Ogʻir atletikachi Akbar Joʻrayev “Yilning eng yaxshi sportchisi“ boʻldi

09:59 29 Dekabr 2018 Sport
296 0

Ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionatida oltin medal sohibi boʻlgan Akbar Joʻrayev Oʻzbekistonda 2018 yilning eng yaxshi sportchisi deb topildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Joʻrayev nomzodi Bekzod Abdurahmonov, Moʻminjon Abdullayev, Diyorbek Oʻrozboyev, Isroil Madrimov, Svetlana Radzivil, Vadim Menkov, Denis Istomin kabi jami 28 daʼvogar ichidan saralab olindi.

Akbar Joʻrayev 1-10 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan ogʻir atletika boʻyicha Jahon chempionatida 102 kilogrammgacha vazn toifasida dast koʻtarishda jahon rekordini yangilab, oltin medal bilan taqdirlangan. Chempionatda 19 yoshli atlet ikkikurashda yoshlar oʻrtasida jahon rekordini yangilagan. Shuningdek, Akbar Joʻrayev bahorda yoshlar oʻrtasida Osiyo chempioni unvoniga sazovor boʻldi, yozda yoshlar oʻrtasida jahon chempionati kumush medalini qoʻlga kiritdi. Dekabr oyida Dohada oʻtkazilgan Tokio-2020 olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish uchun reyting ochkolarini toʻplash imkonini beruvchi nufuzli xalqaro musobaqada uchta medal egasiga aylandi.

Akbar Joʻrayev “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy kubogi, belgilangan namunadagi guvohnoma hamda 10 000 (oʻn ming) AQSH dollariga teng miqdoridagi mukofot puliga ega boʻldi.

Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 20 dekabrdagi “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston milliy kubogini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi 452-sonli qaroriga asosan har yili anʼanaviy tarzda eng yaxshi natija koʻrsatgan sportchi taqdirlanadi. Yilning eng yaxshi sportchisini aniqlash mazkur qaror bilan tasdiqlangan respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?