“Ofitserlar uchkurashi” musobaqasi final bosqichida hozircha kim peshqadam?

17:20 04 Iyul 2019 Jamiyat
171 0

Jizzax viloyatida joylashgan “Forish” togʻ dala-oʻquv maydonida Mudofaa vazirligi qoʻshinlari oʻrtasida “Ofitserlar uchkurashi” musobaqasining yakuniy bosqichi boshlandi, deb xabar berdi vazirlikning Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Taʼkidlash kerakki, dastlab harbiy qism, soʻngra okrug miqyosida oʻtkazilgan musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan harbiy jamoalar yakuniy bosqichiga yetib keldilar. Mudofaa vazirligi harbiy okruglari, Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari hamda Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonliklari, oliy harbiy taʼlim muassasalari harbiy xizmatchilaridan iborat jami 12 ta jamoa birinchilik uchun kurash olib borishadi. 

Ishtirokchilar dastlab pistoletdan nishonlarga oʻq otish boʻyicha bahslarga kirishdi. Birinchi kun natijalariga koʻra, umumjamoa hisobida Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy xizmatchilari peshqadamlikni qoʻlga kiritdi. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug — ikkinchi, Markaziy va Toshkent harbiy okruglari esa uchinchi oʻrinda ketmoqda. Harbiy xizmatchilar shuningdek, uzoq masofaga yugurish va 100 metrga suzish shartlari boʻyicha oʻzaro bellashadi.

Eslatib oʻtamiz “Ofitserlar uchkurashi” musobaqasi 5-iyulgacha davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?