Oddiy tarnovni ham hukumat qilib bersinmi?

16:25 12 Fevral 2020 Madaniyat
256 0

Saytimizda eʼlon qilingan tanqidiy maqolaga Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi munosabat bildirdi. Uni hech qanday tahrirsiz, asl holicha eʼtiboringizga havola qilgan holda munosabat sabab tugʻilgan ayrim mulohazalarni ham bayon etyapmiz.

“Xalq soʻzi ONLINE” saytida .”Holi zabun zabonsiz obidalar. Kundan-kunga tutday toʻkilib bormoqda” sarlavhasi bilan eʼlon qilingan maqola boʻyicha maʼlumot.

“Xalq soʻzi ONLINE” sayti muxbiri Istam Ibrohimovning .”Holi zabun zabonsiz obidalar. Kundan-kunga tutday toʻkilib bormoqda” sarlavhasi bilan eʼlon qilingan maqolasida afsuski, “Mavlono Assiri” madrasasi eshigiga qulf urilgani bois ichkariga kirishning imkoni boʻlmadi.Ammo eshik tirqishlaridan qarashning oʻzi kifoya: hovlisi tashlandiq, hujralar vayrona ahvolda. Yodgorlikning tashqi koʻrinishini-ku aytmay qoʻya qolaylik. “Davlat muhofazasiga olingan” degan yozuvni koʻrgan kishi esa taajjubdan yoqa ushlashi tayin deb yoritilgan.

Maʼlumot: Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi mazkur obyektni dinamik taʼsirlar natijasida avariya holatiga kelib qolganligi, koʻcha uysiz bezorilarning makoniga aylanmasligi hamda mahalliy obyekt atrofida yashovchi aholining “axlatxonasi”ga aylanmasligi uchun darvozasiga qulf osib qoʻyilgan. “Mavlono Assiri” madrasasini Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi ishchi-xizmatchilari tomonidan doimiy ravishda tozaligiga eʼtibor berib kelinayotganligini bildiramiz.

Bundan tashqari Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi bu bilan indamay qoʻl qovushtirib oʻtirgani yoʻq. Mazkur obyektlarni asrab qolish maqsadida Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi 2020-yil 
3-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamentiga 2020-yilning I choragida Buxoro viloyatidagi 20 (yigirma) ta obyektda reja asosida taʼmirlash-tiklash (restavratsiya) ishlarini amalga oshirilishi maqsadida mablagʻ ajratilishida amaliy yordam soʻrab 1-sonli xat yoʻllagan. Mazkur xatda “Mavlono Assiri” madrasasi joy olgan.

Modarixon xalq tilida “Qoʻsh madrasa”deb ataladigan ikki yodgorlikning biridir. U XVIasrda qurilgan.Ikki qavatli. Mahobatli. Nozik meʼmoriy yechimga ega. Ellikdan ziyod hujrasi bor. Aksariyati huvullab yotibdi. Baʼzi hujralar omborxonaga yoki axlatxonaga aylantirilgandek taassurot qoldiradi.Taʼmirtalab, abgor ahvolda.

— 1997-yildan buyon shu yerda oilaviy faoliyat koʻrsatib kelyapmiz, — deydi hunarmand Dmitriy Anisimov. — Rahmatli otam ishlagan ustaxonani oʻz kuchimiz bilan taʼmirladik. Ilgari bu yerda ustalar koʻp edi. Lekin inshoot tenderga qoʻyilgan, degan gap-soʻzlardan keyin ularning hafsalasi pir boʻldi. Ketib qolishdi. Agar hujralar xalq amaliy sanʼati ustalariga berilsa, ular bu yerni risoladagidek taʼmirlashgan, madrasa fayziga fayz qoʻshishgan boʻlur edi. Bunga ishonchim komil.

“Hunarmand” uyushmasi aʼzosi Dmitriyning aytishicha, madrasani tomosha qilgani sayyohlar tez-tez kelib turishadi. Ammo qulf urilgan yoki tashlandiq holda yotgan hujralar oldida turgan sayyohning koʻnglidan qanday oʻylar kechadi? U madaniy merosga boʻlgan bunday munosabatga qanday baho beradi? Oʻz yurtiga qanday taassurotlar bilan ketadi.

Maʼlumot: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2019-yil 29-30-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifida bergan topshiriklari hamda 30-mart kuni viloyat faollari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilish (4-apreldagi 7427-xx-sonli yigʻilish bayonining 30 bandi)ga asosan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash direksiyasiga Qoʻshmadrasa (Abdullaxon va Modarixon madrasalari)ni rekonstruksiya qilish va tegishli hududni obodonlashtirish topshirigʻi berilgan. Mazkur topshiriq boʻyicha yaqin kunlarda ishlar boshlanadi va sayyohlar koʻrib koʻzi quvonadigan yangi turistik marshruti obyektiga aylanadi.

Yana bir gap: Ayrim davlatlarda yuz, nari borsa, yuz ellik yil muqaddam qurilgan inshootlarni ham tarixiy obida sifatida asrab-avaylashadi, ular bilan faxrlanadi. Bizda esa oʻtmishi salkam ming yilga borib taqaladigan yodgorliklar oz emas. 900-yillik tarixga ega Namozgoh masjidini misol tariqasida keltirish mumkin. Tarixiy manbalarda juda obod, xushmanzara va fayzli maskan,deya taʼrif etilgan bu goʻsha afsuski,hozir achinarli ahvolda. Noyob meʼmoriy yodgorlik tutday toʻkilib boryapti. Darvoqe, bu haqda bundan yetti oycha muqaddam saytimizda maqola ham eʼlon qilgan edik. Ammo ahvol oʻzgargani yoʻq. Holbuki, bunday obyektlar sayyohlikni, xususan, ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Raddiya: Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2017-yil 11-avgust kuni Madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Hukumat komissiya majlisining 137-sonli bayoni tuzilgan.

Mazkur bayonning 1-ilovasida 2018-2027-yillar mobaynida Buxoro viloyatidagi moddiy madaniy meros obyektlarni loyihalash, konservatsiyalash, restavratsiya-tiklash boʻyicha manzilli dastur qabul qilingan boʻlib, yuqoridagi dasturida “Namozgoh” masjidi ham kiritilgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Buxoro viloyati hokimligining 2018-yil 21-aprelda tasdiqlangan Buxoro viloyatidagi sayyohlarni jalb qilish jihatidan yuqori salohiyatga ega boʻlgan moddiy madaniy meros obyektlari va ziyoratgohlarda amalga oshiriladigan taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha qoʻshma tarmoq jadvali tuzilgan.

Ushbu jadvalga binoan “Namozgoh” masjidini mukammal taʼmirlash 2022-2023-yillarda Respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan taʼmirlanishi maʼlum qilingan.

Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi bu bilan indamay qoʻl qovushtirib oʻtirgani yoʻq. Mazkur obyektlarni asrab qolish maqsadida Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi 2020-yil 3-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamentiga 2020-yilning I choragida Buxoro viloyatidagi 20 (yigirma) ta obyektda reja asosida taʼmirlash-tiklash (restavratsiya) ishlarini amalga oshirilishi maqsadida mablagʻ ajratilishida amaliy yordam soʻrab 1-sonli xat yoʻllaganligi koʻrsatib oʻtgan edik. Mazkur xatda Buxoro shahridagi “Namozgoh” masjidi ham joy olgan.

 

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida shu haqda alohida toʻxtalib, joriy yilda yurtimizga keladigan turistlar sonini 7,5 millionga yetkazish, katta salohiyatga ega ziyorat turizmini ham jadal rivojlantirish zarurligini taʼkidladi. Shunday ekan, ajdodlarimizning aql va zakovati mahsuli sanalgan har bitta masjid va madrasani, boy madaniy merosimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, ular holatini yaxshilash mavridi allaqachon keldi.

Maʼlumot: Mazkur Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida, Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan yangi turistik yoʻnalishga kiritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamentiga 2020-yil 30-yanvardagi 85-sonli xat bilan murojaat qilinganligini bildiramiz. Mazkur xatda Buxoro viloyatida joylashgan taʼmirtalab 22 (yigirma ikki)ta madaniy meros obyektlari roʻyxati yuborilganligini bildiramiz.

Buxoro viloyat Madaniy meros boshqarmasi

Men nima deymanu qoʻbizim nima deydi?

Avvalo, “Mavlono Assiri” madrasasi haqida.Uning dinamik taʼsirlar oqibatida avariya holatiga kelib qolganiga oʻzimiz sababchi emasmizmi?Tashqi taʼsirlar (qor, yomgʻir va hokazolar)dan davlat muhofazasiga olingan yodgorlikni kim asrab – avaylashi kerak edi?Uning eshigiga “uysiz bezorilarning makoniga aylanmasligi hamda mahalliy obyekt atrofida yashovchi aholining “axlatxonasi”ga aylanmasligi uchun” qulf osib qoʻyilgani toʻgʻrisidagi iddaoni oʻqib esa yumshoq qilib aytganda, hayron qolasan,kishi.Nahotki, Buxoroda uysiz bezorilar bor boʻlsa?!Nahotki, ular viloyat ichki ishlar boshqarmasidan nari borsa 100 metr narida joylashgan tarixiy obyektni “makon” tutishga jurʼat etishsa?!Nahotki,shu hududda yashovchi aholining saviyasi, dunyoqarashi tarixiy obidani “axlatxona”ga aylantirish darajasiga tushib qolgan boʻlsa?!

Qolaversa, biz ayrim tarixiy obidalar eshigini tunda ham ochib qoʻying, deganimiz yoʻq.

Endi Modarixon madrasasi haqida.Boshqarma bergan maʼlumotda qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining 2019-yil 29-30-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari hamda 30-mart kuni viloyat faollari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishga asosan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash direksiyasiga Qoʻshmadrasa yaʼni Abdullaxon va Modarixon madrasalarini rekonstruksiya qilish va tegishli hududni obodonlashtirish topshirigʻi berilgan.Tabiiyki, “tegishli hudud” deyilganida madrasa hovlisi, jumladan hujralar ham nazarda tutilgan.Lekin keraksiz buyumlar makoniga aylantirilganbaʼzi hujralarning ahvolini koʻrib, har qanday kishining ham yuragi achishi tayin.Biz oʻz chiqishimizda shunday noxush ahvol tasviri tushirilgan suratlarning ayrimlarini eʼlon qilgandik.Savol tugʻiladi:hujralarni risoladagidek tozalab, tartibga keltirish, sayyoh koʻrganda xijolat chekmaydigan holatga keltirish uchun 11 oy vaqt kerakmi?

Viloyat Madaniy meros boshqarmasining 2020-yil 
3-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamentiga 2020-yilning I choragida Buxoro viloyatidagi 20 ta obyektda reja asosida taʼmirlash-tiklash (restavratsiya) ishlarini amalga oshirish maqsadida mablagʻ ajratilishida amaliy yordam soʻrab 1-sonli xat yoʻllaganligi hech bir kinoyasiz, tahsinga loyiq, albatta.Bu xat har holda natijasiz qolmas. Har tugul birinchi chorakning ham yarmi ortda qoldi.

Endi “Nomozgoh” masjidi haqida.Munosabatda uning 2018-2027-yillar mobaynida Buxoro viloyatidagi moddiy madaniy meros obyektlarni loyihalash, konservatsiyalash, restavratsiya-tiklash boʻyicha manzilli dasturga kiritilgani, qoʻshma tarmoq jadvaliga koʻra, “Namozgoh” masjidini mukammal taʼmirlash 2022-2023-yillarda respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan taʼmirlanishi maʼlum qilingan.Demak, yodgorlikning mukammal taʼmirlanishi uchun yana kamida ikki yil vaqt bor.Binobarin, uning hozirgi holati yana-da abgor koʻrinishga kelmasligi toʻgʻrisida qaygʻurish kerak emasmi?Bunday deyishimizning boisi bor.Jilla boʻlmasa, Modarixon madrasasi yoki “Nomozgoh”ning tom qismiga chiqqan kishi gap nima haqida borayotganini tushunadi.Negaki, tomdagi ayrim tarnov (nova)lar yaroqsiz ahvolga kelgan.Yomgʻirli kunlarda chakki obidaning devor qismiga qarab oqayapti. Devorlarga ziyon yetayapti.Bunaqada yodgorlikning umriga umr qoʻshilmaydi, albatta.Uning xuddi “Mavlono Assiri” madrasasiga oʻxshab avariya holatiga kelishi ham hech gap emas.Qolaversa, uni taʼmirlash davlat uchun yana-da qimmatga tushadi.Shunday ekan, oddiy tarnovni ham hukumat kelib oʻrnatib bersinmi, degan savol tugʻiladi.

Mabodo, uyimizdan chakki oʻtsa, zudlik bilan chorasini koʻramiz.Nega 400, 700 va hatto 800- 900-yillik tarixga ega, ajdodlarimizning aql – zakovati mahsuli boʻlgan bebaho yodgorliklar taqdiriga befarqmiz, nima uchun yuragimiz “jiz” etmaydi.Nega oddiy yumushlarni ham qilishga fursat topmaymiz, jazm etmaymiz?

Gap shundaki,12-fevralga oʻtar kechasi Buxoroda kuchli yomgʻir yogʻdi. “Nomozgoh” shaharning goʻzal goʻshaga aylanayotgan qismida joylashgan. Birrov shu masjidiga kirib oʻtdik.Bu yerda tasodifan nuroniy bir otaxonni uchratdik.”Bu qadimiy yodgorlikni ziyorat qilgani tez – tez kelib turaman,- deydi u.- Ahvoliga qarab achinasan, odam.Sizga yolgʻon, menga chin: kechqurun yomgʻir sharros quyganda uyda mijja qoqmay chiqdim. Yomgʻir “Nomozgoh”ning emas, mening ustimga yoqqandek tuyulaverdi... Koshkiydi, yigitlikdagi kuch – quvvatim qaytsa – yu loaqal tomga chiqib, tarnovlarni risoladagidek oʻrnatib qoʻysam”.

Nazarimizda, otaxoning bu soʻzlari “Biz qoʻl qovushtirib turganimiz yoʻq” deya iddao qilayotganlarga berilgan eng yaxshi bahodir!

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?