Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majlisi raisi bilan uchrashdi

17:10 26 Noyabr 2018 Jamiyat
499 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Qozogʻiston Respublikasida rasmiy tashrif bilan boʻlib turibdi. Tashrif dasturiga koʻra, 26 noyabr kuni delegatsiyamiz aʼzolari Qozogʻiston Parlamenti Majlisi raisi Nurlan Nigmatullin bilan uchrashdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Qozogʻiston vaqt sinovidan oʻtgan yaqin qoʻshnilardir. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik yuqori ishonch va oʻzaro hurmat asosida rivojlanib bormoqda. Bunda, albatta, davlatlarimiz rahbarlarining oʻzaro tashriflari davomida erishilgan kelishuv va shartnomalar alohida ahamiyatga ega.

Mazkur tashrif Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili oʻtayotgan bir paytga toʻgʻri kelgani ham oʻziga xos ramziy maʼnoga ega. Shu bilan birga, Oʻzbekiston parlamenti aʼzolarining Qozogʻistonga tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanganining 20 yilligiga toʻgʻri kelmoqda.

Suhbat chogʻida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov taʼkidlab oʻtganidek, turli darajadagi aloqalarning faollashuvi ikkala mamlakatning koʻpqirrali munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini anglatadi. Bugungi kunda ushbu munosabatlar parlamentlarimiz hamkorligi yoʻnalishida ham izchil rivojlanib bormoqda. Mazkur tashrif ham uning amaldagi yorqin ifodasidir.

— Bugun Prezidentlar Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyevning oʻzaro bir-birini va qalin doʻstlikka asoslangan hamkorlikdagi samarali faoliyati sharofati bilan Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida barcha sohalarda koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishga mustahkam asos yaratilmoqda. Bu esa Qozogʻiston va Oʻzbekiston parlamenti aʼzolarining hamkorligi hamda oʻzaro faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi, — deydi Qozogʻiston Parlamenti Majlisi raisi Nurlan Nigmatullin.

Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Qozogʻiston Respublikasi Parlamentining Majlisi oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Ikki mamlakat parlamentlari davlatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashda faollik bilan oʻz hissasini qoʻshishi lozimligi taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?