Oʻgʻil “Damas” bilan, ota pora bilan ushlandi

21:53 12 Fevral 2019 Jamiyat
1066 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi ONLINE”. Elyorjon Ehsonov/Fargʻona. Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasining I toifali inspektori M. Akbarov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Bogʻdod tumani boʻlimiga ariza bilan murojaat qildi.

Unda taʼkidlanishicha, 2018 yilning 19 oktyabrida oʻzi faoliyat yuritayotgan boshqarma hamda Buvayda tumani IIB YHXG xodimlari hamkorligida qoʻshma reyd oʻtkazilgan. Yoʻlovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shugʻullanayotgan haydovchilarni aniqlash maqsadida oʻtkazilgan mazkur tadbir davomida buvaydalik S. T. oʻziga tegishli boʻlgan “Damas” avtomashinasida amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda, aholiga transport xizmati koʻrsatayotgani maʼlum boʻlgan va unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma tuzilib, avtomashina jarima maydonchasiga olib kirilgan.

Voqeaning qizigʻi ertasi kuni sodir boʻladi. Yoʻlovchi tashish qoidasini buzgan haydovchining dadasi U. Q. Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi viloyat boshqarmasining I toifali inspektori M. Akbarovga telefon qilib, oʻgʻlining ishida “yordam” qilsa, 500 ming soʻm miqdorida “choychaqa” berishi”ni aytadi. Agentlik xodimi bu taklifni rad etgach, U. Q. boshqa vajlarni keltira boshlaydi. Goʻyoki jarima maydonchasidagi avtomashinani zudlik bilan sotishi kerak boʻlib qolganmish va shuning uchun “Damas”ni maydonchadan olib chiqish kerakmish. Fuqaro telefondagi suhbati davomida M. Akbarovning “hojatbarorligi”ni 100 AQSH dollariga baholaydi...

U. Q. deyarli har kuni telefon qilib, avtomashinani jarima maydonchasidan olib chiqishda yordam berishini soʻrab, M. Akbarovni holi-joniga qoʻymaydi va tabiiyki, Agentlik xodimi bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Bogʻdod tumani boʻlimiga murojaat qiladi.

26 oktyabr kuni U. Q. Bogʻdod shaharchasiga kelib, agentlik xodimi bilan xoli joyda uchrashadi va yuqoridagi “xizmat” uchun M. Akbarovga 100 AQSH dollari miqdorida pora berayotgan vaziyatda qoʻlga olinadi.

Joriy yilning 16 yanvar sanasida jinoyat ishlari boʻyicha Bogʻdod tumani sudi binosida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan U. Q.ni ayblash haqidagi jinoyat ishi koʻrib chiqildi va uning jinoiy qilmishi dastlabki tergov organi tomonidan toʻgʻri kvalifikatsiya qilingan, deb topildi.

Sud sudlanuvchiga nisbatan, amaldagi qonunchilikka muvofiq, eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida jarima jazosini tayinladi. Shuningdek, M. Akbarovga pora tariqasida taklif qilingan 100 AQSH dollari davlat daromadiga oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?