“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi uchun yangi bino foydalanishga topshirildi

12:01 17 Sentyabr 2018 Jamiyat
2163 0
Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan marosimda davlat va jamoat tashkilotlari, xotin-qizlar va yoshlar, ibratli oilalar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda maʼlum qilindiki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan tashkil etilgan. Markaz oʻz faoliyatida, avvalo, “Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini olib boradi. Shuningdek, oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini taʼminlash, oilaning ichki va shaxslararo munosabatlarini boy madaniy, tarixiy meros va anʼanaviy oilaviy qadriyatlar asosida yoʻlga qoʻyish, bu borada fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni oʻtkazish pirovardida oila institutini mustahkamlash kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”

“Faoliyatimizni samarali yuritishimiz uchun foydalanishga topshirilgan binoda barcha zamonaviy sharoitlar yaratildi. Binoning birinchi qavatida markaz bilan hamkorlikda ishlaydigan nodavlat tashkilotlar joylashgan boʻlsa, ikkinchi qavatida boy kitob fondiga ega oila kutubxonasi, oʻquv zali, fuqarolarni qabul qilish hamda maxsus treninglar oʻtkazishga moʻljallangan xonalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari bilan taʼminlangan”, — deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi rahbari Dilfuza Joʻrayeva.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?