Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Qozogʻiston Senati Raisi bilan uchrashdi

14:33 27 Noyabr 2018 Siyosat
546 0

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi delegatsiyaning Qozogʻiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Qonunchilik palatasining Matbuot xizmati xabar berishicha, mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari 27 noyabr kuni Ostona shahrida Qozogʻiston Respublikasi parlamenti yuqori palatasida ham boʻlib, Senat Raisi Kasim-Jomart Tokayev bilan muloqot oʻtkazdilar.

Uchrashuv davomida taʼkidlanganidek, davlatlarimiz rahbarlarining oʻzaro birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston — Qozogʻiston munosabatlari keyingi yillarda yanada izchillik bilan rivojlanib bormoqda.

— Butun Markaziy Osiyodagi iqtisodiy rivojlanish, barqarorlik va xavfsizlik mamlakatlarimizning faol hamkorligi hamda Qozogʻiston va Oʻzbekistonning jahon arenasidagi birgalikdagi saʼy-harakatiga bogʻliq, — deydi Qozogʻiston Respublikasi parlamenti Senati Raisi Kasim-Jomart Tokayev.

Ikki mamlakat parlamentlarining hamkorligini yanada kuchaytirish mazkur uchrashuvning asosiy mavzusi boʻldi. Jumladan, alohida qayd etilganidek, mazkur jarayonda xalqaro tajribani oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash zarur.

Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, soʻnggi paytlarda ikki mamlakatning oliy vakillik organlari oʻrtasidagi aloqalar faol rivojlanayotganini taʼkidladi. Ayniqsa, keyingi ikki yil ichida Oʻzbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi deputatlari turli tadbirlarda ishtirok etish uchun bir necha bor Qozogʻiston Respublikasida boʻldilar. Oʻz navbatida, Qozogʻiston parlamenti aʼzolari ham bir necha bor Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Bu esa parlamentlararo munosabatlarning yuqori bosqichga chiqayotganidan dalolatdir.

Konstruktiv va oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan muloqot chogʻida mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashishga doir masalalar atroflicha muhokama qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?