Oliy Majlis delegatsiyasi Germaniya parlamenti tajribasi bilan tanishdi

10:15 19 Avgust 2019 Jamiyat
70 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlari, parlament palatalari devonlari xodimlaridan iborat delegatsiyasi Germaniyaning parlament nazorati tajribasini va qonun ijodkorligi faoliyatini oʻrganish maqsadida Germaniya Federativ Respublikasida boʻldi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif doirasida parlament delegatsiyasining F. Ebbert jamgʻarmasi vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muloqot jarayonida parlamentarizm, taʼlim, fan va Oʻzbekistonda yuz berayotgan demokratik islohotlarni qoʻllab-quvvatlash sohasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama etildi. 

Uchrashuvda qayd etilganidek, demokratik institutlarni, birinchi navbatda, parlament rolini mustahkamlash, huquqiy davlat asoslarini qoʻllab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlarini, ayniqsa xotin-qizlar, yoshlar, imkoniyatlari cheklangan shaxslar masalalari bilan shugʻullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish Jamgʻarmaning Oʻzbekistondagi faoliyati asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi.

Oʻz navbatida, tomonlar Oʻzbekiston va GFR oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohada ikki tomonlama hamkorlik faollashib borayotganidan mamnun ekanlarini bildirdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida boʻlajak parlament sayloviga xalqaro normalarga toʻliq mos holda tayyorgarlik koʻrishga qaratilgan chora-tadbirlarga ham eʼtibor qaratildi.

Tanishuv safari vaqtida Oliy Majlis delegatsiyasining Berlin shahri Lantaga deputatlari bilan qator uchrashuvlari ham tashkil etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?