“Oʻgʻridan qoʻrqma, hisob-kitobi notoʻgʻridan qoʻrq”

11:35 09 Fevral 2019 Iqtisodiyot
337 0

Illyustrativ foto

Andijonda oʻtkazilgan uch kunlik xronometraj tadbirlarida savdo tushumlari salkam 120 million soʻmga oshirildi. Bu haqda viloyat davlat soliq boshqarmasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi xabar berdi.

Bugungi kunda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun soliq yuki pasaytirilib, imkoniyatlar koʻlami tobora kengaymoqda. Jumladan, yuridik shaxslar uchun yagona ijtimoiy toʻlovning miqdori 12 foiz qilib belgilandi. Shunday yengilliklar yaratilganiga yarasha tadbirkorlik subyektlari belgilangan qonun-qoidalarga amal qilyaptimi?

Ushbu savolga Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida oʻtkazilgan 292 ta xronometraj tadbirida javob topildi. 150 nafar kishi norasmiy ravishda ishlayotganligi aniqlandi.

Xususan, Oltinkoʻl tumani “Qoʻshtepa saroy” MFY hududida faoliyat yuritayotgan “Mubina grand tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobotlarida 33 nafar xodim ishlayotganligini koʻrsatib kelgan. Tadbir chogʻida korxona 62 nafar ishchisiga “konvert” usulida maosh berib kelayotganligi ayon boʻldi.

“Qoʻshimcha ishchi” oʻrni yaratib, ularni yashirish borasida “Oltinkoʻl universal savdo” markazi ham aslo qolishmagan. Hujjatda 22 nafar xodim bor. Ammo 34 kishi mehnat qilayotganligi aniqlandi.

Non — aziz neʼmat, shuningdek, halollik ramzi hamdir. Uni tayyorlashda yolgʻon, firib aralashtirish — eng katta gunoh. Ittifoq mahallasidagi “Oltinkoʻl non ishlab chiqarish” masʼuliyati cheklangan jamiyati esa halollikdan koʻra, daromad choʻgʻini ustun qoʻydi. Aslida 12 kishi mehnat qilayotgan boʻlsa-da, jamiyat oʻz hisobotlarida faqat 1 nafar xodimni koʻrsatgan xolos. 11 ishchiga “konvert” usulida haq toʻlab kelgan.

— Mana yana bir misol, — deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Akromjon Ochilov. — “Anjom” koʻp tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi foydani oshirishning ikki yoʻlini oʻylab topgan. Sodda qilib aytganda, davlat byudjetiga tushishi kerak boʻlgan mablagʻlarni ham enidan, ham boʻyidan “urib” kelganligi tadbir davomida aniqlandi. Birinchidan, korxona ishchilari sonini oʻz hisobotlarida 5 nafar deb koʻrsatgan. Aslida esa 23 kishi mehnat qilayotganligi maʼlum boʻldi. Ikkinchidan, naqd pul tushumi ham chakki boʻlmagan. Lekin oʻzini goʻyoki “kamtarona” savdo qilayotgandek tutgan. Bir hafta oldin korxonaning savdo tushumi 100 ming soʻm boʻlgan, tadbir kuni qariyb 50 barobar oshib, 4 million 946,5 ming soʻmni tashkil etdi.

Yana bir qiziq holat. Markazda joylashgan ushbu umumiy ovqatlanish korxonasining toʻlov terminali boʻlmasligi mumkinmi? Oʻz manfaatini ustun qoʻyib, soliqdan qochadiganlar bunga ham chora toparkan. Birovnikini xuddi oʻzinikidek qilib koʻrsatishdan ham tap tortmaydi. Korxonaning toʻlov terminali tekshiruvdan oʻtkazilganda, u yakka tartibdagi tadbirkor Abdulhamid Moʻminovga tegishli ekanligi ayon boʻldi.

Shuningdek, xronometraj tadbirlarida savdo tushumi oʻtgan haftaning mos kunlariga nisbatan “Darvoza savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati Qoʻrgʻontepa shoxobchasida 5 million 860 ming soʻm, Asaka shoxobchasida 24 million 484 ming soʻm, Izboskan shoxobchasida esa 3 million 695 ming soʻm ortdi.

Umuman olganda, uch kunlik tadbir mobaynida 8 ta tadbirkorlik subyektining savdo tushumlari 122,9 foiz oshib, 119 million 868 ming soʻmni tashkil etishiga erishildi.

Xalqimizda “Oʻgʻridan qoʻrqma, hisob-kitobi notoʻgʻridan qoʻrq” degan gap bor. Qaysi sohada faoliyat olib bormasin, oʻzini hurmat qilgan tadbirkor, avvalo, hisob-kitobini toʻgʻri yuritadi. Shunda oʻzi ham, el ham, mamlakat ham naf koʻradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?