Odamlarni “qiyratgan” soxta DXX xodimi va “polkovnik” qoʻlga olindi

15:31 13 Dekabr 2018 Jamiyat
655 0

Illyustrativ foto

1955 yili Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida tugʻilgan J.M. mahalliy fuqaroga oʻzini Mudofaa Vazirligining maxsus operatsiyalar boʻlimidan polkovnik, deb tanishtirib, uni kelgusida Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga ishga joylashtirib qoʻyishni vaʼda qiladi va evaziga 8 ming AQSH dollari soʻraydi, deb yozadi “OʻzA”.

U Qamashi tumani Iftixor koʻchasida joylashgan “Hunarmand” oshxonasida yuqorida qayd etilgan 8 ming AQSH dollaridan 4 mingini olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Tezkor tadbir davomida uning yonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining maxsus operatsiyalar boʻlimi, polkovnik J.M. nomiga soxta maʼlumotlar bilan yozilgan qalbaki xizmat guvohnomasi topildi.

Bundan tashqari, oʻzini DXX xodimi deya tanishtirib, odamlar ishonchiga kirgan va hokimiyat idoralari bilan bogʻliq muammolarini hal qilib berish evaziga tovlamachilik qilib, ularning pulini olish bilan shugʻullangan Xiva shahrida yashovchi 39 yoshli D.R.ning ham noqonuniy xatti-harakatlariga chek qoʻyildi.

Aniqlanishicha, D.R. bir necha fuqaroga yer uchastkalari ajratib berilishida yordamlashishni vaʼda qilib, ulardan jami 100 ming dollardan ortiq miqdorda pul olgan.

Hozirda M.J. hamda D.R.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- va 211-moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?