Oksana Chusovitina oʻzining Ginnes rekordlar kitobidagi rekordini yangilaydigan boʻldi

14:59 10 Oktyabr 2019 Sport
175 0

Sport gimnastikasi boʻyicha yetti karra olimpiada oʻyinlari ishtirokchisi Oksana Chusovitina 2020-yil Tokioda boʻlib oʻtadigan Yozgi olimpiada oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.

Bu natija orqali u faoliyati davomida sakkizinchi olimpiadada ishtirok etadigan boʻldi va oʻzining Ginnes rekordlari kitobidagi rekordini yangiladi.

Germaniyaning Shtutgart shahrida boʻlib oʻtayotgan sport gimnastikasi boʻyicha jahon chempionati bahslarining tayanib sakrash turida ishtirok etayotgan 44 yoshli Chusovitina individual bahslarda Olimpiada yoʻllanmasini beruvchi normani bajardi va sakkizinchi bor bunday nufuzli turnirda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

Chusovitinadan tashqari mazkur musobaqada ishtirok etayotgan yana bir oʻzbekistonlik sportchi Rasul Abdurahimov yakkalik bahslarda qayd etgan natijasi bilan olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Shu tariqa Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik sportchilar soni ayni vaqtga kelib 10 nafarga yetdi.

Maʼlumot uchun, Oksana Chusovitina 1992-yildan boshlab 2016-yilga qadar oʻtkazilgan barcha yetti olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan. Bu sport gimnastikasi tarixidagi eng yaxshi natija boʻlib, sportchi 2016-yilda Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgandi. Olimpiadalar tarixidagi mutlaq rekordchi esa ot sporti ustasi kanadalik Ian Miller sanaladi. U 1972-yildan 2012-yilga qadar jami 10ta Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan.

Chusovitina 1992-yilda MDH terma jamoasi tarkibida olimpiada oltin medalini qoʻlga kiritgan. 2008-yilgi Pekin olimpiadasida esa Germaniya terma jamoasi safida ishtirok etib kumush medaliga sazovor boʻlgan. Bundan tashqari u uch karra jahon chempioni (bittasida Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida), toʻrtta kumush (ikkitasi Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida) , toʻrtta bronza (uchtasi Oʻzbekiston tarkibida) medallarini qoʻlga kiritgan. Ikki karra Osiyo oʻyinlari chempionligini, toʻrtta kumush va ikkita bronza medallarini qoʻlga kiritgan. Germaniya terma jamoasi bilan esa Yevropa chempionligi va Yevropa chempionatining toʻrtta kumush medalini qoʻlga kiritgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?