“Odnoklassniki”da hokimga tuhmat qilgan shaxs 1,3 yilga ozodlikdan mahrum etildi

17:09 13 Mart 2019 Jamiyat
264 0

Illyustrativ foto

Internet, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar zarur axborot, muloqot maydoni boʻlibgina qolmay, ayrim uydirmachilar makoniga ham aylanib bormoqda, deb yozadi OʻzA.

Shundaylardan biri – Q.S. “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmogʻida oʻzining nomiga ochilgan profilga “Adolat izlab”, “Adolat qachon?” deb nomlangan video maʼlumotlarni joylashtirgan.

Unda goʻyoki tuman hokimi davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan til biriktirib, uni va akasi E.S.ni aybsiz boʻlsalar-da, ularga nisbatan noqonuniy dalillar toʻplatib qamatib yuborgani, fermer xoʻjaligi yer maydonlarini noqonuniy tortib olib, pora evaziga boshqa bir fuqaroga berib yuborgani aytilgan. Uning soʻzlariga qaraganda, tuman hokimi 15-20 gektar yerni 5-10 ming AQSH dollaridan sotib yuborgan. Bu gaplar bilan u tuman hokimini juda koʻp miqdorda pora olganlikda ayblab, bila turib uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatib, qasddan tuhmat qilgan.

Q,S. bu qilmishi bilan cheklanib qolmay, firibgarlik bilan ham shugʻullanib, ikkita odamning ish haqini bermay kelgan.

- Inson har qanday qilmishi uchun javob beradi, albatta, – deydi Jinoyat ishlari boʻyicha Xonqa tumani sudi raisi Maqsudbek Qilichev. – Ayniqsa, birovga asossiz tuhmat qilish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi. Q.S. tomonidan amalga oshirilgan ishlar, videomateriallarda tilga olingan holatlar tegishli tartibda oʻrganib chiqildi. Natijada bu fuqaro aytgan gapi, keltirgan faktlarini dalillar bilan isbot qilib bera olmadi. Q.S. qilgan tuhmati va firibgarligi uchun 1 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?