Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Samarqanddagi maktabda qilingan zo‘ravonlikka munosabat bildirdi

18:57 25 Iyul 2018 Jamiyat
387 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi Samarqanddagi maxsus maktabda qilingan zo‘ravonlikka munosabat bildirdi. Bu haqda komissiyaning Facebook‘dagi sahifasida ma’lum qilingan.

“Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi Samarqanddagi maxsus maktabda maktab ma’muriyatining bolalar bilan qilingan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarini ta’lim-tarbiyadagi yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat deb baholaydi. Chunki ta’lim tarbiyada majburlov, zo‘ravonlik va bosim o‘tkazish holatlari insoniy qadriyatlarga to‘g‘ri kelmaydigan usuldir. Bunday sharoitda inson ijobiy xulq atvorga ega shaxs sifatida kamol topmaydi.

Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari ayniqsa, bola huquqlari to‘liq kafolatlangan qonunlar qabul qilingan va uning amalga oshirilishini ta’minlashga har birimiz mas’ulmiz. Bunda birinchi navbatda ta’lim sohasi vakillari, ustoz va murabbiylar barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz.

Shu jihatdan olganda biz Samarqanddagi maxsus maktab ma’muriyati, pedagogik jamoasining bolalar bilan qilgan noto‘g‘ri tarbiya usuli va muomalasini keskin qoralaymiz va bu ishning qonunlarga muvofiq o‘rganilishi, aybdorlar jazolanishi hamda kelgusida bunday hodisalarga yo‘l qo‘yilmasligini vakolatimiz darajasida nazorat qilib boramiz.

Umid qilamizki, maxsus maktabdagi ushbu noxush vaziyat xususiy holat bo‘lib yurtimizdagi minglab fidoyi, jonkuyar o‘qituvchi va murabbiylarimizning hurmati va sha’niga daxl qilmaydi”, deyiladi komissiya bayonotida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?