Odil sudlov:inson huquqlarini qoʻshimcha kafolatlovchi navbatdagi muhim hujjat

22:11 26 Iyul 2020 Siyosat
1090 0

“Sud binosiga kelgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi!”

Shavkat MIRZIYOYEV

Inson huquqlari — oliy qadriyat. Ularning amalda taʼminlanishi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilinishi hamda buzilgan huquqlarining tiklanishi bevosita sud hokimiyatining mustaqilligi, adolatli va xolis qaror qabul qilishi bilan baholanadi. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat.

Yurtimizda ushbu sohani rivojlantirish yoʻlida barcha choralar koʻrilib, sudlarning mustaqilligini taʼminlash, haqiqiy odil sudlovni amalga oshirish va pirovardida inson haq-huquqlarini himoya qilish borasida ijobiy natijalarga erishilyapti.

Yutuqlar oʻzimizniki, albatta. Bugun erishilgan yutuqlarni emas, tizimdagi muammolarni tahlil qilib, ularning yechimini izlash haqida oʻylaydigan zamonda yashayapmiz. Chunki vaqt bizni kutib oʻtirmaydi.

Doʻppini boshdan olib, chuqurroq mulohaza yuritadigan boʻlsak, sud-huquq sohasida hanuz byurokratik toʻsiqlar saqlanib qolayotgani, sud qarorlarini qayta koʻrishdagi bir-birini takrorlovchi amaliyotlar, tortishuv prinsipining yetarlicha taʼminlanmayotgani, investorlar huquqlarining sud himoyasida boʻlishi talab darajasida emasligi, prokurorlarning suddagi ishtirokida baʼzi vakolatlarning saqlanib qolgani yaqqol koʻzga tashlanadi. Bularning barchasi sud toʻgʻrisidagi qonunchilikni zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni, yangicha yondashuvlar asosida ish yuritishni talab etmoqda.

Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuziga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, uning oʻrni tegishli xalqaro reytinglarda pastligicha qolmoqda. Qonun ustuvorligi indeksi boʻyicha — 92 oʻrin, shundan “Fuqarolik odil sudlov” indikatori — 72, “Jinoiy odil sudlov” indikatori — 66 oʻrinda ekanligi sud tizimi va uning tashkiliy-huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirish lozimligining yana bir isbotidir.

Prezidentimizning “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni yuqorida tilga olingan muammolarni hal etishga xizmat qiladigan muhim hujjat hisoblanadi.

Mazkur Farmon bilan sudlarning tashkiliy-huquqiy shakliga bir qator oʻzgartirishlar kiritildi, xorijiy mamlakatlar tajribasida oʻzini oqlagan yangi institutlar joriy etilishi belgilandi, sudlarning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, ular faoliyatiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hamda sud apparati xodimlarini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Tashkiliy oʻzgarishlar sud faoliyatidan xalqimizni rozi qilishga qaratilgan

Xoʻsh, Farmonning qabul qilinishi natijasida oddiy fuqaro, xalqning hayotida qanday oʻzgarish yuz beradi? Fuqarolarga qanday yengilliklar yaratiladi, odil sudlov taʼminlanadimi, sudlarning chinakam mustaqilligiga erishiladimi?

Mazkur savollarga toʻlaqonli javob berish maqsadida Farmon bilan belgilangan qator oʻzgarishlarni tahliliy koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.

Xususan, hujjatni uchta asosiy oʻzaro bogʻliq boʻlgan jihatlar bilan izohlash mumkin. Avvalo, bu sudlar faoliyatining ochiqligi, uning oshkoraligi va shaffofligini kuchaytirish, sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudlar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning adolatli, xolis boʻlishi hamda pirovardida sudlarga nisbatan ishonchni oshirish orqali xalqning, fuqarolarning suddan rozi boʻlishiga erishish hisoblanadi.

Birinchidan, sud tizimining tashkiliy-huquqiy shaklini zamon talablari va xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati mavjud.

Xususan, bugungi kunda viloyatlarda fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning tuzilmaviy jihatidan alohida-alohida faoliyat yuritishi amaliyotda muayyan muammolarni keltirib chiqarmoqda. Sudlarning tarqoq boʻlganligi fuqarolar va tadbirkorlarning sarson boʻlishiga, sud ishlari boʻyicha yagona amaliyotning shakllanmasligiga sabab boʻlmoqda. Birgina 2019-yilning oʻzida 58 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorlar sudlardagi sarsongarchiliklarga nisbatan oʻz eʼtirozlarini bildirgan.

Bundan tashqari, sudlar apparatlaridagi yordamchi xodimlarga haq toʻlash va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash uchun byudjet mablagʻlarini ortiqcha sarflanishiga olib kelmoqda, shuningdek, oʻrta boʻgʻin umumiy yurisdiksiya sudlarining alohida faoliyat yuritishi ilgʻor xorijiy amaliyotga toʻla muvofiq, deb boʻlmaydi.

Masalan, Fransiya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Belarus va boshqa davlatlarda oʻrta boʻgʻin umumyurisdiksiya sudlari fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar boʻyicha yagona sud sifatida faoliyat yuritadi. Shunday ekan, bugungi kunning talabi sud tizimini optimallashtirish orqali sudlarning fuqarolar uchun ochiqligini taʼminlashdir.

Qabul qilingan farmon asosida viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish belgilandi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad yagona sud amaliyotini shakllantirish va shu orqali fuqarolar va tadbirkorlarning sarsongarchiliklariga chek qoʻyish hisoblanadi.

Ikkinchidan, bugungi kunda maʼmuriy sudlar faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, mahalliy hokimliklarning faoliyatida qonuniylikni taʼminlash, ularning noqonuniy qarorlarini bekor qilish orqali fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini oʻz vaqtida hamda samarali tiklashga qaratilgan.

Tahlillarga koʻra, maʼmuriy sudlar tomonidan 2019-yildan shu kunga qadar 2 mingdan ortiq hokim qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan. Shuni aytish lozimki, amaldagi maʼmuriy sudlar faoliyatida qator yechimini kutayotgan muammolar mavjud. Masalan, tuman miqyosida maʼmuriy sudlar, shu tuman hududidagi mahalliy hokimiyat organlaridan mustaqil faoliyat yuritishida qiyinchiliklar mavjud.

Ommaviy-huquqiy nizolarni koʻrishga ixtisoslashgan maʼmuriy sudlarga maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrish vakolati ham yuklatilgan. Bu ishlar tabiatiga koʻra jinoyat ishlariga yaqin boʻlib, ish hajmining asosiy qismini aynan shunday ishlar tashkil qilayotganligi maʼmuriy sudlarni tashkil etishdan koʻzlangan maqsadga erishishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Eʼtibor bering, joriy yil 6 oyida 183 ming, 2019-yilda 412 ming maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar koʻrilgan boʻlib, ommaviy huquqiy nizolar esa umumiy ishlarning atigi 4 foizini tashkil etyapti.

Shundan kelib chiqib, Farmon bilan 2021-yil 1-yanvaridan Oʻzbekistonda maʼmuriy odil sudlov tizimi tashkil etiladi. Bunda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi, mavjud maʼmuriy sudlar maqbullashtirilib, maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etiladi.

Maʼmuriy huquqbuzarliklar bilan bogʻliq ishlarning jinoyat sudlariga olib berilishi maʼmuriy sudlarning ish hajmini kamaytirish orqali davlat organlarining xatti-harakatlarining qonuniyligini sud orqali ishonchli himoya qilinishini kafolatlaydi.

Uchinchidan, jinoyat protsessual qonunchiligida mutlaqo yangi institut, jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichini kiritish joriy etilmoqda. Buning zarurati nimada, degan savolga javob berishdan oldin raqamlarga eʼtibor berish oʻrinli.

Misol uchun, 2019-yilda 469 ta ish sudda bir necha oy koʻrilgandan keyin dastlabki tergovdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun prokurorga qaytarilgan. Bu, oʻz navbatida, fuqarolarning sarson boʻlishi, muddatlarning asossiz ravishda choʻzilishi natijada fuqarolarning sudlarga nisbatan ishonchsizligini ortishiga sabab boʻlmoqda.

Jinoyat sudlarida dastlabki eshituv bosqichini joriy etish dastlabki tergov organlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish, ishni sud jarayoniga qabul qilishda tomonlarning teng ishtirokini taʼminlash orqali ularning vajlarini yana-da mustahkamlash va asoslash imkoniyatini yaratadi. Dastlabki eshituv instituti nafaqat anglo-sakson (AQSH, Buyuk Britaniya va h.q.) balki, romano-german sud tizimida (Germaniya, Fransiya va h.k), shu jumladan, MDH mamlakatlarida (Rossiya, Qozogʻiston va h.k.) ham joriy etilgan.

Sud qarorlarining sifatini oshirish va barqarorligini taʼminlashda toʻsiq boʻlib turgan holatlardan biri – bu sud qarorlari ustidan shikoyat keltirish huquqini beruvchi nazorat instansiyasining mavjudligidir. Bu instansiyaning mavjudligi BMTning maxsus maʼruzachisi D. Garsiya-Sayyan, Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik tashkilotining vakillari va boshqa ekspertlar tomonidan tanqid ostiga olgan. Ushbu institut sovet tuzumidan qolgan boʻlib, aksariyat MDH davlatlarida bekor qilingan (Qozogʻiston, Ozarbayjon, Gruziya, bundan tashqari, Germaniya, AQSH, Fransiya, Latviya va boshqalarda ham).

Shunga koʻra, Farmon bilan sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatiladi, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi 2021-yil 1-yanvaridan bekor qilinadi. Bu esa sudda har bir ish boʻyicha yakuniy toʻxtamga kelish hamda fuqarolar va tadbirkorlarning sarson boʻlishining oldini olishga qaratilgan muhim qadamdir.

«Bir instatsiya — bir sud» tamoyili tatbiq qilinadi

Hozirgi kunda viloyat sudlari 3 ta (birinchi, apellyatsiya va kassatsiya) instansiyada ishlarni koʻrib chiqadi. 2019-yilning oʻzida ayni bir viloyat sudida birinchi va apellyatsiya (kassatsiya) instansiyasida koʻrilgan ishlarning 13 mingga yaqini Oliy sudda oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan.

Endilikda bir sudning oʻzida birinchi instansiyada koʻrilgan ishlar, shu sudning oʻzida keyingi instansiya sifatida koʻrilishi amaliyotiga barham beriladi va sud qarorlari ustidan shikoyat berishning yangi tartibi joriy etilmoqda.

Birinchi, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish.

Ikkinchi, apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish.

Natijada ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etilishiga olib keladi.

Sud mustaqilligini taʼminlash choralari kuchaytiriladi

Mamlakatimizda sudlarning mustaqilligi, tergov va prokuratura organlari va boshqa taʼsirlardan xoliligi ularning hokimiyatning alohida boʻgʻini sifatida mavqeini oshirishga xizmat qiladi.

Afsuski, hozirda sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini toʻliq taʼminlashga toʻsqinlik qiluvchi quyidagi salbiy omillar saqlanib qolyapti.

Birinchidan, qonunchilikda prokuror sudda ayblovdan voz kechgan taqdirda sudya qanday qaror qabul qilishi kerakligi belgilanmagan.

Ikkinchidan, prokuror ishtiroki shart boʻlmagan fuqarolar yoki tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq ishlar koʻrilishida tanlov asosida qatnashib, taraflar yoki sudga bosim oʻtkazishi mumkinligi istisno etilmaydi.

Uchinchidan, prokuror tomonidan suddan ishni oʻz tashabbusi bilan chaqirib olinishi taraflarning tengligi tamoyili buzilishiga va turli suiisteʼmolliklarga olib kelishi mumkin. Shunga binoan, prokurorning sudda ish koʻrilishi jarayonida ishtirok etish tartibini ilgʻor xalqaro standartlarga moslashtirish zarurati mavjud.

Aynan shuning uchun Farmon asosida prokurorning qator vakolatlariga oʻzgartirishlar kiritildi. Xususan:

— davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish;

— prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan chaqirib olib oʻrganish;

— qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida prokuror oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish tartibi joriy etiladi.

Bular esa jinoyat protsessi ishtirokchilari vakolatlarining oʻzaro muvozanatini taʼminlashga xizmat qiladi.

Mustaqil sud hokimiyati haqida soʻz yuritar ekanmiz, bu borada sudlar va sudyalarning moddiy-maishiy taʼminoti muhim oʻrin tutishini qayd etish lozim. Bu borada ham ayrim muammoli holatlar mavjud.

Masalan, hozirgi paytda sudyalar va sud xodimlarining moddiy taʼminoti byudjetdan tashqari Sud hokimiyati organlari faoliyatini rivojlantirish jamgʻarmasi va byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Bunday tartib, sudyalar tomonidan ishlarni mustaqil va xolis koʻrib chiqilishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi bilan birga, xalqaro standartlarga javob bermaydi.

Farmon bilan sud tizimi sudyalari va xodimlarining moddiy taʼminotini moliyalashtirishni toʻliq Davlat byudjetiga oʻtkazilishi tartibi joriy etilishi hamda ularning ish haqlari miqdorlarini oshirilishi nazarda tutilgan.

 

Investor huquqlarining ishonchli kafolati yaratiladi

Yurtimizda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bugungi kundagi muhim vazifalardan hisoblanadi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, sarmoya kiritayotgan investor, birinchi navbatda oʻz huquqlari sud orqali kafolatli himoya qilinishiga eʼtibor beradi.

Shunday ekan, bugungi kunda investorning huquqlari ham toʻliq kafolatlangan, deya olmaymiz. Masalan, 2019-yilning oʻzida iqtisodiy sudlar tomonidan chet el investorlari bilan bogʻliq 3 mingga yaqin, raqobatga oid 30 dan ortiq ishlar koʻrilgan. Bu investorlarning huquqlarini sud himoyasining samarali tizimi yaratilishini taqozo etmoqda.

Qabul qilingan hujjat asosida qonunchilikda yangi sudlov tizimi — Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sudlov tarkibini tuzish belgilandi. Sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar va davlat organlari oʻrtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish vakolati belgilandi.

Investitsiyaviy tarkibning tashkil etilishi investorlar nizolarni hal qilish uchun turli sud instansiyalari oʻrtasida oylab sarson boʻlishlarining oldini oladi va ularning muammolari bitta sudda hal qilinishini taʼminlaydi. Shu bilan investorlarning odil sudlovga ishonchini kuchaytirish orqali respublikaning investitsiyaviy jozibadorligi ortishiga xizmat qiladi. Xorijiy mamlakatlar misolida bu amaliyot qoʻshni davlat — Qozogʻiston Oliy sudida tashkil etilgan investitsiyaviy tarkibini faoliyatida oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatmoqda. Shunday ekan, xususiy mulk huquqi qonun va sudning kafolatli himoyasida boʻlishi taʼminlanadi.

Endi yana bir masalaga eʼtibor qaratish lozim. Farmonning qabul qilinishi milliy huquq maktabi, huquqshunoslar, ilmiy jamoa, amaliyotchilar va sud-tergov organi xodimlar uchun katta masʼuliyat yuklaydi. Uning mohiyatini tushunish va toʻgʻri tatbiq etish, ijrosini amalda taʼminlash uchun targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish bilan birga, sud korpusi vakillari uchun alohida seminar-treninglar tashkil etish maqsadga muvofiq. Mazkur kurslarda sud-tergov organlari malakasini oshirish bilan birga, yangi tartib-taomillarni qoʻllash koʻnikmasini shakllantirishga erishiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon orqali sud tizimida koʻplab ijobiy oʻzgarishlar yuz beradi — tuman maʼmuriy sudlari oʻrniga tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etiladi, viloyatlarning barcha sudlari umumyurisdiksiya sudlari boʻlib birlashadi, dastlabki eshituv instituti joriy etiladi, prokurorlarning ayrim vakolatlari olib tashlanadi, sudlar mustaqilligi kafolatlari kuchaytiriladi, ularning moddiy taʼminlanganlik darajasi ortadi. Bularning barchasi pirovardida Oʻzbekistonda odil sudlovni taʼminlash, inson huquqlarini qoʻshimcha kafolatlash, sudlar faoliyatidan xalqimizni rozi qilish maqsadlariga xizmat qiladi.

Rahimjon HAKIMOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori,

yuridik fanlar doktori.

 

P/s. Farmon ijrosi doirasida:

  • Oʻzbekistonda maʼmuriy odil sudlov tizimi tashkil etiladi;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etiladi;
  • sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatiladi. Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi 2021-yil 1-yanvaridan bekor qilinadi;
  • “Bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etiladi;
  • Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sudlov tarkibi tuziladi;
  • Jinoyat protsessida dastlabki eshituv instituti tatbiq qilinadi;
  • prokurorlarning ayrim vakolatlari chiqarib tashlanadi;
  • sudlarning axborot-kommunikatsiya faoliyati takomillashtiriladi, ularning moddiy taʼminlanganlik darajasi ortadi.

Natijada Oʻzbekistonda odil sudlovni taʼminlash, inson huquqlarini qoʻshimcha kafolatlash va sudlar faoliyatidan xalqimizni rozi qilish maqsadlariga erishiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?