Odamlarning daromadini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, investitsiyalar jalb qilish sanoat rivoji bilan chambarchas bogʻliq. Shuning uchun sanoat masalalari bundan buyon ham doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi – Prezident

19:06 12 Avgust 2020 Siyosat
382 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-avgust kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Sanoat korxonalari iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, ish oʻrinlarini saqlab qolish va yangilarini yaratishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois pandemiyaga qaramasdan mamlakatimizda bunday korxonalarning uzluksiz ishlashi uchun sharoitlar yaratib berildi.

Buning natijasida yilning birinchi yarmida “Oʻzeltexsanoat”, “Oʻzavtosanoat”, toʻqimachilik, charm-poyabzal, metallurgiya, elektr energiyasi tarmoqlarida oʻsishga erishilgan. Qoʻrgʻontepa, Qumqoʻrgʻon, Romitan, Muzrabot, Izboskan, Norin va Yangibozor tumanlarida sanoat ishlab chiqarish hajmi bir necha barobar koʻpaygan.

Lekin, umumiy hisobda olganda, birinchi yarim yillikda sanoat mahsuloti hajmi 167 trillion soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilgiga nisbatan 1,9 foizga kamaygan.

Tahlillarga koʻra, qolgan olti oyda 229 trillion soʻmlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarib, yil yakunigacha bu boradagi koʻrsatkichni 3,5 foizga oshirish uchun barcha imkoniyatlar bor. Buning uchun hozirgi murakkab va favqulodda holatdan kelib chiqib, sanoat siyosati, ish uslubi va yondashuvlarni oʻzgartirish, raqobatbardosh tovarlar zanjirini tashkil etish zarur.

Videoselektor yigʻilishida shu boradagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Eng avvalo, hududlar va tarmoqlar yaqin hamkorlikda ishlashi muhimligi taʼkidlandi.

Misol uchun, Qoraqalpogʻistonda ikkinchi yarim yillikda 7,8 trillion soʻmlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 5 ta yirik loyihani foydalanishga topshirish moʻljallangan. Toʻqimachilik, kimyo tarmoqlaridagi bu loyihalar hisobidan 500 ta yangi ish oʻrni tashkil etiladi.

Xuddi shunday, Toshkent shahri va viloyatlarda ham katta rejalar belgilangan.

Davlatimiz rahbari ularga birma-bir toʻxtalib, sanoat korxonalarida ishlab chiqarish marralarini kafolatli taʼminlash va investitsiya loyihalarini yakunlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Tarmoq va hududlarning oʻzaro hamkorligiga masʼul ishchi guruh tuzib, hududlarga chiqqan holda, korxonalarning muammolarini hal qilish va qoʻshimcha zaxiralarni safarbar etish orqali sanoat ishlab chiqarish hajmini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz “sanoat klasterlari”ni yoʻlga qoʻyish masalasiga alohida ahamiyat qaratdi.

Misol uchun, Namanganda toʻqimachilik va u bilan bogʻliq tarmoqlar, Navoiy viloyatida qurilish va bezak materiallari, Toshkent viloyatida farmatsevtika, Toshkent shahrida elektronika va mebel boʻyicha “sanoat klasterlari”ni tashkil etish uchun tadbirkorlik muhiti shakllangan. Lekin, shu bilan birga, raqobatdosh mahsulot chiqarish uchun klasterda ilm, innovatsiya, loyiha, moliya, injiniring va investitsiya tashkilotlari boʻlishi kerak.

Bosh vazir oʻrinbosariga ushbu tizimni yoʻlga qoʻyish, har bir hududda “sanoat klasterlari”ni tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Pandemiya oqibatida 11 mingta sanoat korxonasining daromadi tiklangani yoʻq. Ularning asosiy qismi toʻqimachilik, oziq-ovqat, mebelsozlik, metall buyumlar, qurilish materiallari korxonalaridir.

Shu bois, toʻliq quvvatda ishlamayotgan korxonalarni jonlantirish, ularga borib, xomashyosi, aylanma mablagʻi, mahsulot bozori bilan bogʻliq masalalarga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi. Hokimlar sanoat bilan shaxsan shugʻullanishi kerakligi taʼkidlandi.

Iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash, barcha loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi. Rejadagi 133 ta loyiha ishga tushmagani, yana 261 tasi toʻliq quvvatga yetmagani, oqibatda 1,1 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilmay qolgani koʻrsatib oʻtildi. Bu boradagi kamchiliklar viloyatlar kesimida tahlil qilinib, ularni hal etish choralari belgilandi.

Pandemiya davrida mahsulotni namoyish qilish imkoniyati cheklangani bois Elektron kooperatsiya portalidan keng foydalanish muhimligi taʼkidlandi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan barcha tovarlarni ushbu kooperatsiya portaliga joylashtirish, uning maqomi va savdo hajmlarini keskin koʻtarish boʻyicha topshiriq berildi.

– Odamlarning daromadini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, investitsiyalar jalb qilish sanoat rivoji bilan chambarchas bogʻliq. Shuning uchun sanoat masalalari bundan buyon ham doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi, – dedi Prezident.

Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari, sanoat tarmoqlari rahbarlari va hokimlar axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?