatini oshiradi. Eng muhimi, joriy yilda hokimlarning asosiy vazifalariga kirmaydigan vakolatlarini qisqartirish boʻyicha ish olib boriladi.

Muhtaram Prezidentimiz “Senator soʻroviga bepisandlik – bu xalqqa boʻlgan bepisandlik” deb alohida taʼkidladi. Senator – bu mahalliy Kengash deputati ekanligini nazarda tutadigan boʻlsak, bugungi kunda har bir hokim mahalliy Kengashga boʻlgan munosabatini tubdan oʻzgartirishi zarur.

Senatorlar bilan birgalikda mahalliy Kengashlar faoliyatini tubdan isloh qilish, aholining mavjud muammolari qay darajada hal etayotgani boʻyicha ijro organlari rahbarlari hisobotini parlament va mahalliy Kengashlarda muntazam eshitib borilishiga erishamiz.

Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning doimiy komissiyalari raislariga ustama haq toʻlash amaliyoti ham joriy etiladi.

Ushbu vazifalarni tizimli amalga oshirish maqsadida Senat tomonidan “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini toʻgʻri va samarali tashkil etish masalalari boʻyicha uslubiy qoʻllanma” ishlab chiqildi va barcha mahalliy Kengashlarga yetkazib berildi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda hokim mahalliy Kengashga oʻz faoliyatining “koʻzgu”si sifatida qarashi va hamkorlik qilishi lozim.

Ijtimoiy siyosat aholi manfaatlariga xizmat qiladi

Murojaatnomada Oʻzbekistonda ilk bora kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha aniq vazifalar ham belgilab berildi. Ushbu vazifalar Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambagʻallikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish, kambagʻallik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullarini qamrab olgan yangi metodologiyani yaratish kabilar bilan bogʻliq.

Kambagʻallikni bartaraf qilish uchun aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosat amalga oshirilishi zarur. Aholimizning oʻz qiziqishidan kelib chiqib hunarmandlik, chorvachilik, xizmat koʻrsatish sohasiga va boshqa shu kabi aniq yoʻnalishlarda faoliyat yuritishlarini ragʻbatlantirishga eʼtibor qaratiladi. Shu maqsadda aholi va tadbirkorlar uchun mikromoliya xizmatlarini koʻrsatish va moliyaviy resurslarga, davlat xaridlariga keng yoʻl ochib berish kabi masalalar ham Senat nazoratining obyektlariga aylanadi.

Mamlakatimizda gender siyosatini amaliyotga joriy etish masalasi ham ustuvor vazifa sifatida belgilanganligi aholimizning, butun dunyo hamjamiyatining eʼtiborini qaratmoqda. Shu oʻrinda, 2020-yilda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, muhtoj opa-singillarimizga manzilli yordam koʻrsatish asosiy faoliyat yoʻnalishlarimizdan biri boʻlib hisoblanadi.

Joriy yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes yoʻnalishidagi loyihalariga 100 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 1 ming 576 nafar xotin-qizga yangi uy-joylarga ega boʻlishi uchun byudjet hisobidan boshlangʻich badal toʻlab berladi. Bu kabi keng koʻlamli islohotlarda joylardagi senatorlar faol qatnashib, jamoatchilikka tadbirlarning mazmun-mohiyati va maqsadini tushuntirishda faollik koʻrsatishadi.

Xalqaro aloqalar va parlamentlararo munosabatlar yangi mazmun bilan boyitiladi

Milliy iqtisodiyotimiz rivojini taʼminlash masalalarida parlament rolini yana-da mustahkamlash, xalqaro parlamentar tuzilmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish yuqori palataning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biridir.

Bundan tashqari, parlamentlararo aloqalardan xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, turizmni rivojlantirish mexanizmlarini joriy etish, shuningdek parlament nazorati taʼsirchanligini kuchaytirish Senatning diqqat markazida boʻladi.

Xususan, davlatimiz rahbarining xorijiy mamlakatlarga tashriflari doirasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning samarali ijrosini, yaʼni toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarning oʻz oʻrnida, muvaffaqiyatli kirib borishini taʼminlash uchun zarur qonunchilik asoslarini yaratish ham pirovard maqsadlarimizdan boʻlib qoladi. Bundan tashqari, parlamentlararo aloqalarimiz orqali xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ularni oʻzlashtirish yuzasidan hamkorlik ishlari kuchaytiriladi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yilda MDHga raisligi davomida tashkilot doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirish masalasi yuqori palata zimmasiga ham alohida masʼuliyat yuklaydi.

Avvalo, MDH davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, erkin savdo zonalari toʻliq ishlashini taʼminlash, ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish va uchinchi mamlakatlar bozorini oʻzlashtirish, agrar soha, energetika hamda telekommunikatsiyalar tarmogʻidagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy, innovatsion, madaniy-gumanitar va taʼlim dasturlarini amalga oshirishda senatorlar ham faol ishtirok etadi.

Palatamiz tomonidan MDH Parlamentlararo assambleyasi, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi tuzilmalardagi faoliyat doirasida model qonun loyihalarini ishlab chiqish, ushbu tuzilmalarga aʼzo boʻlgan davlatlar parlamentlari bilan aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirishga eʼtibor qaratiladi.

Bunda milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq hamda puxta oʻylangan siyosatni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratishimiz muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, yuqori palataning xalqaro tashkilotlar bilan ham aloqalari tobora rivojlantiriladi. Mamlakatimizda BMTning 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan qatʼiy parlament nazorati oʻrnatiladi va Hukumat aʼzolarining ushbu masala yuzasidan tegishli hisobotlarini eshitish amaliyoti joriy etiladi.

Oliy Majlis Senati Raisi ayni vaqtda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi hisoblanadi. Komissiyaning asosiy vazifasi fuqarolarimiz uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ularning barcha sohalardagi huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni ham yuqori saviyada davom ettirib, tizimli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ustida muntazam ravishda tadbirlar olib borilmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, YEXHT, BMT Taraqqiyot dasturi kabi hamkorlarimiz va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan samarali loyihalar ishlab chiqish hamda amalga oshirish belgilangan.

Korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytiriladi

Prezidentimiz tomonidan “Halollik vaksinasi” degan iboraning tilga olinishi bejiz emas. Bu undov har birimiz uchun katta masʼuliyat, aslida. Oʻz ishiga nisbatan vijdonan yondashishning oʻzi halollik vaksinasining boshlanishi, nazarimda.

Joylarda korrupsiyaga qarshi kurashni yana-da kuchaytirishda senatorlar zimmasiga ham alohida zalvorli vazifalar yuklandi va bu yilgi ish rejamizda ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratildi.

Senatning birinchi yigʻilishida davlatimiz rahbari mamlakatimizda joriy yilda uchta soha, yaʼni, sogʻliqni saqlash, taʼlim va qurilish sohalarida korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan olib borilayotgan choralar qatʼiylashtirilishi xususida toʻxtalib oʻtgan edi. Senatorlar bu boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining axborotini eshitishni ham maqsad qildilar. Bundan tashqari, hududlarda korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan ishlar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Shu maqsadda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan yil davomida bir qator keng koʻlamli tadbirlar belgilab olindi. Bu kabi amaliy sayʼ-harakatlarimiz aholining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirish, mazkur illatni yoʻq qilish ustidan jamoatchilik nazoratini keskin kuchaytirishga qaratiladi.

Xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalar yana-da mustahkamlanadi

Oliy Majlis Senati – hududiy vakillik palatasi sifatida avvalo, hududlarimizning manfaatlarini himoya qilish bilan birga, xalqning ichiga kirib borish, uning muammolarini hal qilishda tashabbuskor boʻlishi talab etilmoqda. Shuning uchun ham, faoliyatimizda xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalar yana-da mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, aholi bilan sayyor uchrashuvlar, qabullar oʻtkazish, aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal qilish masalalari yillik ish rejamizda alohida belgilangan. Bunda mahalliy ijro organlari, tashkilot va muassasa rahbarlari, shuningdek, hududlardagi mahalliy Kengash deputatlarini jalb qilgan holda Senatga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan har bir masala yuzasidan qatʼiy choralar koʻriladi.

Senat faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan ishlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan keyin nafaqat yuqori palataning yalpi majlislarini onlayn efirga uzatish, balki qoʻmitalarimizda oʻtkaziladigan eshituvlarni ham toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilish ustida ish olib borilmoqda.

Faoliyati namunali yoʻlga qoʻyilgan mahalliy Kengashlarning yigʻilishlari ham xuddi shunday jonli tarzda keng aholiga yetkaziladi. Toki, odamlarimiz senatorlarning qonun ijrosi ustidan olib borayotgan nazorat tadbirlarini bilsin, koʻrsin, oʻz hududidan saylangan senatorlar va deputatlar tomonidan olib borilayotgan ishlardan xabardor boʻlishsin.

Jonajon yurtimiz yangi taraqqiyot bosqichiga shahdam qadamlar bilan kirib borar ekan, Oliy Majlis Senati milliy parlamentimizning siyosiy, huquqiy va madaniy salohiyatini amalda namoyon etadigan, xalq manfaatlarining chinakam ifodachisi, haqiqiy himoyachisi boʻlgan katta kuch sifatida oʻziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlaydi.

Tanzila NARBAYEVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?