2019-yil 30-dekabr kuni Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

14:34 30 Dekabr 2019 Jamiyat
439 0

Uni Milliy komissiya raisi, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda Milliy komissiya aʼzolari, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Majlis kun tartibi doirasida Milliy komissiya tomonidan joriy yilda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi, shuningdek uning faoliyatiga oid istiqboldagi ustuvor yoʻnalishlar va vazifalar koʻrib chiqildi.

Milliy komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyulda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq tuzilgani qayd etildi.

Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida Milliy komissiya tomonidan aniq maqsadga qaratilgan ishlar olib borildi. Milliy komissiya va kichik komissiyalar faoliyatini tartibga soladigan nizomlar tasdiqlandi, joylarda hududiy komissiyalar tuzildi, ularning ishlashi uchun barcha huquqiy asoslar yaratildi.

Milliy komissiya va uning kichik komissiyalari, hududiy komissiyalar tizimli ishlashini yoʻlga qoʻyishga, davlat tashkilotlari va jamoat tashkilotlarining bu yoʻnalishdagi hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan choralar koʻrildi. Jumladan, 2019-2020-yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) tasdiqlandi.

Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSH davlat departamenti, “Cotton Campaign” va “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotlari tavsiyalarini inobatga olgan holda odam savdosi va majburiy mehnat sohasida Oʻzbekistonning pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

Milliy qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha muayyan ishlar olib borildi. Jumladan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻyganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqilib, joriy yil 14-dekabrda Senat tomonidan maʼqullandi.

Bundan tashqari, xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Majlis doirasida ushbu qonun loyihasi taqdimoti oʻtkazildi. Muhokamada Milliy komissiya aʼzolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda Ichki ishlar vazirligiga qonun loyihasini takomillashtirish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, xorijda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklari himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar dasturi ijrosi muhokama etildi. Odam savdosiga qarshi kurashish hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiyalarning hisobotlari eshitildi.

Milliy komissiya faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga rioya etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlardan keng jamoatchilik, shu jumladan xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish maqsadida tasdiqlangan media-reja tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan faoliyat toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalari tomonidan xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish ishlari haqida ham soʻz yuritildi.

Shu bilan birga, Milliy komissiyaning rasmiy veb-saytini ishga tushirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Muhokama chogʻida bildirilgan fikrlar va takliflar hisobga olinib, Milliy komissiya faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari va istiqboldagi vazifalari belgilab olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?