Ohangaronda 12 km.lik pullik yoʻl qurilishi mumkin

14:55 25 Oktyabr 2018 Jamiyat
721 0
Illyustrativ foto

Oʻzbekistonda pullik yoʻllarni joriy qilish tajriba sinovdan oʻtkaziladi. Bu haqda Bosh prokuraturaning Tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan davra suhbatida maʼlum qilindi. Jumladan, xorijiy investorning “Pullik yoʻl” biznes loyihasi tegishli davlat idoralari vakillari bilan muhokama qilindi.

10 yildan buyon, yoʻl qurish, koʻchmas mulk, sanoat-ishlab chiqarish, tibbiyot va savdo yoʻnalishlarida yirik loyihalarni realizatsiya qilib kelayotgan bosh qarorgohi Daniyada joylashgan “Alliance Capital K/S” kompaniyasi mazkur yoʻlni qurish uchun investitsiya kiritmoqchi.

Kompaniya Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida 12 kilometrlik “Pullik yoʻl” loyihasini taklif etdi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, hozirda foydalanib kelinayotgan A-373 avtomobil yoʻli shahar markazini kesib oʻtgan va unda kuniga 20 mingtadan ortiq turli toifadagi avtoulovlar qatnaydi. Qolaversa, yoʻl yuzida doimo aholi gavjum boʻladigan bozor, maktab, kasb-hunar kolleji va 5 ta svetofor boʻlgani uchun ham mashinalar soatiga 50 km. tezlikda harakatlanishga majbur.

Yuqori sifatli sement-beton qoplamali pullik yoʻl foydalanishga topshirilishi bilan shahar ichidan oʻtuvchi anʼanaviy yoʻllarda, ayniqsa, yuk mashinalarining qatnovi sezilarli darajada kamayadi. Loyihaga koʻra, avtomagistral boʻylab 24 soat davomida ishlovchi kafe, yoqilgʻi quyish va texnik xizmat shoxobchalari ham quriladi.

Eng muhimi, 6 qatorli yoʻl chetiga oʻrnatilgan panjaralar va birorta svetoforning yoʻqligi hisobiga mashinalar soatiga 120 km. tezlikda harakatlanishlari mumkin. Pullik yoʻllarda maxsus avtotransport vositalar qatnovi uchun imtiyozlar ham taqdim etiladi. Masalan, tez tibbiy yordam, avariya xizmati, FVV va Mudofaa vazirligiga.

Ohangaronda quriladigan pullik yoʻl Oʻzbekistonda yagona boʻlmas qolmasligi aniq. Sababi, hozirda yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beruvchi yana bir Toshkent — Samarqand avtomagistral yoʻl loyihasi ham muhokama qilinmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?