Oynadan oʻpkalanish nechogʻli toʻgʻri?!

23:30 16 Fevral 2019 Jamiyat
693 0

Foto: Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati.

Toshkent shahar hokimiyatida “Bugun bunyodkorlik — ertaga tarix” mavzuida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Toshkent shahar hokimligi vakillari, tumanlar hokimlari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, mustaqil jurnalistlar hamda blogerlar qatnashdi.

Tashkilotchilarning soʻnggi yillarda poytaxtda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, Sebzor dahasi, Shayxontohur va Yunusobod tumanlarining ayrim hududlarida uylari buzilishga tushgan fuqarolarning koʻz quvnatar maqtovlari aks etgani yoritilgan videoroligidan soʻng (afsuski, videorolikda qurib buzish manzaralarigina namoyish qilingan boʻlib, mavjud infrastruktura obyektlaridan foydalanishdagi kamchiliklar, xususan, gazetamizning bugungi sonida chop etilgan va saytimizda joylashtirilgan Uchtepa tumanining Tepaqoʻrgʻon mahallasidagi singari muammoli holatlar haqida hech qanday gap yoʻq) shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev matbuot anjumanini ochiq, deb eʼlon qildi.

Shu bilan bir soatdan ortiq vaqt toʻrtta oʻrinbosarning qogʻozga qarab oʻqib bergan spravkamonand hisobotiga sarflandi. Reglament masalasi kelishib olinmagani uchun birov eʼtiroz bildirib ham oʻtirmadi...

Bu fursat davomida kimdir xayol surib, kimdir esnab, yana kimningdir hisobotdagi olamshumul raqamlaru “Koʻrib qoʻyinglar, biz ishlayapmiz” qabilidagi iddaolardan ensasi qotib oʻtirdi. Qiziq, nahotki gap faqat raqamlarda boʻlsa?! Axir uning amaliy ijrosi odamlar hayotida yaqqolroq sezilishi koʻproq muhim emasmi?!

Shundan soʻng keyingi bir soatdan ziyodroq vaqt jonli muloqot, oʻtkir savollar va “navbatchi” javoblar, qizgʻin bahs-munozaralar ostida kechdi.

Anjuman haqida ortiqcha toʻxtalib oʻtirmasdan (chunki u yerda koʻtarilgan muhim masalalar va havola qilingan raqamlar xususida saytimiz orqali onlayn tarzda xabarlar uzatildi), asosiy urgʻuni tadbir mobaynida eʼtiborimizni tortgan ayrim jihatlarga qaratmoqchimiz.

Avvalo, anjuman mobaynida shahar hokimligi vakillarining aksariyati jurnalistlarga umumiy ishda koʻmak beradigan doʻst sifatida boqmasliklari soha vakillarini juda ham hayron qoldirdi. Toʻgʻri, ular imkon qadar xushmuomala koʻrinishga harakat qilishdi. Biroq tashkilotchilarning hali jurnalist savoli tugamasidan “Boʻldi, men sizni tushundim” degancha (keyin maʼlum boʻldiki, savol u tushunganidan koʻra jiddiyroq ekan) uning gapini boʻlishi, fikrini chalgʻitishi, mulohaza bildirib, taklifini aytayotgan blogerning soʻzlarini oxirigacha tinglamasligi va bunga reglamentni dastak qilishi (siz zerikarli hisobotni oʻqib berganda biz jim oʻtirgandik-ku) rahbarlik etikasiga nechogʻli mos keladi?! Agar ular oʻzlari taklif etgan OAV xodimlariga shunday munosabat koʻrsatishayotgan ekan, oddiy xalq vakillariga oʻta xushmuomalalik bilan murojaat etishiga kimdir ishonadimi?!

Ikkinchi jihat esa, mahalliy Kengash deputatlarining hali-hamon “mudrab oʻtirganligi”, “uygʻonolmayotgani” bilan bogʻliq. Aksariyati deputatlik maqomining talab va shartlari nima ekanini ham, xalq bilan hokimiyat oʻrtasida qanday koʻprik boʻlishi kerakligini ham bilmaydigandek goʻyo. Toʻgʻri, deputat Bahodir Gʻaniyev oʻzining mantiqiy mulohazaga asoslangan chiqishi bilan bu toifadan mustasno ekanini isbotladi, ammo qolganlar-chi?! Ular qachon “uygʻonishadi”?!

Shu jihatlardan kelib chiqib mulohaza qilganda, ayni kunlarda poytaxtimizda kechayotgan bunyodkorlik yumushlari atrofida yuz berayotgan turli-tuman tushunmovchiliklarga birgina jurnalistlar emas, hokimiyat vakillari ham birdek aybdor, deyish mumkin. Xalqona qilib aytganda, “qars ikki qoʻldan chiqyapti”!

Jurnalistning eng birinchi galdagi vazifasi ommaning eʼtiborini muammolarga qaratish, uning yechimini topishga barchani birdek chorlashdan iboratdir. Agar hokimlik vakili muammolar haqida chiqishlar boʻlishini istamas ekan, davlatimiz rahbari qoʻygan topshiriqni vijdonan bajarishi, kerak boʻlsa, sutkasiga 20 soat ishlab boʻlsa ham oʻz zimmasiga yuklatilgan masʼuliyatli ishini toʻlaqonli ado etishi, shu bilan bir qatorda, faoliyatida shaffoflik, ochiqlik, bagʻrikenglik, xolislikni taʼminlashi kerak emasmi?!

Anjumanda jurnalistlar Mirobod tumanining markaziy qismida joylashgan, xalq tilida “Polkushka” deb ataladigan tarixiy turarjoy binolarining buzilishi atrofida kechgan mashmashalarga alohida ahamiyat qaratishdi. Maʼlumki, bu haqda axborot saytlarida tahliliy maqolalar eʼlon qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralar kuchayganidan soʻng Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati tomonidan hudud toʻliq buzilmasligi va faqat hech qanday tarixiy ahamiyat kasb etmaydigan ikki qavatli imoratlargina buzilishi mumkinligi, bu yumush ham shu yerda istiqomat qiluvchilarning toʻlaqonli roziligi asosida amalga oshirilishi toʻgʻrisida xabar berilgan edi. Ammo keyinchalik 6 fevral sanasi bilan uylarni buzish haqida qaror qabul qilingan, bu esa ommadan yashirilayotgan ekan. Taassufki, “Gazeta.uz” muxbirining shu haqda bergan haqli savoliga mutasaddilar baribir aniq javob qaytarishmadi. Birgina Mirobod tumani hokimining “Agar sizga kerak boʻlsa(!), qarorni Feysbukka joylab qoʻyamiz”, deyishi shaffoflik, ochiqlik tamoyillariga qanchalar mos keladi-yu (bu qaror birgina shu jurnalistga kerak deb oʻylashadi shekilli), shahar hokimiyati oʻz vaʼdasida “tura olishini” nechogʻli isbotlaydi?! Bu savollarga ham javob topiladi, degan umiddamiz.

Shuncha gap-soʻzdan keyin poytaxtda qilinayotgan olamshumul oʻzgarishlarga faqat jurnalistlarning “aybi” bilangina investor kelmayotganiga ishonish qiyin... Toshkent shahar hokimiyati shu oʻrinda xalqimiz topib aytgan hikmatga amal qilsalar yaxshi boʻlardi: afting qiyshiq boʻlsa, oynadan oʻpkalama!

Hasan Toshxoʻjayev (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?