Oliy Majlis Senati Raisi Janubiy Koreyada BMTning sobiq Bosh kotibi bilan uchrashdi

11:20 07 Avgust 2019 Jamiyat
141 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda Koreya Milliy Assambleyasi Spikerining taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Koreya Respublikasida boʻlib turibdi, deb xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.

Koreyaga tashrifning birinchi kunida Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi qator samarali uchrashuvlar oʻtkazdi.

Jumladan, Inchon shahrining meri Pak Nam Chun va “Inchon” erkin iqtisodiy zonasi komissari Li Von Je ishtirokidagi uchrashuv tashrif dasturining dastlabkisi boʻldi. Uchrashuv davomida tomonlar Inchon shahri meriyasi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyihalari va dasturlarini tayyorlash hamda targʻib qilishga intilayotgani taʼkidlandi.

Tashrif dasturi doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasining Yashil oʻsish global instituti prezidenti Pan Gi Mun bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda ekologiya va iqlim masalalari boʻyicha Oʻzbekiston va Koreya hamkorligini muvofiqlashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Orol dengizi bilan bogʻliq dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarini targʻib qilishni davom ettirish imkoniyatlari muhokama etildi.

Bunda asosiy eʼtibor Yashil oʻsish global instituti koʻrib chiqishi uchun topshirilgan loyihalarni amalga oshirishni boshlash maqsadida Oʻzbekistonning keyingi rejalariga, shuningdek mazkur Institutning Oʻzbekistondagi vakolatxonasini ochish imkoniyatlariga qaratildi.

Qayd etilishicha, Institut vakillarining Oʻzbekistonda bevosita boʻlishi ekologik sof texnologiyalar ishlab chiqish va joriy qilish, “yashil” iqtisodiyot prinsiplarini, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalarni kompleks joriy etish, choʻllanish va ekologik migratsiyaning oldini olish, shuningdek Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish maqsadida Yashil iqlim jamgʻarmasining, shuningdek boshqa jamgʻarmalarning moliyaviy mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha GGGI institutsional imkoniyatlarini oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Pan Gi Munni va uning jamoasini joriy yil 25-oktyabrda Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish boʻyicha BMT rahnamoligidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi aʼzolari Yashil iqlim jamgʻarmasi rahbariyati bilan ham uchrashdi. Qayd etilishicha, BMTning 2010-yil oxirida tashkil etilgan GCF jamgʻarmasi rivojlangan mamlakatlarning mablagʻlarini rivojlanayotgan mamlakatlarga yuboradi, ularga global iqlim isishi va suv toshqini, qurgʻoqchilik va normadan ortiq jaziramani yengib oʻtishda yordam beradi.

Butunjahon saylov organlari uyushmasi (BSOU) Bosh direktori Kim Deil bilan uchrashuvda BSOUning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan ikki tomonlama aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi BSOUning toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi. BSOU Oʻzbekistonda joriy yil dekabrda boʻlib oʻtadigan parlament saylovi haqida xabardor etildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va BSOU kotibiyati oʻrtasida samarali hamkorlik rivojlanmoqda, bu saylov tashkilotchilariga saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida tajriba almashish hamda dolzarb masalalarni muhokama qilish, xorijiy mamlakatlarning ijobiy tajribasi bilan tanishish, ilgʻor saylov qonunchiligini va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish, Oʻzbekistonda yuz berayotgan demokratik islohotlar haqida xolis axborotni xalqaro hamjamiyatga tezkorlik bilan yetkazish imkonini beradi. Oʻzbekiston BSOU bilan hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishdan manfaatdorligiga urgʻu berildi.

Shuningdek, delegatsiyaning Koreya Respublikasi Ixtirochi ayollar uyushmasi raisi Insil Li, “Hyundai Motors” kompaniyasi vitse-prezidenti Sang Jun Kim bilan uchrashuvlari oʻtkazildi. Parlament delegatsiyasi aʼzolari Koreya-Oʻzbekiston Biznes-markaziga borib, uning faoliyati bilan tanishdilar.

Parlament delegatsiyasi tashrifi davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?