Odamlar rozi bo‘lgan joyda qut-baraka bo‘ladi

09:35 23 May 2018 Jamiyat
239 0
Foto: president.uz

Davlatimiz rahbarining xalq bilan muloqot qilish, joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida 19-20 may kunlari Andijon viloyatiga qilgan tashrifini yurtdoshlarimiz ommaviy axborot vositalari orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi. Ayniqsa, Prezidentimizning viloyatda 50 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish belgilanganligi hamda shu orqali aholi turmush farovonligini yuksaltirish ko‘zda tutilgani borasida bildirgan fikrlari andijonliklarni to‘lqinlantirib yubordi. Ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.

Buni ulardan ayrimlarining quyidagi dil so‘zlaridan ham bilish mumkin.

Roziyaxon OTABEKOVA,
Andijon tumanidagi “Milana textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari:

— Dastlab o‘z xonadonimda besh nafar ishchi bilan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygandik. O‘tgan yillar mobaynida faoliyatimizni muttasil kengaytirib borishga harakat qildik. Bunda xalqaro tajribani chuqur o‘rgandik. Mahalliy hokimiyat ko‘magi bilan foydalanilmayotgan uch qavatli binoni mukammal ta’mirlab, zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi barpo etdik. Ayni paytda korxonamizda 220 nafar xotin-qiz mehnat qilayapti. Ular tomonidan tayyorlanayotgan 20 turdan ortiq bejirim liboslarning 80 foizini eksportga yo‘naltirmoqdamiz. Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va imtiyozlar muvaffaqiyatlarimizning yagona omili bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining korxonamizga tashrif buyurib, yutuqlarimiz bilan tanishish chog‘ida “Har bir oila — tadbirkor” dasturi konsepsiyasini viloyatimizda tatbiq etish borasida bildirgan takliflari hammamizni ruhlantirib yubordi.

Ayni paytda viloyatimizda 738 mingta oila mavjud. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu g‘oya ro‘yobga chiqarilishi bilan shuncha xonadon doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi. Aslida, biz, andijonliklar azaldan mehnatkash hamda tadbirkormiz.

Muhammadjon DADAJONOV,
Asaka tumanidagi “Sabo hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari:

— Davlatimiz rahbarining 2017 yil 2-3 iyun kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida Asaka tumanida gidroponika usulida banan va pomidor yetishtirish loyihasi taqdimotini qilgan edik. O‘shanda Prezidentimizning mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlashi menga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. Natijada qisqa vaqt mobaynida zamonaviy issiqxona majmuasini ishga tushirdik. Ushbu mavsumning o‘zida 1 gektar maydonda barq urayotgan pomidor ko‘chatlaridan 300 tonna hosil olish hamda qo‘shni davlatlarga eksport qilishni rejalashtirayapmiz. 2 gektarlik bananzor mamlakatimizda yagona bo‘lib, uning barpo etilishi import hajmini qisqartirib, eksport faoliyatini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Biz parvarishlayotgan bananning pakana navi turdoshlaridan dastlabki yilning o‘zida meva bera boshlashi bilan farqlanadi. Shirinligi va quvvatlilik darajasining yuqoriligi bilan ajralib turadi. Ayni paytda issiqxonamizga 5000 tup ko‘chat ekildi. Ularning har biridan 50 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Ya’ni shu yilning o‘zida 400 ming AQSh dollarigacha daromad ko‘ramiz. Indoneziyada o‘suvchi bu o‘simlik tez ko‘payishi bilan ham ahamiyatlidir. U har yili beshtagacha ko‘payadi. Demak, kelgusi yili bog‘imiz 5 barobar kengayadi.

Davlatimiz rahbarining issiqxonamizga tashrif buyurib, faoliyatimizni yanada kengaytirish borasida bildirgan tavsiyalari zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Qolaversa, Prezidentimizning biz kabi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, istiqbolli loyihalarimizni amalga oshirish uchun yaqindan ko‘mak berayotganligi barchamizni yanada shijoat bilan mehnat qilishga undadi. Yangi rejalar esa yangi marralar sari yetaklaydi. Demak, muvaffaqiyatlarimiz hali oldinda.

Sharofatxon OBIDOVA,
Ulug‘nor tumanidagi “Shahriobod” MFYda istiqomat qiluvchi uy bekasi:

— Ba’zan erta tongda derazadan tashqariga qarayman. Ozoda, saranjom ko‘chalar, chaman ochilgan gullar, bolalar kulgisidan fayzga to‘lgan maydoncha, zamonaviy, ko‘rkam uyimiz, qo‘yingki, bizni o‘rab turgan mana shu manzaraning go‘zalligidan kayfiyatim ko‘tariladi. Boisi Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi doirasida mahallamiz qiyofasi qisqa fursatda tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Hududimizdagi mavjud 24 ta ko‘p qavatli uy, bolalar bog‘chasi hamda maktab kapital ta’mirdan chiqarildi. Turarjoy tomlari yangilanib, shifer bilan qoplandi. Yoritish chiroqlari va dam olish o‘rindiqlari o‘rnatildi. 7,3 ming kvadrat metr maydonga beton qoplama yotqizildi. Kelgusida 150 o‘rinli to‘yxona, hammom, savdo markazlari, qandolatchilik hamda tikuvchilik sexlari barpo etilib, yangi ish o‘rinlari yaratilar ekan. Eng muhimi, dunyoqarashimiz, hayotga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgardi. Endi biz ham jamiyatning to‘laqonli a’zosimiz. Samarali mehnat qilib, yurtimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

«Xalq so‘zi» muxbiri
Saminjon HUSANOV
yozib oldi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?