Oila aʼzolarimiz sogʻligi va xavfsizligi uchun oila davrasida qolaylik

19:28 22 May 2020 Jamiyat
171 0

Jonajon Vatanimizda milliy va diniy qadriyatlarimizga boʻlgan hurmat va eʼtiborni yana-da mustahkamlash, el-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-muruvvat ramzi boʻlib kelayotgan muborak Ramazon oyida islom dinining tinchlik, bagʻrikenglik, shukronalik kabi olijanob gʻoyalari zaminida insonparvarlik mohiyatini keng angladik, deb oʻylayman!

Afsuski, muqaddas bayramimiz butun dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat davom etayotgan ogʻir bir davrga toʻgʻri kelmoqda. Tahlikali kunlarda Ramazon hayit bayramini belgilangan karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda, dinimiz buyurgan ibodat amallarimizni uyimizda, oilamiz davrasida ertangi kunga yuksak ishonch va umid bilan oʻtkazishimiz juda muhimdir.

Maʼlumki, 22-may holatiga Respublikamizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3006 nafarga yetdi. Kuni kecha 35 nafar, bugungi kunga qadar 2407 nafar, yaʼni 80 foiz bemor toʻliq sogʻaydi. Shu bilan birga, 44 mingdan koʻproq fuqaro karantindaligi, ularning 18 mingdan ortigʻi statsionar sharoitda karantinga joylashtirilganligi bu- odatiy holat degani emas.

Karantin tadbirlari davom etayotganini, ayrim hududlarda birmuncha yumshatilganidan oʻz salomatligimizga befarq boʻlmasligimiz kerak. Bugun koronavirus aniqlangan 39 bemorning 28 nafari aholi orasidan qayd etilganligi, ularning 15 nafari Navoiy viloyatida, 13 nafari Samarqand viloyatida aniqlanganligini ommaviy axborot vositalaridan koʻryapmiz. Bemorlar bilan muloqotda boʻlgan yuzlab, minglab odamlar kuzatuvga olingan, karantinga joylashtirilgan.

Biz bu holatdan toʻgʻri xulosa chiqarishimiz kerak. Atrofimizda kasallikka chalinganlar yoʻqligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Demak, siz ham kasallikka chalinishingiz, uyga olib kelishingiz, oila aʼzolaringizga yuqtirishingiz mumkinligini zinhor esingizdan chiqarmang! Zero, salomatligimiz – bu boyligimiz va borligimizdir!

Oldimizda ulugʻ ayyom Ramazon hayiti bayrami turibdi. Guruh-guruh boʻlib, xonadonma-xonadon yurishlarimiz juda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Agar vaziyat jiddiylashib ketadigan boʻlsa, eslab koʻring-a, qancha vaqt uydan umuman chiqmadik. Biroq bu vaziyat takrorlanishini hech birimiz ham aslo istamasligimiz tayin. Shunday ekan, barchangizni hayit bayramini Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining 2020-yil Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisidagi bayonotida belgilangan qatʼiy talablar asosida oʻtkazishga chaqirib qolaman.

Zero, Hayit arafasida va bayram kunlari yoshi ulugʻ keksalarimiz va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlarimiz bilan bogʻliq anʼanalarimizni karantin talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirish har birimiz, yaqinlarimiz uchun juda muhim.

Muborak AHMEDOVA

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?