“Oy yogʻdusida aytilgan alla“

15:40 21 Noyabr 2019 Lifestyle
260 0

Toshkent fotosuratlar uyida shu nomda davom etayotgan Oʻzbekistonning koʻhna hunarmandlik anʼanalari hamda boy madaniy-tarixiy merosini ommalashtirishga qaratilgan, yurtimizning Toshkent, Andijon, Xiva va Gʻijduvon kabi shaharlaridagi peshqadam beshiksoz ustalarning ijodiy ishlari bilan tanishtirayotgan koʻrgazma tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Koʻrgazmaning ochilish marosimida beshik navqiron hayotning ramzi, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan hunar, anʼanaviy madaniyatlarni bir-biriga tutashtirib turgan bebaho qadriyat ekani haqida soʻz bordi. Darhaqiqat, beshik milliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Bu mahsulotni tayyorlash va bezashda yurtimizdagi har bir viloyatning oʻziga xos anʼanasi bor. Koʻrgazmada xalq ustalari oʻz asarlarini moʻjaz ashyolariga qadar rang-barang naqshu nigorlar bilan taqdim etgani oʻzbek beshigining tarixi va ahamiyatini ochish imkonini beradi.

- Azaldan beshik Markaziy Osiyo madaniyatida mustahkam oʻrin egallagan. Oʻzbek xalqi beshik timsolida milliy qadriyatlari, oʻzligi va anʼanalarini tasavvur qilgan, - deydi saʼnatshunos Binafsha Nodir. - Bu hunarmandchilik ota-bobolarimizdan farzandlari va nabiralariga meros qolgan. Koʻrgazmada sulolaviy ustalar ishlab chiqargan beshiklar oʻzligimizni namoyon etadi. Ular asrlar mobaynida foydalanilgan tayyor qolip-andozalar asosida yangicha, ayni chogʻda, beshiksozlik anʼanalarini davom ettiruvchi hunarmandlik namunalarini yaratayotgani quvonarli.

Toshkent fotosuratlar uyida anʼanaviy beshik tarixiga bagʻishlab tashkil etilgan koʻrgazma joriy yilning 25-noyabriga qadar davom etadi.

Adiba Umirova,
“Xalq soʻzi“.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?