Oxirgi 15 kunda kadastr tizimida 34 nafar rahbar va xodim lavozimidan ozod etildi

10:36 24 Iyul 2020 Jamiyat
1093 0

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali Davergeodezkadastr qoʻmitasi raisiga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish imkonini beruvchi telegram bot kanal ishga tushirildi. Unga kelib tushayotgan murojaatlar asosida fuqaro va tadbirkorlarning muammolari oʻrganilmoqda.

Murojaatlarni oʻrganish jarayonida lavozimini suiisteʼmol qilib, vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan, bu sohada xalqqa xizmat qilish emas balki boshqa maqsadda yurgan rahbar va xodimlar yaqqol bilinib qolmoqda. 

Fargʻona viloyatida 5 ta, Namangan viloyatida 11 ta, Jizzax viloyatida 1 ta hamda Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazining 1 ta JAMI 18 nafar rahbar va xodimlar ishida koʻplab kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun lavozimidan ozod etildi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ular orasida kuni kecha Fargʻonada bino va inshootlarga kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 400 AQSH dollari talab qilgan Toshloq tuman yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi mutaxassisi, Oʻzbek davlat yer tuzish-ilmiy loyihalash instituti «Oʻzdaverloyiha» Fargʻona filiali muhandisi ham bor.

Umuman olganda, oxirgi 15 kun ichida Davergeodezkadastr qoʻmitasi tizimidagi 34 nafar rahbar va xodim lavozimidan ozod etildi.

"Korrupsion holatlar qayerdan va qanday qilib kelib chiqayotganini xalqimiz, aynan Siz yaxshi bilasiz. Shu sababli yana bir bor Sizlarga murojaat qilmoqchimiz.

Hurmatli fuqarolarimiz hamda tadbirkorlarimiz! Agarda Siz bizning xizmatlarimizdan foydalanishda muammo yoki korrupsion holatlarga duch kelsangiz, bizga (telegram bot @ygkuzbot, elektron pochta 01@ygk.uz) xabar bering!" deyiladi qoʻmita xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?