Oilaga e’tibor aslida bu o‘zligimizga e’tibordir

15:13 15 May 2018 Jamiyat
1339 0
Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi".​​​

Jamiyatdagi har qanday qusur va kamchiliklarning ildizini aksar hollarda oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitdan izlash nechog‘li o‘zini oqlagani kabi kuchli, barqaror hamda farovon davlat tizimi negizini ham, avvalo, mustahkam oilalar tashkil etishini bugun tobora chuqur anglab yetmoqdamiz. Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev milliy va ma’naviy qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda oila institutini rivojlantirish, bu sohada yillar davomida e’tibordan chetda qolib kelgan bo‘shliq hamda muammolar yechimi yuzasidan tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari oldiga dolzarb vazifalarni qo‘yayotgani bejiz emas.

Ko‘plab ijtimoiy og‘riqlarga sabab bo‘luvchi erta nikohlarning jamiyatimizda kuzatilayotgani, har yili ajralishlar soni 10-11 foiz oshib borayotgani, ayollar jinoyatchiligi, voyaga yetmaganlar nazoratsizligi hamda huquqbuzarligi ko‘p uchrayotgani, afsuski, ayni haqiqatdir. Bunday noxush manzaralarga uzil-kesil chek qo‘yish va ularning oldini olish uchun, albatta, oilalar bilan ishlash tizimiga hayotiy, samarador mexanizmlarni joriy qilish zamon talabiga aylandi. Binobarin, davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni zamirida ham, asosan, ana shu maqsadlar o‘z ifodasini topgan.

Mazkur Farmon bilan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining yagona tizim sifatida Vazirlar Mahkamasining huzurida tashkil etilgani bugungi shiddatkor globallashuv jarayonida axborotlashgan oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida muhofaza qilish hamda mustahkamlashga muhtoj ekani va har qanday davlatning istiqboli oila mustahkamligi bilan chambarchas bog‘liqligini yaqqol tasdiqlab turibdi.

Ta’kidlash joiz, ayni vaqtga qadar oilalarni alohida ijtimoiy institut sifatida monitoring qiluvchi hamda bu boradagi yagona siyosatni amalga oshiruvchi davlat organi mavjud emas edi. Oilalar bilan ishlagan tashkilotlar tarqoq ravishda faoliyat yuritardi. Masalan, mahalla instituti faqatgina mahalla kesimida, xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar masalasida, sog‘liqni saqlash tizimi ona va bola salomatligi yo‘nalishida hamda shu kabi boshqa qator tashkilotlar ham o‘z ob’ekti tizimida davlatimizning oila siyosatida ishtirok etib kelardi xolos.

Mutlaqo yangidan shakllantirilgan Markazning asosiy vazifasi esa davlat hamda jamoat tashkilotlari, parlament, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini O‘zbekiston oilalarini mustahkamlash yagona g‘oyasi atrofida birlashtirish, bu borada samarali davlat siyosatini yuritish, mamlakatda faqat sog‘lom oila sog‘lom jamiyat ustuni bo‘lishi to‘g‘risidagi tushunchani aholi ongiga singdirishdan iboratdir.

Biz ushbu maqsadlar yo‘lida yetakchi olimlar hamda mutaxassislarni, lozim bo‘lsa, xorijiy ekspertlarni Markaz faoliyatiga keng jalb qilamiz. Barcha darajadagi oilalar rivojiga tegishli masala va muammolarni ilmiy usullarda, amaliy tadqiqot olib borish orqali tahliliy yondashgan holda hal etish niyatidamiz. Albatta, bugungi zamondagi turli tahdidlar sharoitida oilalardagi qiyinchiliklar ko‘rsatkichlari aniq masshtabini aniqlash, ularni har bir hudud kesimida, hududning o‘zigagina xos geografik, etnik-ijtimoiy, tarixiy, madaniy-ma’rifiy xususiyatlaridan kelib chiqib, har taraflama o‘rganish talab qilinadi. Oila mustahkamligiga erishish, zamonaviy namunali oila modelini shakllantirish uchun, birinchi navbatda, barcha sohadagi ilmiy ishlanmalar holatini inventarizatsiyadan o‘tkazish hamda istiqbolda amalga oshirish lozim bo‘lgan fundamental amaliy va innovatsion ilmiy ishlar rejasini ishlab chiqish nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada O‘zbekiston ilm-fanida muayyan yutuqlar bor, albatta. Ko‘pgina davlat hamda nodavlat, xalqaro tashkilotlar grantlari orqali dolzarb loyihalar hayotga tatbiq qilinayotgan bo‘lsa-da, oldinda bajariladigan izlanishlar ko‘lami hali juda katta. Ayniqsa, demografiya yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy ishlar va mutaxassislarning yetarli emasligi, oilaviy psixologlarning deyarli yo‘qligi, shaxslararo munosabatlar, oilaviy tadbirkorlik, ijtimoiy xizmat sohasidagi ziddiyatlar, ularni bartaraf etishning ilmiy yechimlarini topish masalalarida tizimli faoliyatni yo‘lga qo‘yishimiz zarur. Shu paytgacha oila sohasida olib borilgan ilmiy ishlar aynan hududlardagi muammoli masalalar bilan uyg‘un emas, shu sababli aksariyat tadqiqotlar o‘zini oqlamagan, ya’ni real hayotga joriy qilinmagan.

Demak, bizning ustuvor vazifalarimizdan biri, bu — sohadagi haqiqiy ilm sohiblarini atrofimizga birlashtirish, dolzarb izlanishlarga muayyan hududlarga xos bo‘lgan muammolardan kelib chiqib yondashish, tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etishda bosh-qosh bo‘lib, oilalardagi qiyinchiliklarni bartaraf qilishning ilmiy xulosalarini ishlab chiqish hamda amalda qo‘llashdir.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida joriy yilning 9 aprel kuni Toshkent shahrida ilk bor O‘zbekistonning taniqli oilashunos olimlari, ekspertlari, tadqiqotchilari, huquqshunoslari, demograflari, psixologlari, iqtisodchilari, sotsiologlari, tarixchilari, dinshunoslari, shuningdek, prokuratura, adliya, FHDYo organlari, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari vakillari, jami yuz nafardan ziyod mutaxassislarni bir davraga jamuljam qildik.

Ushbu anjumanda O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash hamda rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatining tamoyillari atroflicha muhokama etildi. Ma’lum bo‘ldiki, qilingan ishlardan ko‘ra, amalga oshirilajak ishlarimiz ko‘p ekan va biz faqat birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib hozirgi kundagi muammo hamda bo‘shliqlarni hal etishimiz mumkin ekan.
Alalxusus, anjuman ishtirokchilari bilan “Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat” konseptual g‘oyasini hayotga tatbiq qilishga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish bo‘yicha istiqboldagi vazifalarni kelishib oldik. Xususan, oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini, uning farovonligi hamda xotirjamligini oshirish masalalarini kompleks o‘rganishni tashkil etish, zamonaviy oilani rivojlantirish, oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlarni, boy madaniy tarixiy meros va an’anaviy oilaviy qadriyatlar muammolari bo‘yicha fundamental, amaliy hamda innovatsion tadqiqotlarni muntazam o‘tkazib boramiz. O‘z navbatida, umuminsoniy hamda milliy oilaviy qadriyatlarni tahlil qilish asosida zamonaviy namunali oilaning mezonlarini belgilash hamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini keng targ‘ib etish hamda jamiyatga singdirish masalalariga ilmiy-innovatsion jihatdan yondashamiz.

Anjumanda qator xalqaro tashkilotlar, chet el davlatlarining oilashunoslari qatnashgani esa oila — nikoh munosabatlari sohasidagi ilg‘or xorijiy amaliyotni ilmiy tahlillarga tayangan holda chuqur o‘rganish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan uzviy hamkorlik hamda tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish borasidagi dastlabki qadamlarimizdan bo‘ldi. Anjuman yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash Konsepsiyasining loyihasi tayyorlandi va yaqin vaqtlarda qabul qilinishi mo‘ljallanmoqda.
Xuddi shuningdek, voyaga yetmaganlarni huquqiy himoya qilishning moddiy protsessual masalalari, ajralishlarning oldini olish, yoshlarga oilaviy munosabatlarning huquqiy hamda psixologik asoslarini o‘rgatish, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali zamonaviy namunali oilaning mezonlarini ishlab chiqish va boshqa ko‘plab mavzularda nafaqat poytaxtda, balki chekka hududlarda ham xonadonma-xonadon yurgan holda ilmiy izlanishlar olib borilib, chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Ma’lumki, sudlar tomonidan qaror qabul qilinayotganida, eng avvalo, ajralishlarning oldini olish, mazkur jarayonda ayollar hamda bolalar manfaatlarini muhofaza etish, ayniqsa, ularni uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan choralarni ko‘rish, shuningdek, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi hamda shar’iy nikohlarning oldini olish, bu borada javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha “Oila” markazi mas’ul xodimlari tomonidan Oila, Jinoyat, Uy-joy, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslari tegishli moddalariga o‘zgartishlar kiritish yuzasidan, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi, “Oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi va “Aholining reproduktiv salomatligi to‘g‘risida”gi qonun loyihalariga takliflar berildi.

Faoliyatimiz boshlangan qisqa davr ichidagi dastlabki ilmiy-amaliy tadqiqotlarimiz natijalari yoshlarning oilaviy turmushga tayyor emasligi, kelinga qaynona yoki oilaning boshqa a’zolari turli ko‘rinishda zug‘umlar o‘tkazishi, xotinning er tomonidan kamsitilishi, qudalar o‘rtasidagi tushunmovchilik, arzimas oldi-berdilar ham yoshlarni bir-biridan ajratib yuborishi, boshqa jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligidan dalolat bermoqda. Demak, oila institutini mustahkamlash uchun aholi, ayniqsa, yoshlar orasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini shunchaki hisobot emas, balki haqchil, to‘g‘ri va samarali olib borish hayotiy zaruratga aylanmoqda. Tabiiyki, bu “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazidan zamonaviy usul va yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishni talab qiladi. Shu ma’noda, eng avvalo, yoshlarni, o‘g‘il-qizlarimizni nafaqat jismonan, balki huquqiy, ruhiy, ma’naviy, moddiy tayyorgarligi masalasi ham o‘ta dolzarb va bu borada keng qamrovli izlanishlar olib borishimiz lozim. Jumladan, yoshlarni turmushga tayyorlashni bola tug‘ilishidan boshlash kerakligi, ta’lim tizimiga axloqshunoslik, oila sohasiga yo‘naltirilgan fanlarni kiritish, turmushdan avval yoshlarni psixologik jihatdan bir-biriga mutanosibligini tekshirish, tibbiy nazorat samaradorligini oshirish, eng muhimi, turmush qurish uchun qanday bilimlarga ega bo‘lishi lozimligini nikoh yoshidagi shaxslarga yetkazishimiz darkor. Umuman, oila madaniyati hamda ma’rifatini butun umr mobaynida mustahkamlab borish lozimligi prinsipini shakllantirishga erishishimiz zarur.

Albatta, faoliyatimizning eng ustuvor tomoni, bu — oilaviy ajralishlarning oldini olishga qaratilgan. Bu yo‘nalishda kuni kecha Sirdaryo viloyatida olib borilgan ilmiy izlanishlarimizni yakunladik. “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining mas’ul xodimlari, fan doktorlari, professorlar va fan nomzodlari, ilmiy tadqiqotchilardan iborat 4 ta ishchi guruhi Sirdaryo viloyatining 4 ta shahar hamda 7 ta tumanida xonadonma-xonadon yurib tadqiqotlar olib borishdi. Ma’lum bo‘lishicha, viloyat aholisi mamlakat aholisining 2,5 foizinigina tashkil etadi, biroq bu hududdagi ajralishlar respublika ko‘rsatkichining 4 foizini qamrab olmoqda. Yoki viloyatda ajralishlar 2012 — 2017 yillarda 92 foizga oshib ketgani holat o‘ta jiddiy ekanidan dalolatdir. Ko‘rinib turibdiki, bu borada olib boradigan ishlarimizni tubdan o‘zgartirishimiz, oilaviy munosabatlarni mustahkamlashning samarali ta’sirchan usullarini ishlab chiqishimiz va bu masalaga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishimiz shart.

Shu bilan birga, ijtimoiy qiyin ahvolga tushib qolgan oilalar ham Markazimizning doimiy diqqat-e’tiborida turishini qayd etish o‘rinli. Bu masalaga Namangan viloyati misolida mutaxassislarimiz yangicha innovatsion yondashuvni joriy qilishga kirishdi. Xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi qator muassasalar (hokimlik, sog‘liqni saqlash, bandlik, FHDYo, ichki ishlar, mahalla va boshqalar) bilan hamkorlikda avval oilaga ko‘rsatiladigan xizmatlar kompleks o‘rganib chiqildi. Keyingi bosqichda bu axborot bilan ishlash yuzasidan oila sohasi mutaxassislariga trenerlar yordamida mukammal bilim beriladi. “Oila” markazi mutaxassislari davlat hamda nodavlat tashkilotlariga oilaga xizmat ko‘rsatishni ta’minlab beruvchi mutaxassis sifatida yaqinlashtiriladi. Natijada qiyin ahvolga tushgan oilalar davlat xizmatidan bahramand bo‘ladi. Bu jahon amaliyotida mavjud tajriba bo‘lib, ijtimoiy ish kasbiga ega bo‘lgan xodimlar faoliyati katta istiqbolga ega. Bunda oila to‘liq davlat himoyasi hamda ko‘magi bilan ta’minlanadi. Markazimiz xodimlarining vazifasi esa mahallalarda qiyin ahvolga tushgan oilalarni aniqlashda ko‘maklashish, ularning manzilli ro‘yxatlarini shakllantirish, ma’lumotlari bazasini to‘plash, mahalla xizmatchilari va boshqa tegishli mutaxassislarning malakasini oshirish hamda davlat xizmati manzilli yetib borishi ustidan monitoring yuritishdan iboratdir.

Binobarin, ushbu yo‘nalish va umuman, oilalar bilan ishlashda barcha soha mutaxassislari kerakli bilim hamda ko‘nikmaga ega bo‘lishi kerak. Aynan shu maqsadda davlatimiz rahbarining Farmoni bilan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi zimmasiga ilk bor maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish vazifasi yuklatildi va bu kurslarda mutaxassislar oila psixologiyasi, oila ma’naviyati, yoshlarni turmushga tayyorlash, sog‘lom hamda mustahkam oila barpo etish, muxtasar aytganda, oila sohasidagi davlat siyosatining asoslari bo‘yicha muntazam ravishda bilim, malaka va tajribalarini oshirib borishadi. “Oila” markazining Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlar boshqarmalari huzurida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini o‘rgatish, ajralishlarning oldini olish, shuningdek, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga oid boshqa masalalar bo‘yicha kadrlar malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash bo‘yicha ana shunday maxsus o‘quv kurslari erta-indin o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda.

15 may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan joriy yilning 8 may kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishining bayoni bilan Oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaning farzand tarbiyasi borasidagi mas’uliyatini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlashda oilaning tutgan o‘rnini targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi. Unga muvofiq, 10 — 17 may kunlari mamlakatimizda “Mustahkam oila haftaligi” deb e’lon qilindi. Ayni kunlarda butun respublikamiz bo‘ylab joylarda oilalar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, yuzma-yuz muloqotlar, savol-javoblar, viktorinalar, sport-sog‘lomlashtirish musobaqalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, kitobxonlik kunlari va boshqa turli mavzulardagi tadbirlar o‘tkazish avj pallaga kirgan.

Bular, albatta, quvonarli. Biroq bugungi globallashuv sharoiti ijtimoiy-iqtisodiy omillar juda tez o‘zgarayotgan bir chog‘da chinakam ma’naviyat o‘chog‘i, milliy an’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash manbai — oilalar bilan ishlashni tobora kuchaytirishni taqozo etmoqda. Davlatimiz rahbari shu yil 7 fevral kuni mutasaddilar ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda, Sirdaryo hamda Namangan viloyatlariga tashrif buyurganida ham sohada hali amalga oshirish zarur bo‘lgan qator dolzarb vazifalar turganiga urg‘u berar ekan, oilaga e’tibor aslida bu o‘zligimizga e’tibor ekanini alohida ta’kidladi.

Hozirgi paytda mamlakatimizda 7 milliontadan ortiq oilalar mavjud. Ularda kamolga yetayotgan bolalar esa — ertamiz egalari, kelajagimiz. Har bir oilaning mustahkam bo‘lishi, ularda sog‘lom muhit qaror topishi farzandlar tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlikni kafolatlashda ham katta o‘rin tutadi. Shunday ekan, bu boradagi sa’y-harakatlar ko‘lamini kengaytirish maqsadga muvofiq va bu zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. 

Dilorom TOSHMUHAMEDOVA,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?