Oilasi “Temir daftar”ga kiritilgan ayolni nima ajablantirdi?

10:10 23 Sentyabr 2020 Jamiyat
527 0

Illyustrativ foto

Kogon tumani Qasri Orifon qishlogʻida istiqomat qiluvchi Rayhon Yoʻldoshevaga bir farzandi uchun davlatimiz rahbarining 2020-yil 26-avgustdagi aholi nochor qatlamini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qaroriga muvofiq, bir nafar farzandi uchun 500 ming soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi. Vaholonki, nochor oila sifatida “Temir daftar”ga kiritilgan bu oilada voyaga yetmagan yana ikki nafar bola bor.Ularga nega moddiy yordam ajratilmadi ekan?

Rayhon Yoʻldoshevani xuddi shu narsa ajablantirdi.Koʻnglidan ”Turmush oʻrtogʻim nogironligi tufayli ishlamayapti. Agar qolgan ikki bolam uchun ham moddiy koʻmak ajratilsa turmush tashvishlarimiz biroz yengillasharmidi”, degan oʻylar oʻtdi. Shu oʻy-fikr uni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tuman Xalq qabulxonasiga boshlab keldi.

— Rayhon Yoʻldoshevaning murojaatini oʻrganib chiqdik, — deydi mazkur qabulxona mudiri Said Mirzayev. — Chindan ham bu oilada 12, 10 va 8 yashar bola voyaga yetayotgani, ularning faqat bir nafariga moddiy yordam berilgani aniqlandi.Murojaatchi haq boʻlib chiqdi. Qaror talabiga muvofiq,shu kunning oʻzida Rayhon Yoʻldoshevaning qolgan ikki bolasi uchun bir million soʻm miqdorida yordam puli ajratildi.

Bu kabi misollarni koʻplab keltirish mumkin. Eʼtiborlisi, Xalq qabulxonasi va sektorlar rahbarlari tomonidan fuqarolarning muammolarini birgalikda hal qilishda deputatlar kuchidan oqilona foydalanilmoqda. Shu oʻrinda bir misol. Tuman hokimining Xalq qabulxonasida oʻtkazgan qabuli chogʻida «Oʻba-Choʻli» mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Qarshiliklar qishlogʻi 7-uyda yashovchi Xushvaqt Shodmonovani bezovta qilib kelayotgan ikki muammo shu joyning oʻzida hal etildi. U jamoatchilik ishiga jalb etildi. Ishli boʻldi. Xalq deputatlari tuman kengashi deputati J. Karimov tomonidan unga 1 qop un ham yetkazib berildi.

Kogon tumani “Oʻba Choʻli” MFY Demiliyon qishlogʻida yashovchi Malika Aminova Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, oʻzi yashaydigan hududning ichki yoʻllarini asfaltlashtirib berishni soʻradi. Uning murojaati 1-sektor rahbariyati tomonidan nazoratga olindi.“Ichki yoʻllarni joriy taʼmirlash” manzilli dasturiga kiritilib, salkam bir kilometrlik yoʻl asfaltlashtirib berildi.

Umuman, joriy yilning oʻtgan davrida tuman Xalq qabulxonasiga 300 ta muammo yuzasidan 290 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 163 tasi qanoatlantirildi. 63 tasi esa koʻrib chiqilmoqda.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?