Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Rossiya Federatsiyasi Majlisi Federal Kengashi Raisi bilan uchrashdi

13:42 02 Oktyabr 2019 Jamiyat
119 0

Bugungi kunda Oʻzbekiston barcha yoʻnalishlarda ochiq, doʻstona va faol tashqi siyosiy faoliyat olib bormoqda. Bunda parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu tariqa, bir qator xorijiy davlatlar bilan yaqin parlamentlararo aloqalar tobora rivojlanib bormoqda. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi hamkorlik turli sohalarni qamrab olgan holda jadal taraqqiy etmoqda. Ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarini yanada faol kengaytirishning muhim asoslaridan biri boʻlib xizmat qiladi.

Misol uchun keyingi uch yilda Oʻzbekistonda Rossiya Federatsiyasi parlamentining qator aʼzolari, jumladan, 2017-yilda Ilyas Umaxanov, 2018-yilda Vladimir Jirinovskiy va Aleksey Yezubov, shuningdek, 2019-yilda Vladimir Shamanov va Leonid Kalashnikov bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, yaqinda Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodin Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi.

2019-yil 2-oktyabr kuni Rossiya Federatsiya Majlisi Federal Kengashi Raisi Valentina Matviyenko boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga rasmiy tashrifi esa, ana shu tashriflarning mantiqiy davomi boʻldi.

Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston-Rossiya parlamentlararo munosabatlarining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunuchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov tomonidan yuqori martabali mehmonga mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi asosida hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Keyingi paytlarda Oʻzbekistonda jamiyatda ayollar rolini oshirish borasida diqqatga molik ishlar qilinayotgani, bu borada parlament aʼzolarining ishtiroki xususida toʻxtalib oʻtildi. Deputatlikka nomzodlar ichida ayollar uchun kamida 30 foiz kvota oʻrinlari yaratilishiga doir norma qonun darajasida mustahkamlab qoʻyilgani qayd etildi.

Uchrashuvda, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining “Rosatom” davlat uyushmasi hamkorligida Oʻzbekistonda atom elektrostansiyasini qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan strategik loyiha va uning ahamiyat xususida ham soʻz yuritildi. Mehmonlar tomonidan Oʻzbekistonda atom energetika sektorining shakllanishi va rivojlanishi uchun qonuniy asoslarni yaratish doirasida Oʻzbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi qonuni ishlab chiqilib, qabul qilinganiga yuqori baho berildi.

Muzokaralar chogʻida Rossiya Federatsiyasi Majlisi Federal Kengashi Raisi Valentina Matviyenko parlamentlararo hamkorlikning kelgusida kengayishi va mustahkamlanishida doimiy uchrashuvlarning muhimligini bildirdi. Ikki davlat qonun chiqaruvchi organlarining hamkorligini yanada kengaytirishga doir mulohazalarini bayon qildi.

Konstruktiv va oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kelgusida rivojlantirish masalalari ham muhokama markazida boʻldi. Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha oʻzaro savdo hajmi 5 foizga oʻsdi va 3 mlrd. dollarga yetdi. Istiqbolda savdo hajmini yanada kengaytirish mumkinligi, buning uchun barcha imkoniyatni ishga solish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida Rossiya Federatsiyaci Majlisi Federal Kengashi vakillari Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib oʻtajak parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklif qilindi.

Tomonlar mazkur uchrashuv ikki tomonlama parlamentlararo munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishiga va Oʻzbekiston–Rossiya hamkorlik ufqlarini yanada kengaytirishiga ishonch bildirdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?