Oliy Majlis Senati huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etiladi

14:03 03 Iyun 2020 Jamiyat
415 0

“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida Yoshlar parlamentini tashkil etish boʻyicha Senat Kengashi qarori, Yoshlar parlamenti Nizomi va Yoshlar parlamentini tashkil etish hamda faoliyati samaradorligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi loyihalari ishlab chiqildi. Ayni paytda ular mahalliy Kengashlarda muhokama etilmoqda.

Ushbu loyihaga koʻra, Yoshlar parlamenti aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi turli yoʻnalishlarda faoliyat olib borayotgan tashabbuskor, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlovchi, qatʼiy hayotiy nuqtayi nazarga, keng dunyoqarash va chuqur bilim hamda liderlik salohiyatiga ega 18 – 30 yosh boʻlgan fuqarolar orasidan gender tenglik taʼminlangan va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni ham jalb qilgan holda jami 100 nafar etib shakllantiriladi.

Bunda xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga saylangan yoshlar vakillaridan har bir hududdan teng miqdorda 6 nafardan jami 84 nafar va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tavsiyasiga koʻra 10 nafar hamda Senatning Yoshlar madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tavsiyasiga binoan 6 nafar yoshlar Senat Kengashi qarori bilan Yoshlar parlamenti aʼzoligiga tasdiqlanadi.

Yoshlar parlamentining raisi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tavsiyasiga koʻra Yoshlar parlamentining yalpi majlisida aʼzolar tomonidan saylanadi.

Yana bir jihat. Yoshlar parlamenti faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirib borishga Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi masʼul hisoblanadi.

Yoshlar parlamenti tomonidan qabul qilingan hujjatlar tavsiyaviy xarakterga ega boʻladi va hujjatlarni tayyorlash hamda rasmiylashtirish bilan Yoshlar parlamenti kotibi shugʻullanadi. Yoshlar parlamenti kotibi Yoshlar parlamenti raisi tavsiyasiga koʻra Yoshlar parlamenti aʼzolari tomonidan saylanadi.

– Yoshlar parlamentida quyidagi komissiyalar faoliyat olib boradi:

– Ilm-fan, madaniyat va turizm masalalari komissiyasi;

– Sport, sogʻlom turmush, ijtimoiy masalalar va ekologiya komissiyasi;

– Kompyuter texnologiyalari, innovatsion gʻoyalar, startaplar va agroklaster masalalari komissiyasi;

– Kitobxonlikni keng targʻib qilish va qonunchilik masalalari komissiyasi;

– Bandlik va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari komissiyasi;

– Gender tenglik masalalari komissiyasi.

Yoshlar parlamenti aʼzolari qonun loyihalari muhokamalarida ishtirok etadi. Belgilangan maqsad va vazifalari hamda yoʻnalishlaridan kelib chiqib konferensiya, davra suhbati, seminar, hududlardagi yoshlar bilan uchrashuv va boshqa tadbirlar tashkil qiladi.

Yoshlar parlamenti aʼzolarining majlisi zaruratga qarab oʻtkaziladi, u Yoshlar parlamenti raisi tomonidan chaqiriladi.

Yoshlar parlamentining har bir aʼzosi oʻzi istiqomat qiladigan hudud yoshlariga tegishli muammolarini oʻrganib, sabablarini aniqlab, uni yoshlar oʻrtasida muhokama qiladi.

Yoshlar parlamenti yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini parlament minbariga olib chiqish, qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini taʼminlash, boʻlgʻusi Senat aʼzolari hamda siyosatchilarni tayyorlash, yoshlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yoʻnaltirib borish kabi vazifalarni bajaradi.

Yoshlar parlamenti Oliy Majlis Senati huzurida tashkil etiladigan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan jamoatchilik asosida tuziladigan maslahat organi hisoblanadi. Mamlakatimizdagi qonun chiqaruvchi va ijro organlari kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?