Oliy darajadagi Oʻzbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi ilk yigʻilishi Anqarada boʻlib oʻtadi. Unga har ikki davlat rahbarlari raislik qiladi

11:40 06 Avgust 2019 Jamiyat
152 0

2019-yilning 5-avgust Anqara shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavushoʻgʻlu raisligida Qoʻshma strategiyani rejalashtirish guruhining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Vazirlar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan oʻrtasidagi kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, joriy yil Anqara shahrida davlat rahbarlari raisligida oʻtkaziladigan Oliy darajadagi Oʻzbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollarini batafsil muhokama qildilar.

Uchrashuvda turli daraja va shakllardagi Oʻzbekiston – Turkiya muloqotining jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.2019-yil 22-23-iyul kunlari Anqara shahrida boʻlib oʻtgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Turkiya Hukumatlararo komissiyasi yigʻlishining samarali yakunlarini eʼtirof etildi. Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikda markaziy oʻrinni savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalari egallashi taʼkidlandi. 2018-yil yakunlariga koʻra ikki mamlakat oʻrtasidagi tashqi savdo aylanmasi 40,5 foizga oshib, 2 mlrd. 172 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatlar oʻrtasidagi tashqi savdo aylanmasi esa 1 mlrd. 142,7 mln. AQSH dollarini tashkil etib, 2018-yilning shu davriga nisbatan 22 foizga oshdi. Turkiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 50 foizga oshib, 1081 taga yetdi.

Vazirlar ikki tomonlama siyosiy-diplomatik hamkorlikni davom ettirishga, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga qiziqish mavjudligini tasdiqladilar.

Delegatsiyalar rahbarlari madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga ham eʼtibor qaratdilar.

Turkiya tomoni Samarqand shahrida oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” XII Xalqaro musiqa festivaliga va Qoʻqon shahridagi I Xalqaro hunarmandchilik festivaliga taklif etildi. Ikki mamlakat ilmiy va taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Muzokaralar yakunida ikki davlat TIV rahbarlari raisligida Qoʻshma strategiyani rejalashtirish guruhining ikkinchi yigʻilishini 2020-yilda Toshkent shahrida oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Yigʻilish yakunida Abdulaziz Kamilov va Mavlut Chavushoʻgʻlu Oʻzbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2020-2021-yillarga moʻljallangan Hamkorlik dasturini imzoladilar. Hujjatda savdo, investitsiya, turizm, energetika, transport, xavfsizlik, taʼlim kabi dolzarb yoʻnalishlar va boshqa masalalar boʻyicha tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida muntazam maslahatlashuvlar oʻtkazishni hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida hamkorlik qilish koʻzda tutiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?