Ohangaronda 28 ta ehtiyojmand oilaga yangi uy topshirildi

16:07 19 Noyabr 2018 Jamiyat
192 0

Arxiv foto

“Xalq soʻzi Online”. Rahmatilla Sheraliyev/Toshkent viloyatiPoytaxt viloyatida oʻtgan bir yil ichida koʻplab ehtiyojmand oilalar bepul va imtiyozli shartlar asosida yangi uy-joylarga ega boʻlishdi. Bu boradagi xayrli saʼy-harakatlar koʻlami tobora kengayib bormoqda.

Xususan, kuni kecha ana shunday uy-joylar ohangaronlik 28 ta ehtiyojmand oilaga topshirildi. Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, tumanda bir muddat avval qarovsiz, tashlandiq ahvolda boʻlgan bino mukammal taʼmirlanib, shinam va koʻrkam xonadonlarga aylantirildi. Bu yerda xonadon sohiblari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni hozirlash, ularning munosib hayot kechirishlari uchun byudjet mablagʻlari hisobidan 3 milliard soʻmdan koʻproq mablagʻ sarflandi. Turarjoy atrofida yangi sexlar qurilib, ish oʻrinlari tashkil etildi.

— Inson hayotdan qachon rozi boʻladi? Qachonki oʻz uyiga ega boʻlsa, oilasi bilan tinch-totuv yashasa, — deydi yangi xonadon egasi, II guruh nogironi Alimardon Mirzamurodov. — Togʻli Ertosh qishlogʻida 4 nafar farzandim bilan ogʻir sharoitda yashar edim. Endi bu yerda hamma shart-sharoitlar bor. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mohiyati, avvalambor, kuchli ijtimoiy himoyaga qaratilayotganligidan behad mamnunman.

Yangi turarjoy binolarini topshirish munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari nishonlanayotgan uy toʻylari mamlakatimizda tom maʼnoda xalqimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi islohotlarning amaldagi hayotbaxsh samarasi ekanligini alohida taʼkidladilar.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?