Odil sudlovga ishonchni oshirish — juda muhim masala

10:52 27 Iyul 2020 Jamiyat
160 0

Sud-huquq tizimini isloh qilish taraqqiyotimizning eng muhim ustuvorliklaridan biri ekani mubolagʻa emas. Chunki, fuqarolarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini taʼminlamay turib, erkinlik, demokratiya toʻgʻrisida gapirish qiyin.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda sud-huquq sohasida koʻplab oʻzgarishlar amalga oshirildi. Xususan, sud organlarini ixtisoslashtirish, sudyalarni lavozimiga tayinlash, qayta tayyorlash, ularning ijtimoiy va huquqiy maqomini yana-da oshirish boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻrildi.

Davlat tomonidan koʻrilayotgan bunday chora-tadbirlar sudyalar ishining sifati va tezkorligini taʼminlash imkoniyatini bermoqda. Natijada sud xatolarining soni, ishlarni koʻrish muddatlarini buzish hollari sezilarli darajada qisqarib bormoqda.

Shunday boʻlsa-da, odil sudlov sohasidagi barcha muammolar hal etildi degan fikrni qatʼiy ayta olmaymiz. Boisi, mamlakatimiz sud tizimidagi sansalorlik holatlari hamon uchrab turadi. Fuqarolar yillar davomida haqiqat izlab turli sud instansiyalari oʻrtasida sarson boʻlmoqda. Qonuniy kuchga kirgan sud hukmlari va qarorlarining turli sabablar bilan bir necha marta qayta koʻrib chiqilishi va bekor qilinishi holatlari sud protsessi ishtirokchilarida turli shubha-gumonlarni yuzaga keltirmoqda. Shu nuqtayi nazardan, ishlarning asosiy qismini yuqori sudlarda choʻzib yubormasdan joylarning oʻzida hal etishga erishilishi bugun dolzarb masalalardan biriga aylangan.

Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan sudlar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.

Farmonda sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Jumladan, viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar birlashtirilib, ularning negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda, yagona umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish belgilangan.

Ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda, respublikada samarali maʼmuriy odil sudlov tizimini yaratish koʻzda tutilgan.

Sudda ishlarni koʻrishda inson huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini amalda roʻyobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda dastlabki eshituv institutini joriy etish, prokurorning sudda ish koʻrilishi jarayonida ishtirok etish tartibini ilgʻor xalqaro standartlarga moslashtirish, ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali sud tizimiga “bir sud – bir instansiya” tamoyilini joriy etish va boshqalar muhim yangiliklar nazarda tutilgan.

Ushbu Farmon sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga, sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlarini bekor qilishga, investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasida boʻlishini taʼminlashga, shuningdek sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Samarali sud tizimiga ega boʻlishimiz nafaqat qonun ustuvorligini taʼminlash va adolat oʻrnatishga koʻmaklashadi, balki iqtisodiy jihatdan ham yuksak samara beradi. Mulkni va mulkdorni huquqiy jihatdan himoya qilish mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning mulk huquqini cheklashga har qanday urinishning oldini oladi, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi, fuqarolarning oʻz shaxsiy biznesini rivojlantirish va kengaytirishga boʻlgan ishonchini yana-da kuchaytiradi.

Oʻzbekistonda sudlarning ishi jamiyat uchun shaffof va ochiq, shu bilan birga, xolis boʻlishi kerak. Xolislikni taʼminlash uchun esa, jamoatchilik vakillarining sud ishini yuritishda ishtirok etishini taʼminlash hamda sudlarning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini yana-da mustahkamlash muhimdir.

Shuhrat SHARAFUTDINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?