Odamlar nima deydi?

17:35 11 Fevral 2019 Jamiyat
1137 0

“Xalq soʻzi Online”. Umid Soriyev/Samarqand. Nurobodning “Hazrati Dovud” ziyoratgohi yonginasida Uyrugʻul degan qishloq bor. Qariyb ikki yuzga yaqin xonadonlarda bugun 1700 dan oshiq fuqarolar istiqomat qiladi. Qishloq ahli chorvador. Lalmikor dehqonchilik bilan ham shugʻullanishadi. Soʻnggi yillardagi global iqlim oʻzgarishiyu tabiat injiqliklari bu yerdagi dehqonchilik muhitiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Chunki tirikchiligi dehqonchiligu chorvachilikdan boʻlgan mana shu qishloq togʻlari bir paytlar yozning chillasida ham qorga burkanib, soylaridan pishqirib suvlar oqardi. Bugun esa qishloq ahlini koʻpgina ijtimoiy muammolar singari elektr energiya, suyultirilgan gaz, yoʻl infratuzilmasi va eng asosiysi — toza ichimlik suvi muammolari qiynab kelmoqda.

Suv muammosi qachon hal boʻladi?!

— Tumanimiz hokimi 9 ta hududga sektor rahbari, siz aytayotgan “Oqsoy” MFYga qarashli “Uyrugʻul” qishlogʻi ham shu hududga kiradi, — deydi tuman hokimi oʻrinbosari Samat Elmurodov. — Belgilangan “Yoʻl xaritasi” boʻyicha fuqarolarimiz tomonidan bildirilayotgan muammo va kamchiliklarni iloji boricha hal etishga harakat qilyapmiz. Ichimlik suvi masalasida, tan olish kerak, bu qishloqdan-da ogʻir hududlarimiz ham bor...

Qishloqda aholini qiynayotgan eng katta muammo, bu — toza ichimlik suvidir. Fuqaro Asaloy Elmurodovaning aytishicha, bor-yoʻgʻi, bittagina artezian qudugʻi nomigagina mavjud. Oqibatida odamlar soydagi loyqa suvni tindirib ichmoqda. Togʻdan jildirab oqayotgan bu suv ham bir oydan soʻng toʻxtasa, keyin suvni qoʻshni qishloqlardagi artezianlardan pul sarflab transportda tashishga majbur boʻlishadi.

Eng achinarlisi, ular ancha yillardan beri shu muammolar girdobida yashab kelmoqdalar. Oqar suvning bir joyda toʻplanib qolishi, ifloslanishi oqibatida esa hudud biologik muvozanati tobora buzilmoqda. Natijada bu yerda gepatit (sariq) kasalligi avj olgan. Mazkur xastalik, ayniqsa, yosh goʻdaklarda koʻp uchramoqda.

Qishloqdagi 12-maktab qorovuli Mirjalol Imomov bir loyihani anchadan beri oʻylab yurganini aytib qoldi. “Agar sektor rahbarlari yordam berishsa, oʻzimga qonuniy xususiylashtirib berilgan sobiq eski maktab hovlisidan artezian qudugʻi kavlashim mumkin. Buyam harna-da”, deydi u kishi.

Shamol boʻlmasa...

— 34 yil maktabda dars berdim, — deydi nafaqadagi adabiyot oʻqituvchisi Islom Xudoyorov. — Bizni elektr taʼminotidagi muammolar qiynayapti. Kunduzi oʻchadi, kechasi yonadi. Transformatorlar eskirgan. Tok past. Qattiqroq shamol boʻlsa, oʻchadi-yu, keyin umuman yonmaydi. Baʼzida kechalari sham yoqib boʻlsa ham nevaralarimning dars tayyorlashiga koʻmaklashaman. Koʻzim oʻtmaydi. Qiynalaman. Yuragim ezilib, dardimni ichimga yutaman. Yaqinda “Oqsoy” MFYda tumanimiz hokimi aholi bilan sayyor yigʻilish oʻtkazib, muammolarni muhokama qilibdi. Aytishlaricha, elektr simlariyu transformatorlar yangilanarmish...

Gaz balloni necha litrlik?

Haydovchi Shomurod Xudoyorovning gapiga qaraganda, qishloqqa har ikki oyda keladigan suyultirilgan gaz miqdori va narxida ham nomutanosiblik bor. Birinchisi 40 litrlik ballondagi gaz miqdorining 30 litr ham chiqmasligi boʻlsa, ikkinchisi naqd 21 ming soʻmdan sanab olayotgan gaz taʼminoti xodimining 19 ming yozilgan qayd kitobiga imzo qoʻydirayotganida. Mabodo, kimdir eʼtiroz bildirib qolgudek boʻlsa, xunobi oshgan gaz tarqatuvchi boshini changallab, yoʻlning uzoqligiyu sifatsizligi bilan bahsga yakun yasab qoʻya qolarkan. Tuman gaz idorasining rahbari Asliddin Yunusovning aytishicha, tuman boʻyicha qariyb 15 ming xoʻjalik boʻlsa-da, ularning ixtiyorida, bor-yoʻgʻi, 4 ta suyultirilgan gaz tashuvchi mashina mavjud.

Hudud jihatidan juda katta boʻlgan Nurobodga atigi toʻrtta mashina kam ekanligini tan olgan mutasaddi, qish mavsumida gaz tarkibidagi kondensat ogʻir boʻlishini, muzlashi oqibatida parlanmasligi va pastga choʻkishini aytadi. Ajabki, tashkilot rahbarining xodimlari 40 litrli suyultirilgan gaz balloni uchun qishloq aholisidan 19 ming soʻm oʻrniga 21 ming soʻmdan haq olayotganidan xabari yoʻq ekan. Lekin kelgusida bu masalani chuqur oʻrganib, aybdorlarga chora koʻrishga vaʼda berdi.

Tomi choʻkayotgan uy

Taqdir yukidan uvoqqina boʻlib qolgan Fazilat Rasulovaning omonatdek uyi biydek dalaning oʻrtasida. Uy ostonasidagi uch tup yalangʻoch daraxt qadoq qoʻllarini koʻkka choʻzib xitob qilayotgan manzarani eslatadi. Atigi ikkita moʻjazgina xonadon. Birida kelini va oʻgʻli yashasa, ikkinchisida boʻy yetib qolgan ikki qizi bilan oʻzi yashaydi. “Dard ustiga chipqon” deganlaridek, katta qizi ham yaqinda turmushidan ajrab qaytdi. Oilaning shu qadar nochor va kam taʼminlanganini ularning yashash sharoitidan anglash qiyin emas. Roʻzgʻor xarajatlari oʻzining 220 ming soʻmlik pensiyasiyu oʻgʻlining kunlik yollanma ishlardan topayotgan daromadidan qoplanadi. Doimiy ish boʻlmagach, chorasiz odam nima qilsin? Buyam bugun boʻlsa, ertaga yoʻq.

— Kelinim ogʻiroyoq, bitta oʻgʻilchasi qoʻlida, oʻzim kasalmandman, dori-darmon kerak, oʻgʻlimning qoʻli kalta, ruhan ojiz, nima qilay, — deydi onaxon zorlanib. — Kredit soʻrab murojaat qilay desam, holim yoʻq. Na hokim, na uning oʻrinbosarlari holimizdan xabar olmaydi. Xayriyat, yaqinda mahalladan Gulsin Mustafoyeva ismli ayol turmush tarzimizni oʻrganib, hol soʻrab ketdi. Prezidentimiz rahbarlarga “Quyi boʻgʻinga tushinglar, odamlardan xabar olinglar, uyma-uy yuringlar, dardu hasratlariga quloq tutinglar”, deyapti-ku axir! Nega ostonamga hech kim kelmaydi? Suyultirilgan gaz olish uchun shartnoma toʻloviga 119 ming 500 soʻm pulni qayerdan olay! Mana, oʻtinga ovqat va uyni isitib oʻtiribmiz.

Yaqinda kelinim va oʻgʻlim tuman FHDYOsiga nikohini qonuniy rasmiylashtirish uchun borishsa, besh yuz ming soʻm atrofida toʻlovi borligini aytishibdi. Bu pulni biz qayerdan olamiz?! Oʻzi zoʻrgʻa kun kechirayotgan boʻlsak...

70 ta ayol qatnab ishlaydi

— Qishlogʻimizda yetmishga yaqin ayol doimiy ish bilan taʼminlangan, — deydi “Oqsoy” MFYda xotin-qizlar boʻyicha mutaxassis boʻlib ishlovchi Gulsin Mustafoyeva. — 40 ta ayol Samarqand shahridagi 8-Mart fabrikasida ishlab, oʻrtacha 500 — 600 ming maosh oladi. 30 ga yaqin xotin-qizlarimiz esa poybzal ishlab chiqarishga moʻljallangan “Mironqul” MCHJda faoliyat koʻrsatadi. Ular ham oʻrtacha 800 — 900 ming atrofida maosh oladi. Barchasi oʻz korxonalari tomonidan taʼminlangan avtobuslarda ishga qatnashadi. Agar oʻzimizda, yaʼni qishlogʻimizda davlatimiz rahbari taʼkidlayotganlaridek, ishlab chiqarish sharoitlari yaratilsa, tikuvchilik, kasanachilik va shunga oʻxshash tadbirkorlik subyektlari ish boshlasa, nima keragi bor edi ularning qatnab ishlashining? Bu haqda tegishli mutasaddilar, sektor rahbarlari oʻylab koʻrishsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi.

Qishloq vrachlik punkti yoʻq. Bolalar bogʻchasi yoʻq... Hatto toʻp tepadigan oddiy maydoni yoʻq qishloq yoshlari qoʻshni qishloqqa futbol oʻynagani ketayotganini koʻrdim, desam ishonasizmi? Aholi esa madaniy hordiqni oʻshshaygan togʻlar va lojuvard osmonda suzib yurgan bulutlarga qarab chiqararkin, desam-chi?

Xullas, “Oqsoy” MFY ga qarashli “Uyrugʻul” qishlogʻida odamlarni qiynab kelayotgan muammolaru ularning javobsiz savollari juda ham koʻp ekan. Xoʻsh, ushbu masala yuzasida mutasaddi sektor rahbari nima derkan?


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?