Oliy Majlis delegatsiyasi Bundestag faoliyati bilan tanishmoqda

11:03 15 Avgust 2019 Jamiyat
83 0

Senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlari, parlament palatalari devonlari xodimlaridan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Germaniyaning parlament nazorati tajribasini va parlament qonun ijodkorligi faoliyatini oʻrganish maqsadida Germaniya Federativ Respublikasida boʻlib turibdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

2019-yil 12-avgust kuni Bundestagning Germaniya siyosiy tizimidagi roli va vazifalariga, qonun ijodkorligi jarayoni mexanizmiga bagʻishlangan seminarlar boʻlib oʻtdi. Tadbirlarda qonun ijodkorligi, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash sohasida tajriba almashildi.

Ishtirokchilar Germaniya parlamenti palatalari tarixi, qonunchilik asoslari va ishlash prinsiplari, shuningdek Bundestag ijro apparati tuzilmasi, xodimlarining funksional va lavozim majburiyatlari, deputatlar faoliyatini axborot-tahliliy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash mexanizmi haqida xabardor etildi. Bundan tashqari, GFRda qonun loyihalarini ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va muhokama qilish mexanizmi, parlament yuqori palatasining bu jarayondagi roli, hokimiyat tarmoqlari oʻrtasida “oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati” shakllari muhokama etildi. Markaziy hukumat va mintaqaviy parlamentlar oʻrtasidagi munosabatlar, hokimiyat tarmoqlari oʻrtasida vakolatlarni taqsimlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirlar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida, shuningdek tashqi siyosiy faoliyat olib borish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish, turizmni rivojlantirish huquqiy asoslarini taʼminlash hamda ijroiya hokimiyat organlari faoliyati ustidan parlament, deputatlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida Oliy Majlisning vazifalari toʻgʻrisida axborot berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?