Oktyabrdan avtomobil sotishda Trade-in amaliyoti ishga tushadi. Uning afzalliklari nimada?

15:45 02 Oktyabr 2019 Jamiyat
1782 0

Oʻzbekistonda oktyabrdan minilgan avtomobilni yangisiga qoʻshimcha toʻlov bilan almashtirishning jahon amaliyoti – Trade-in ishga tushishi haqida xabar bergan edik.

Ushbu yangilik afzalliklari haqida UzAuto quyidagilarni maʼlum qildi.

Unga koʻra, endi minilgan avtomobil sohibi uni avtosalonda mutlaqo yangi avtoga qoʻshimcha pul toʻlab almashtirishi, minilgan avtomobil olishni istaganlar esa, uni avtosalonda xarid qilishlari, bunda avtoning yuridik “toza”ligi va “kasalliklar tarixi” haqiqiyligiga ishonch hosil qilishlari mumkin boʻladi.

Trade in xizmatining afzalliklari nimada?

- Avtomobilni dilerlik markaziga sotish taomili shaffof, notariusga borish va qoʻshimcha bojlar toʻlash talab qilinmaydi.

- Avtomobilni sotishda vositachilar mavjud emas.

- Mijoz avtomobilni sotish haqida eʼlon berishga, xaridorlar bilan muzokaralar oʻtkazish va uchrashishga, avtomobilini sotuvoldi tayyorlashga vaqt va pul sarflamaydi.

- Dilerdan i/b avtomobilni sotib olishdagi xatarlar minimallashtirilishi (sotilayotgan avtomobil uchun kafolat muddati mavjudligi, sertifikatga ega asl ehtiyot qismlar ishlatilishi va sh.k.).

- Mijoz uchinchi shaxslarning qalloblik harakatlari va aldovlaridan himoyalangan.

- Barcha bitimlar bir joyda, zamonaviy usulda, qulay sharoitlarda va, muhimi, xavfsiz oʻtkaziladi.

- Ikkita bitim bittada: eski avtomobil sotiladi va shu zahoti yangisida ketasiz.

- Rasmiy diler minilgan avtomobil sotilishini kutib oʻtirmay, uning qiymatini darhol yangi mashina narxidan chiqarib tashlaydi.

- Minilgan avtomobilni sotishda vositachilar va baʼzida “shubhali” xaridorlar bilan uchrashish, koʻp marotaba avtomobilni koʻrsatish hamda chalgʻituvchi qoʻngʻiroqlarga hojat qolmaydi.

Almashuv jarayoni qanday kechadi?

Diler mijozdan sotib olayotgan minilgan avtotransport qiymati kelishuv asosida belgilanadi va narx kelishuvi dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

Minilgan transport vositasi narxi kelishib olingandan keyin, mijoz, shartnoma tuzish uchun, Dilerga kerakli hujjatlar paketini taqdim etadi. Bundan keyin minilgan avtotransport vositasining oldi-sotdisi shartnomasi va yangi avtotransport vositasi oldi-sotdi shartnomasi tuziladi. Bunda minilgan avtotransport vositasi qiymati yangi avtotransport vositasi uchun toʻlovdan ayrib tashlanadi.

“Treyd-in” dasturi doirasida Diler sotib olgan minilgan avtotransport vositasini sotishda Diler xaridor bilan oddiy yozma shaklda mazkur avtotransport vositasining oldi-sotdi shartnomasini tuzadi, sotilayotgan avtotransport vositasini DYHXX organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun “Treyd-in” muhri tushirilgan hisob-maʼlumotnoma taqdim etadi. Shuningdek, kafolat taloni va/yoki almashtirilgan detallar talonini beradi. Diler kafolat muddatini mustaqil belgilaydi. Hozirda “Trade-In” dasturi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab “Uzauto Motors” AJning mavjud 81 ta dilerlik markazlaridan 61 tasi qatnashmoqda.

Mijozlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish uchun, yaqin fursatda Toshkentda UzAuto Motors Service & Trade-In Center yangi servis va savdo markazi ochilishi boʻlib oʻtadi. U, bir savdo maydonchasida bir necha dilerlik markazlari joylashuvi sababli, xaridorlarga minilgan avtomobillarni sotish va sotib olish boʻyicha keng tanlov imkoniyatini taqdim etadi. Bundan tashqari, UzAuto Motors Service & Trade-In Center eng past narxlarda zavod sifatidagi asl ehtiyot qismlarni sotish nuqtasiga ham aylanadi.

Zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan servis hududi avtomobillar uchun barcha turdagi kafolatli va kafolatdan keyingi ishlarni taklif qiladi. Markazda, shuningdek, zamonaviy kutish hududi, bolalar maydonchasi, restoran va avtotyuning xizmati faoliyat yuritadi, u avtomobilingizni boshqalardan ajralib turishini taʼminlab, unga oʻziga xoslik baxsh etadi. Markaz xaridorlar uchun har kuni, dam olishsiz ochiq boʻladi.

Bundan tashqari, xaridorlarga qulay boʻlishi uchun https://trade-in.uz sayti ishga tushirildi, u yerda Mijoz dilerlarda sotuvga qoʻyilgan minilgan avtomobillarning shu kungi narxlarini bilishi, barcha kerakli axborotni hamda ushbu xizmat boʻyicha oʻzini qiziqtirgan savollarga javob olishi mumkin boʻladi.

Saytning asosiy xususiyatlaridan biri avtomobil narxi kalkulyatori sanaladi, u onlayn rejimda mijozga minilgan avtomobilning taxminiy narxini aniqlash imkonini berdi. Kalkulyatsiya minilgan avtomobillarning ikkilamchi bozoridagi oʻsha kungi narxlarni hisoblash uslubiyatiga asoslangan.

UzAuto Motorsning yangi servis va savdo markazlari ochilishi haqida kompaniya saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida maʼlum qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?