Olam goʻzalligi Namanganda jilolanganday

15:13 28 May 2019 Jamiyat
238 0

Bugun Namanganning barcha yoʻllari viloyat markazidagi Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻi bilan tutashganday. Olam goʻzalligini oʻzida mujassamlashtirgan maskan, mana uch kundirki, millionlab nafosat shaydolarini gul va chechaklar ifori, koʻzni quvnatadigan ajib manzaralardan bahramand etmoqda. Har qachongidan jozibali oʻtayotgan anʼanaviy “Gullar bayrami”ning maqomi bu yil yanada yuksalgan. Xalqaro tus olgan anjuman mehmonlari qatorida chet eldan kelgan gul ishqibozlari, sarguzashttalab sayyohlar ham anchagina. Eng muhimi, bayram tadbirlari avvalida gulga burkangan avtomobillar karvonidan oʻziga xos avtoparad tashkil qilingani, ayniqsa, koʻpchilikning yodida qoladigan boʻldi.

- Mamlakat harbiy qudrati, ishlab chiqarish salohiyati namoyish etilgan paradlarga oʻrgangan koʻzlarimiz, gullar shahri maʼnaviy dunyosini koʻz-koʻz qilgan avtoparaddan hayratga tushdi, - deydi oilasi bilan bayramga kelgan qoʻqonlik Abdurashid ota Murodillayev. – Bu, barqaror tinchligimiz ifodasi, zero, kunlari osoyishta yurtdagina koʻngilga sayru-tomoshalar sigʻadi.

Odamlar bogʻni ajib saylgohga aylantirgan gul koʻrgazmalarini zoʻr qiziqish bilan tomosha qilishyapti. Ularning har biri oʻziga xos mavzu, oʻziga xos yoʻnalishda, yurt ravnaqi, fan-texnika yutuqlari, kundalik hayotimizning maʼlum qirrasini mujassamlantirgan koʻrinishda. Bayram ahli namoyishga qoʻyilgan gullarni tomosha qilibgina qolmasdan, oʻzlariga yoqqanini harid ham qilishyapti. Uychi qishlogʻining Yorkatay qishlogʻidan kelgan Maʼrufjon Karimovga ajratilgan joy hamisha gavjum. Gulchilar sulolasining toʻrtinchi avlodi boʻlgan bu yigitning katta bobosi Abdukarim Qosimov bundan ellik toʻqqiz yil avval tashkil qilingan birinchi “Gullar bayrami”ning tashkilotchilaridan boʻlgan. Endi chevara ham nafosat oshuftasi. Mazkur sohani oilaviy biznes sifatida mahkam ushlagan Maʼrufjonning hovlisi 7-8 ming turdagi gulu-chechaklardan iborat katta gulzorga aylangan. Keyingi yillarda issiq oʻlkalarda oʻsadigan zaytun, dafna daraxtlari, yapon behisini ham mahalliylashtirishga erishdi. Sohani mahkam ushlagan oila yiliga 100 million soʻmga yetkazib daromad olayotir. Yorkataylik tadbirkorning bayramga olib kelgan gullari orasida vatani Kanada boʻlgan “Sekas” palmasi bor. Bir tupining sotuv bahosi 4 million soʻmga toʻgʻri keladigan manzarador butaning bu yerda ham xaridori chiqdi.

Bugun jonajon yurtimizning boshqa goʻshalariga ham yoyilgan Namangan gulchiligi, ayniqsa, bu yerda yoʻlga qoʻyilgan anʼanaviy bayram koʻplab mintaqalarda yangidan-yangi gulkorlarni kashf etyapti. Poytaxtning Sirgʻali tumanida yashovchi Yulduz Sharofiddinova anjumanga oʻzi parvarishlayotgan 30 dan ortiq turdagi gullarni keltiribdi.

-Oʻzbekiston uchun yangilik boʻlgan noyob gullarni oʻstirishga qiziqaman,-deydi Yu. Sharofiddinova. – Masalan bizda kaktus koʻp, biroq, mana bu singari ranglilarini koʻrganmisiz. Niderlandiyadan keltirilgan Siklomin, Primula, Xitoyda oʻsadigan Asparantusni ham mahalliy sharoitga moslashtirdik. Gulchilikning hadisini olgan namanganliklar bilan bahslashish qiyin boʻlsada, bu gal sovrinli oʻrinlardan birini egallash niyatidaman.

Endilikda gullar festivali deb nomlanayotgan anjuman dasturi rang-barangligi bilan eʼtiborni tortadi. Joylarda estrada sanʼati ijrochilari ishtirokidagi konsertlar, dorboz va masxarabozlarning milliy oʻyinlari, moʻyqalam ustalari koʻrgazmasi va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar anjuman shukuhini oshiryapti.

Gul sayli manzaralarini zavq bilan suratga tushirayotgan ajnabiy eʼtiborimizni tortdi.

- Seuldan kelib Namangan davlat universitetida dars beryapman,-deydi koreyalik Chin Yon. – Bizda ham, masalan, Ilsan shahrida har yili gul bayrami oʻtkaziladi. Biroq, Namangandagiga yetmaydi. Atrofga qarang, butun olam goʻzalligi shu yerda jilolanganday.

Bu singari olijanob fikrlar bugun bayramda OAV vakillari qatnashayotgan bir qator davlatlarning kundalik gazetalari, internet nashrlari va televideniyesi orqali onlayn tarzda mamlakatimiz tashqarisiga uzatilayotgan materiallardan bahramand xorijliklarda ham shakllanayotgani kishida iftixor tuygʻularini uygʻotadi. “Namahgan flowers” esa mehmonlarni chorlashda davom etmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?