Odil Ahmedov: “Xitoy taomlariga oʻrgana olmayapman, uyda oʻzbekcha ovqatlar pishiramiz”

15:07 05 Aprel 2019 Sport
317 0

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Rossiyaning “Izvestiya” nashriga intervyu berdi. Unda Xitoy va Rossiyadagi hayoti, futbolchilik faoliyati haqida soʻzlab berdi, deb yozadi Sputnik.

Maʼlumki, Odil Ahmedov 2016 yilda Xitoyning “Shanxay SIPG” klubiga oʻtgan edi. Undan oldin 6 yil davomida Rossiya chempionatida “Krasnodar” va “Anji” jamoalarida toʻp surgan.

Uning aytishiga qaraganda, Xitoyda uni juda yaxshi kutib olishgan. Unga qulay boʻlishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. U xitoyliklarning dunyoqarashini 3 yilda tushuna boshlagan, lekin baʼzi narsalarga haligacha oʻrgana olmayotgan ekan.

“Xitoy taomlariga haligacha oʻrgana olmayapman. Shu sababli oziq-ovqat mahsulotlarini Oʻzbekistondan olib kelaman. Uyda oʻzbekcha ovqatlar pishiramiz” , - deydi Axmedov.

U Olti yil davomida toʻp surgan Rossiya chempionatini ham iliq soʻzlar bilan xotirladi. 

“Rossiya chempionatida ham olti yil umrim oʻtdi. Bu vaqt mening xotiramda futbol faoliyatimdagi eng yorqin davr sifatida qoladi. Rossiya jamoalarida mening – Yevropa klublarida oʻynash orzuim ushaldi. Sizlarda futbol muxlislari juda zoʻr - ular har doim mening yonimda boʻlib, qoʻllab-quvvatlashga tayyor edi. Bu xotiralar juda qimmatli”, - dedi futbolchi.

Odil Axmedov hozir ham Rossiya premyer ligasidan takliflarni jon deb koʻrib chiqqan boʻlishini bildirgan. Uning aytishicha, ushbu mamlakatda avvalgi davrlardagiga qaraganda futbolchilar maoshi keskin oshgan.

Eslatib oʻtamiz, ikki yil oldin Ahmedov oʻzi tugʻilib oʻsgan Namanganda futbol akademiyasi ochgan edi. Yaqin orada ushbu maktab “Krasnodar” futbol maktabi bilan hamkorlik qilishni boshlaydi.

“Men uchun akademiyani sifatli rivojlantirish juda muhim. Kelajakda Oʻzbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqishini va uning tarkibida maktabimiz tarbiyalanuvchilari boʻlishini istayman. Bu har qanday puldan ham qimmat turadi”, - dedi Odil Ahmedov.

Futbol akademiyasi ochish uning tashabbusi boʻlgani, keyinchalik esa uni “Paxtakor” jamoasidagi doʻstlari qoʻllab quvvatlaganini ham taʼkidlagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?