Ohangaron tumani “Gʻallaquduq” MFYda yashovchi fuqarolarning murojaati yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi axborot berdi

12:05 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
164 0

Xorij saytlaridan birida Ohangaron tumani “Gʻallaquduq” MFYdagi koʻp qavatli uylarga ichimlik suvi chiqmayotgani bogʻliq masalalar yuzasidan videoxabar tarqaldi, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilina boshlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Masala viloyat hokimligi axborot xizmati va tegishli masʼullar bilan birgalikda oʻrganib chiqildi. Umuman olganda, bu murojaat asosli. Haqiqatan “Gʻallaquduq” MFYda joylashgan, 280 ta xonadondan iborat 5 ta koʻp qavatli uy taʼmirga muhtoj, kanalizatsiya tarmogʻi eskirgani tufayli ishlamayapti, xonadonlarda ichimlik suvi taʼminoti mavjud emas. Quyida ularga toʻxtalamiz.

Ichimlik suvi boʻyicha. Mazkur uylar oʻtgan asrning 70-yillarida qurilgan boʻlib, oʻtgan vaqt davomida biron marta taʼmirlanmagan. Shu bois bugungi kunda bir qator muammolar toʻplanib qolgan. Bino ichidagi kanalizatsiya va ichimlik suvi quvurlari maʼnan eskirgani uchun foydalanishga yaroqsiz. Shu bois ham ichimlik suvini har bir xonadonga yetkazish imkoniyati yoʻqligi tufayli, mazkur 5 ta koʻp qavatli uyning hovlisida 6 ta ichimlik suvi tarmogʻi joʻmragi oʻrnatilgan. Suv taʼminoti uzluksiz amalga oshiriladi.

Kanalizatsiya tarmogʻi boʻyicha. 2018-yilda mazkur muammoli holat tumanning iqtisodiy imkoniyatidan kelib chiqib, homiylar koʻmagida bir qadar yumshatilgan. Mazkur 5 ta turar-joy uchun alohida kanalizatsiya qudugʻi qazilgan. Biroq, xonadonlarda uzluksiz suv taʼminotining mavjud emasligi tufayli, chiqindilarning kanalizatsiya tarmogʻi orqali chiqib ketishi qiyin boʻlayapti. Ayrim joylarda quvurlar yorilib, chiqindilar uyning yertoʻla qismiga chiqib ketayapti.

Mablagʻ masalasi. Hisob-kitoblarga qaraganda, mazkur 5 ta inshootning toʻliq umumiy taʼmiriga 3 milliard 300 million soʻm miqdorida mablagʻ zarur boʻladi. Loyiha smetasi “Gʻallaquduq kelajak zamini” HUJMSH tomonidan ishlab chiqilgan. Ayni maqsaddda ATIB “Ipotekabank” Ohangaron shahar filiali orqali kreditlash boʻyicha shirkat rahbari va bank masʼullari oʻrtasida muzokaralar davom ettirilmoqda. Shirkatning toʻlov qobiliyati, shirkat aʼzolarining umumiy roziligi, loyihaning istiqboli kabi masalalar ayni paytda oʻrganish jarayonida.

Koʻrilgan va koʻriladigan chora-tadbirlar. Mahalliy byudjetdan 74 million soʻm mablagʻ ajratish evaziga 700 metr uzunlikda suv quvurini tortib kelish ishlari bajariladi. Natijada, har bir xonadonga suv uzatishga yetarli bosim paydo boʻladi. Amaldagi qonunchilikka koʻra, bino ichidagi quvurlarni yangilash XUJMSH aʼzolarining saʼy-harakatlari bilan amalga oshiriladi.

Shuningdek, 18, 22 va 24-uyning tom qismini taʼmirlash uchun zarur boʻladigan kredit mablagʻini qisqa muddatda ajratish masalasi tuman hokimi Abduvohid Turdiboyev tomonidan nazoratga olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?