Oxirgi 33 oyda byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilganlik, poraxoʻrlik kabi holatlar boʻyicha 318 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan

11:12 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
139 0

Illyustrativ foto

Muqaddam prokuratura organlari tomonidan respublikamiz iqtisodiyotini yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilashga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berilgan edi.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan turli soha va yoʻnalishlarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, korrupsiya koʻrinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan.

Prokuratura organlari tomonidan nazorat tadbirlari davomida korrupsion jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash va bunday jinoyatlarning salbiy oqibatlarini toʻliq bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, birgina qurilish sohasida 2017-2019-yillar 9 oyi davomida byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilganlik, poraxoʻrlik va boshqa salbiy holatlar boʻyicha 250 dan ortiq jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, 318 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Misol uchun, Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ Andijon filiali boʻlim yetakchi mutaxassisi M.T. namunaviy turar-joylar qurilishida 13 ta pudratchi korxona tomonidan amalda bajarilmagan 365,8 mln. soʻmlik qurilish-montaj ishlarini bajarilganligi toʻgʻrisida qalbaki hujjatlarni rasmiylashtirishi natijasida fuqarolarning maanfatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Shuningdek, Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, viloyat Moliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sh.K. “D.” MCHJ tomonidan Paxtakor tumanidagi MTMda nazorat oʻlchovi yakuni boʻyicha aniqlangan 36,8 mln. soʻmlik kamomadni yashirish evaziga pora tariqasida olgan 1.200 AQSH dollari va 4 mln. soʻm miqdoridagi pul mablagʻlaridan 1,5 mln soʻmini qaytarib berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ushbu holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, ayblanuvchilarga nisbatan sud tomonidan jazo muqarrarligi taʼminlangan.

Shu bilan birga, kapital qurilish sohasida korrupsiya koʻrinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, bu turdagi jinoyatlarni barvaqt oldini olish boʻyicha tegishli idoralar bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni inventarizatsiya qilish va ularda korrupsiyaga oid holatlarni keltirib chiqaruvchi normalarni aniqlash maqsadida korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish ishlari davom ettirilmoqda.

Ushbu Farmonda belgilangan vazifalarni toʻlaqonli ijro etilishi, kelgusida yurtimizda korrupsiyaning batamom bartaraf etilishiga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?