Ohangaron tumanidagi barcha davlat bogʻchalari ochiladi

10:54 23 Oktyabr 2020 Jamiyat
196 0

Joriy yilning 22-oktyabr kuni VI chaqiriq Xalq deputatlari Ohangaron tuman Kengashining navbatdagi XVI sessiyasi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Ohangaron tuman hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.

Sessiyada 2020-yilning 18-oktyabr kuni Xalq deputatlari Ohangaron tumani Kengashiga boʻshab qolgan oʻrinlarga deputatlik saylovlari boʻlib oʻtgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasiga muvofiq Xalq deputatlari Ohangaron tuman Kengashi 18-Obiz saylov okrugi boʻyicha boʻshab qolgan oʻringa deputatlikka saylangan Umirzakov Shunqor Umarovich hamda 23-saylov okrugi boʻyicha boʻshab qolgan oʻringa deputatlikka saylangan Abdullayev Abdurasul Neʼmatovichning deputatlik vakolatlari eʼtirof etildi. Yangi saylangan deputatlarga deputatlik guvohnomasi hamda koʻkrak nishoni topshirildi.

Shuningdek, sessiyada tuman Kengashi raisini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masala oʻrtaga tashlandi. Deputat Abdullayev Abdurasul Neʼmatovich nomzodi bir ovozdan maʼqullanib, Kengash raisligiga saylandi.

Sessiya ishida tumandagi mavjud maktabgacha taʼlim muassasalari, kasb-hunar va musiqa maktablarining pandemiya talablariga qatʼiy rioya qilgan holda faoliyatini boshlashga ruxsat berish masalasi ham koʻrib chiqildi. Bu haqda tuman hokimining oʻrinbosari Mirzabek Tashbayevning axboroti tinglandi. Deputatlar mazkur obyektlarni pandemiya sharoitida faoliyat boshlashi toʻgʻrisidagi taklifni maʼqullashdi.

Kun tartibidagi asosiy masala – tumanda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida tuman hokimi Abdurasul Abdullayevning axboroti eshitildi.

Tumanda 2020-2021-yillar qish va bahor oylari uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlaridan jami 2 444 tonna, shundan 1 131 tonna kartoshka, 615 tonna piyoz, 455 tonna sabzi va 226 tonna guruch mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish rejalashtirilgan.

Asosiy turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish uchun 6 mlrd. 998 mln. soʻm mablagʻ talab etiladi. Shundan 5 mlrd. 462 mln. soʻm oʻz mablagʻlari, 1 mlrd. 496 mln. soʻm bank krediti hisobiga amalga oshiriladi.

Mahsulotlarni zaxiraga jamgʻaruvchi 18 ta tashkilot qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi 61 nafar fermer xoʻjaliklari bilan mahsulot sotish va sotib olish boʻyicha 2 mlrd. 608 mln. soʻmlik shartnomalar imzolandi.

Bugungi kun holatiga jami 285 tonna, shundan 50 tonna kartoshka, 214 tonna piyoz va 21 tonna guruch jamgʻarilib, reja 12 foizga bajarilgan.

Bu boradagi masala yuzasidan boshqa sektor rahbarlari ham hisobot berib, oʻz hududlarida oziq-ovqat zaxirasini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan toʻxtalib oʻtishdi.

Oxirgi masala – tuman mahalliy byudjetining 2020-yil 2-yarim yilligida shakllangan qoʻshimcha manbalaridan joriy yil xarajatlari uchun mablagʻ ajratish toʻgʻrisida tuman moliya boʻlimi mudiri Abror Merganovning axboroti va takliflari eshitildi.

Koʻrilgan masalalar yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?