Oliy Majlis Senati yigirma toʻrtinchi yalpi majlisida qanday masalalar koʻtarildi? Toʻliq sharh

16:23 01 Dekabr 2019 Siyosat
396 0

2019-yil 30-noyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisi ish boshladi.

Yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlangach, senatorlar koʻrib chiqiladigan masalalar muhokamasiga kirishdilar.

Senatorlar ishni “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar.

Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-avgustdagi qaroriga muvofiq byudjet mablagʻlari shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning yangi tartibi belgilab olindi.

Jumladan, mamlakatimizning asosiy moliyaviy hujjati ilk bor qonun shaklida qabul qilinmoqda. Qonunda “birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi”, “ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi”, “umumiy fiskal balans”, “hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi” tushunchalari ochib berilmoqda. 2020-yilda byudjet jarayoni ishtirokchilari oʻrtasida byudjet vakolatlarini taqsimlashning oʻziga xos xususiyatlari, birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlardan foydalanish va ularni qayta koʻrib chiqish tartibi, ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlari, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlari belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti parametrlari belgilanmoqda, ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi: Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti daromadlari va xarajatlari, 2020-yil uchun davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari prognozi va xarajatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, ayrim soliqlar va toʻlov stavkalarini tasdiqlash, Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining, Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining zaxira jamgʻarmalarini shakllantirish, 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining byudjet tizimi barqarorligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida va Oʻzbekiston Respublikasi nomidan olinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmlarni belgilash, tashqi qarz hisobiga amalga oshiriladigan xarajatlar.

Ushbu Qonunning muhim jihatlaridan biri shuki, unda Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjeti ijrosining shaffofligini taʼminlash choralari belgilanmoqda, bu barcha darajalardagi davlat boshqaruvi sektori javobgarligini oshirishga, byudjet intizomini mustahkamlashga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palaatlari, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari roli hamda javobgarligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

2020-yilda yaimning 5,5 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 6,5 foizga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning 4 foizga, kapital quyilmalar hajmining kamida 10 foizga, chakana savdo aylanmasining 5,6 foizga, xizmat koʻrsatish hajmining 5,7 foizga oʻsishi prognoz qilindi.

2020-yilda ijtimoiy sohani moliyalashtirish kuchaytiriladi. Bu yilgi koʻrsatkichlarga nisbatan sogʻliqni saqlash tizimiga sarflanadigan xarajatlar 18 foizga, taʼlimga sarflanadigan xarajatlar 10 foizga, ilm-fanni rivojlantirishga sarflanadigan xarajatlar 47 foizga oshadi.

Taʼlim, tibbiyot, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha qariyb 100 ta maqsadli dasturni amalga oshirish rejalashtirilgan. Inflyatsiya oʻsishi prognoz qilingan, hukumatda Oʻzbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga doir aniq strategiya va model mavjud.

Oʻzbekistonning har bir fuqarosi Davlat byudjeti mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanishda ishtirok etadi. Davlat byudjeti mablagʻlarini shakllantirishda soliq toʻlovchi sifatida, ulardan foydalanishda davlat tomonidan taqdim etiladigan qulayliklar va xizmatlarning isteʼmolchisi sifatida ishtirok etadi.

2019-yildan boshlab fuqarolar tumanlar (shaharlar) byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobiga moliyalashtiriladigan tadbirlarni belgilashda ishtirok etishi mumkin. Bu maqsadlarga tuman yoki shahar byudjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizi yoʻnaltiriladi.

Shundan soʻng parlament aʼzolari “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Qonunning maqsadi byudjet maʼlumotlari ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablagʻlari shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdir. Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 3 ta qonuni va 1 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi. Bunda parlament tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari toʻgʻrisidagi Qonunni qabul qilish tartibi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunni koʻrib chiqish va qabul qilishda Oliy Majlisning byudjetga doir vakolatlari nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarini tasdiqlash tartibi joriy etilishi munosabati bilan Qonunda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga keyingi yilga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini koʻrib chiqish hamda unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tartibi va muddatlarini nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Byudjet kodeksi yangi tushunchalar bilan toʻldirilmoqda, unga Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi, Moliya vazirligi byudjet vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritilmoqda. Bundan tashqari, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunni ijro etish jarayonini koʻrib chiqish parlament nazoratining shakllaridan birihisoblanadi.

Majlisda taʼkidlanganidek, Qonun Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining parlament tomonidan sifatli koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlashga koʻmaklashadi, bu esa xalqaro standartlarga toʻliq muvofiq keladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra Senat aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil uchinchi choragidagi ijrosi yuzasidan hisoboti toʻgʻrisidagi masalani muhokama qildilar.

Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida 2019-yilning 9 oyi davomida yalpi ichki mahsulot oʻtgan yilning shunday davriga nisbatan 5,7 foizga oʻsdi. Bu davrda jalb qilingan investitsiyalar hajmi 46,0 foizga, qurilish ishlari hajmi 19,3 foizga oshdi. Oʻzlashtirilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 3,6 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi.

Amalga oshirilgan ishlar bilan birga hal etilishi lozim boʻlgan muammolar, foydalanilmagan imkoniyatlar va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan ayrim muammolar mavjud. Jumladan, Davlat dasturida belgilangan va joriy yilning uchinchi choragida bajarilishi nazarda tutilgan 11 ta topshiriq hanuz bajarilmagan. Majlisda mamlakat rivojlanishi uchun muhim boʻlgan va aholini tashvishga solayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar, jumladan, majburiy tibbiy sugʻurta mexanizmlarini joriy etish, uy-joy fondining isitish tizimlarini yaxshilash bilan bogʻliq masalalar bajarilmaganligi afsus bilan qayd etildi.

Biznes subyektlarini rivojlantirish yoʻlidagi sunʼiy toʻsiqlar uzil-kesil bartaraf etilmagan, litsenziyalashning murakkab tizimi saqlanib qolmoqda, bu esa toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Tovarlar va kapital bozorlarida faoliyat koʻrsatadigan korxonalarning ustav kapitalida davlat ulushini kamaytirish boʻyicha ishlar koʻngildagidek emas. Natijada biznes yuritish sohasida raqobat muhitini yanada yaxshilash borasida muayyan toʻsiqlar saqlanib qolmoqda. Iqtisodiy, huquqiy va ijtimoiy sohalarda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar mamlakatda korrupsiya darajasini kamaytirishga qaratilgan ishlarga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan axborotni maʼlumot un qabul qilib, Senat hukumatning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil uchinchi choragidagi ijrosi boʻyicha faoliyatini qoniqarli deb topdi. Muhokama qilingan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.

Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda Vazirlar Mahkamasi faoliyati “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi 1993-yil 6-maydagi Qonun bilan tartibga solinadi. Biroq bu Qonun Vazirlar Mahkamasiga taalluqli vakolatlar va masalalarni, Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini tayinlash tartibini, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida hisobdorligini toʻliq aks ettirmaydi. Shu munosabat bilan bu Qonunni yangi tahrirda qabul qilish zarurati yuzaga keldi. Qonunda Vazirlar Mahkamasi maqomini, Vazirlar Mahkamasiga taallukqli masalalar, shuningdek Vazirlar Mahkamasining turli sohalardagi asosiy vakolatlari nazarda tutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining qonunchilik tashabbusi huquqi, Vazirlar Mahkamasi faoliyatini rejalashtirish va baholash, Vazirlar Mahkamasiga masalalar kiritish va koʻrib chiqish tartibi, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida koʻrib chiqiladigan umumiy masalalar, bu masalalarda qarorlar qabul qilish, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari turlari mustahkamlanmoqda. Vazirlar Mahkamasining Prezident va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, sud hokimiyati organlari bilan oʻzaro munosabatlariga aniqlik kiritilmoqda. Soʻzga chiqqanlar Qonun Vazirlar Mahkamasi faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek oʻz vakolatlarini amalga oshirish jarayonida javobarlikni oshirishga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra yuqori palata aʼzolari “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Qayd etilganidek, Qonunda volontyorlik faoliyati sohasida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlar tizimini belgilash, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni davom ettirish, shuningdek hozirgi zamon sharoitlarida volontyorlik faoliyati samarali amalga oshirilishi va rivojlanishini taʼminlaydigan qonunchilik asoslarini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan taʼkidlanganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan ishlar tufayli NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga ega masalalarni hal etishdagi ishtiroki kuchaydi, jumladan, xayriya tadbirlari, aksiyalar, hasharlarda qatnashish, yirik xalqaro konferensiyalar va forumlar, sport musobaqalari va boshqa tadbirlarni oʻtkazishda koʻmaklashish orqali ularning ishtiroki faollashdi. Ushbu tadbirlarni tayyorlashdagi volontyorlarning ahamiyati yoʻq emas. Tahlil shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonida volontyorlik institutidan foydalanish mumkin.

Mamlakatimiz amaliyotini oʻrganish shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekistonda volontyorlik harakati faol rivojlanayotganligiga qaramay, tegishli tayanch tushunchalarga ega boʻlgan va uning faoliyatini tartibga soladigan mustahkam qonunchilik bazasi hali ham mavjud emas. Yangi Qonun mazkur masalalar yechimini topishga va volontyorlik harakati yanada faollashishini ragʻbatlantirishga, shuningdek volontyorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha kafolatlar yaratishga qaratilgan. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin parlament aʼzolari “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunni koʻrib chiqdilar. Taʼkidlanganidek, QonunJahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatkichlarini yaxshilashga yoʻnaltirilgan qator normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan. Xususan, Qonun bilan bankrotlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagi atamalarni umumqabul qilingan stanlartlarga muvofiqlashtirishni, shuningdek bankrotlik tartib-taomillari har bir bosqichi oʻtishi muddatlarini maqbullashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda. Tayanch tushunchalar kengaytirilmoqda, jumladan, “bir turdagi kreditorlar” va “toʻlov qobiliyatini tiklash taomili” kabi tushunchalar kiritilmoqda. Shu bilan birga, Qonun qarzdorning bankrotlik alomatlari tushunchasini keng yoritib berish, jumladan, majburiyatlarni bajarish muddatlarini va shaharni tashkil etuvchi korxonaga hamda unga tenglashtirilgan korxonaga qoʻyilgan talablar miqdorini, shuningdek qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsga nisbatan talablar miqdorini belgilashni nazarda tutuvchi normalar bilan toʻldirilmoqda.

Shuningdek, sud boshqaruvchilarining professional birlashmasiga sud boshqaruvchisi nomzodini iqtisodiy sudga taklif qilish huquqini berish, qarzdorning moliyaviy ahvoli va (yoki) oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni kreditorning talabiga koʻra oʻn kunlik muddatda taqdim etish boʻyicha vaqtinchalik, sanatsiya qiluvchi, tashqi va tugatuvchi boshqaruvchining majburiyati va boshqalar nazarda tutilgan.

Taʼkidlaneganidek, Qonun mamlakatimiz qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga hamdaJahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga xizmat qiladi. Qonun Senatorlartomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda kasaba uyushmalari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Biroq amaldagi Qonun normalari ancha eskirgan va Mehnat kodeksi, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunlar normalarini konseptual jihatdan aks ettirmaydi. Shu munosabat bilan ushbu sohani tartibga soladigan yangi Qonun ishlab chiqish va qabul qilish zarurati yuzaga keldi.

Qonunda kasaba uyushmalari faoliyatining quyidagi asosiy prinsiplari belgilab berilmoqda: qonuniylik, ixtiyoriylik, kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish, teng huquqlilik, oshkoralik va ochiqlik. Shu bilan birga kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlariga rioya etilishi kafolatlari belgilanmoqda. Jumladan, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlariga rioya etilishini taʼminlaydi. Kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyatiga aralashishga, shu jumladan ularning faoliyati toʻgʻrisida biror-bir hujjat taqdim etishni talab qilishga, kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyatini davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar tashabbusiga koʻra tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Bundan tashqari, kasaba uyushmalari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, kasaba uyushmalarining mulk huquqi kafolatlari, kasaba uyushmalari organlariga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimlar uchun kafolatlar, kasaba uyushmalari organlariga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan xodimlar uchun kafolatlar, kasaba uyushmalari organlariga saylangan xodimlar uchun mehnatga oid qoʻshimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda. Qayd etilganidek, Qonun xodimlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda kasaba uyushmalari uchun qulay shart-sharoit va kafolatlar yaratishga, kasaba uyushmalarining ish beruvchilar, davlat hokimiyati organlari bilan hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin parlament aʼzolari “Mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.

Qayd etilganidek, Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019-yil 21-maydagi Farmonidan kelib chiqib, shuningdek qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqildi. Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 25 ta qonuni, 12 ta kodeksi, shuningdek qonunlar bilan tasdiqlangan 17 ta nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan, “ish haqining eng kam miqdori” termini “mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori”, “bazaviy hisoblash miqdori” va “pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori” terminlariga oʻzgartirildi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Navbatdagi muhokama mavzusi “Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni boʻldi.

Qonunning maqsadi bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha faoliyatni taʼminlashning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishdan iborat. Qonun Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga va Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan, sud ishi yurituvi va sud tekshiruvining barcha bosqichlarida voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishning qoʻshimcha kafolatlarini taʼminlash maqsadida Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Masalan, yangi normalarda voyaga yetmaganlar, soqovlar, karlar, koʻrlar va oʻzining jismoniy nuqsonlari yoki ruhiy buzilishlari tufayli himoyalanish uchun huquqlardan foydalanishda qiyinchilik his qilayotgan boshqa shaxslar boʻyicha himoyachini rad etishga yoʻl qoʻymaslik nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganning istagi boʻyicha uning katta yoshdagi yaqin qarindoshlaridan biri yoki oʻzi ishonadigan boshqa shaxsning qonuniy vakil sifatida ishtirok etish imkoniyati nazarda tutilmoqda.

Oʻzgartish va qoʻshimchalarda voyaga yetmagan shaxs qonuniy vakilining oʻzi vakillik qilayotgan shaxsga nisbatan oʻtkaziladigan protsessual harakatlarda albatta ishtirok etishi, voyaga yetmagan guvohning yoki jabrlanuvchining roziligi bilan uning qonuniy vakili yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedadog yoki jabrlanuvchi vakili ishtirokida soʻrov oʻtkazish belgilanmoqda.

“Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra davlat bolani huquqbuzarliklar va gʻayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan, ekspluatatsiya va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilinishini amalga oshiradi, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlaydi hamda bartaraf etadi.

Bundan tashqari, Qonun jinoyat jarayoni ishtirokchisi boʻlgan bolaning huquqlarini himoya qilish kafolatlarini belgilovchi norma bilan toʻldirilmoqda. Jumladan, bolaga har qanday ruhiy yoki jismoniy taʼsir oʻtkazish, uni koʻrsatmalar berishga yoki aybini tan olishga majburlash, sudga qadar ish yuritish va sud muhokamasi jarayonida bolalarga nisbatan ular qonuniy vakillarining ishtirokisiz amalga oshiriladigan protsessual harakatlarni bajarish taqiqlanadi, shuningdek voyaga yetmagan shaxsning jinoyatlari toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sudga qadar ish yuritishning va sud muhokamasining barcha bosqichlarida himoyachining ishtirok etishi shartligi nazarda tutilmoqda. Qonun qabul qilinishi bolaning, shu jumladan jinoyat jarayoni ishtirokchisi hisoblangan bolaning huquqlari himoyasini kuchaytirishga, jinoyat jarayonining barcha bosqichlarida voyaga yetmaganlar huquqlari himoyasini taʼminlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng Senat aʼzolari “Tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Taʼkidlanganidek, Qonunning maqsadi tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartibini soddalashtirish, shaffoflikni oshirish orqali korrupsiya omillarining oldini olishdir. Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 5 ta qonuni va 2 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan, Fuqarolik kodeksiga faoliyat ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, sudning qaroriga koʻra yuridik shaxsni tugatish imkoniyatini nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritilmoqda.

Bundan tashqari, tugatuvchi yuridik shaxsning tugatilishi haqida ommaviy axborot vositalarida eʼlon berishi, yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektini ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi eʼlon roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan uning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi Qonun bilan mustahkamlab qoʻyilmoqda. Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi eʼlonda uning kreditorlari talablarini bildirish tartibi va muddatlari koʻrsatiladi. Bu muddat tugatish toʻgʻrisidagi eʼlon chiqqan paytdan eʼtiboran ikki oydan kam boʻlmasligi kerak.

“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga fermer xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi berish boʻyicha ochiq tanlovda fermer xoʻjaligi boshligʻi tomonidan koʻrsatib oʻtilgan mol-mulk, texnika va pul mablagʻlari ustav fondiga kiritilmaganda fermer xoʻjaligi tugatilishini nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritilmoqda. “Xususiy korxona toʻgʻrisida”gi Qonunga xususiy korxona uning mulkdorining yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudning qaroriga koʻra qayta tashkil etilishi, shuningdek xususiy korxona uning mulkdorining yoki sudning yoxud roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra tugatilishi mumkinligini belgilovchi oʻzgartish kiritilmoqda.

Fuqarolik kodeksiga va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunlarga norma kiritilmoqda. Unga koʻra roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra jamiyatni tugatish ushbu jamiyat moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli belgilangan tartibda harakatsiz holatga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida uning faoliyati tiklanmagan taqdirda amalga oshiriladi.

Soliq kodeksiga qoʻshilayotgan normaga koʻra tadbirkorlik subyekti ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiruvi soliq toʻlovchi faoliyatining bevosita tekshiruv oʻtkazilayotgan yildan oldingi koʻpi bilan uch kalendar yilni qamrab olishi mumkin. Qonun qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartibini soddalashtirishga va shaffofligini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Senatorlar “1993-yil 22-yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiyaga doir Bayonnomani (Moskva, 1997-yil 28-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini maʼqulladilar.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 2019-yil 24-avgust kuni “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi konvensiyaga (Kishinev, 2002-yil 7-oktyabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi Qonunni maʼqulladi. Bu Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi, Armaniston, Ukraina, Tojikiston, Gruziya va Moldova vakolatli organlari bir-biri bilan oʻzlarining markaziy, hududiy va boshqa organlari orqali hamkorlik qilishi uchun huquqiy asoslar yaratishga koʻmaklashadi. Biroq ushbu Qonunning talablari Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi munosabatlarga tatbiq etilmaydi, chunki Rossiya Federatsiyasi 2002-yil 7-oktyabrda Kishinevda imzolangan Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi konvensiyaning ishtirokchisi hisoblanmaydi. Shu bilan birga, Minsk konvensiyasi doirasida koʻrib chiqiladigan huquqiy yordam toʻgʻrisidagi soʻrovlarning koʻpchiligi Rossiya Federatsiyasi ulushiga toʻgʻi keladi. Senatorlar Qonun Minsk konvensiyasi ishtirokchi mamlakatlari vakolatli organlarining oʻzaro munosabatlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Oliy Majlis Senati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019-yilgi xarajatlariga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisidagi masalani muhokama qildilar.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetini ijro etish jarayonida ayrim sohalar boʻyicha xarajatlar koʻpaydi, shu munosabat bilan qoʻshimcha mablagʻlar yoʻnaltirildi. Bu yoʻnalishlardagi xarajatlar 10 foizdan ortiqqa oshishi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini saqlab turish uchun xarajatlar 12,3 foizga kamayishi kutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining belgilangan tartibda Senat koʻrib chiqishi uchun kiritilgan taqdimnomasiga muvofiq tegishli yoʻnalishlar boʻyicha 2019-yil uchun tasdiqlangan Davlat byudjeti parametrlarini 11676,3 mlrd. Soʻmga oshirish va 95,2 mlrd. Soʻmga kamaytirish toʻgʻrisida soʻrovnoma bayon etilgan. Masala parlament aʼzolari tomonidan maʼqullandi, Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin parlament aʼzolari Samarqand viloyatining Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida, Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etish hamda Qiziriq, Boysun va Qumqoʻrgʻon tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar.

Soʻngra senatorlar Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini oʻrganish natijasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar. Davlat bojxona xizmati organlarida qonun hujjatlari ijrosi holatini oʻrganishda qator muammoli masalalar aniqlanganligi, shu tufayli mazkur parlament soʻrovini yuborish zarurati yuzaga kelganligi taʼkidlandi. Bu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Senatorlar arzon uylar joylar qurish jarayonidagi muammolar, shuningdek aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan taʼminlash jarayonidagi muammolar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborilishini maʼqulladilar.

Oliy Majlis Senati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi masalani ham koʻrib chiqdilar.

Yalpi majlisda parlament yuqori palatasining vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi. Barcha muhokama etilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisida 19 ta masala, shu jumladan 10 ta qonun koʻrib chiqildi. Senatorlar tomonidan maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini yanada mustahkamlashga, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganligi taʼkidlandi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?